Jamiyat | 10:36 / 04.03.2021
11640
3 daqiqa o‘qiladi

G‘ozg‘on shahrida ishlovchi xodimlarning ish haqiga tuman koeffitsiyenti bo‘yicha ustama to‘lanmayotgani ma'lum bo‘ldi

Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahrida ishlovchi xodimlarning ish haqiga tuman koeffitsiyenti qo‘shib hisoblanmayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda hududda yashovchi fuqarolar viloyat ma'muriy sudi hamda Adliya boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan sayyor qabulda murojaat qilishgan.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on shaharchasini G‘ozg‘on shahri etib o‘zgartirish, G‘ozg‘onni viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida» 2019 yil 3 maydagi (!) SQ-419-III-son qaroriga muvofiq Navoiy viloyati bo‘ysunuvidagi G‘ozg‘on shahri tashkil etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi «Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 743-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, Tuman koeffitsiyentlari, shuningdek, yillik qo‘shimcha ta'tilning eng kam muddati qo‘llanadigan tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylar ro‘yxati tasdiqlangan. Mazkur ro‘yxatga Navoiy viloyatining barcha tuman va shaharlari (G‘ozg‘ondan tashqari) kiritilgan.

Unga ko‘ra, Navoiy viloyatida ishlovchi xodimlar ish haqiga tuman koeffitsiyentlari bo‘yicha tegishli miqdorlarda ustama va qo‘shimcha mehnat ta'tili kunlari belgilangan.

Masalaning ahamiyatli jihati shundaki, G‘ozg‘on shahri mehnatkashlariga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Navoiy viloyati tarkibida G‘ozg‘on shahar hokimligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 584-son qarori qabul qilinguniga qadar Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 20 apreldagi 200-sonli qaroriga asosan tuman koeffitsiyenti bo‘yicha ustamalari to‘lab kelingan.

Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyat ma'muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga hukumatning tegishli qaroriga qo‘shimcha kiritish haqida taklif yuborilgan.

Kun.uz Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan G‘ozg‘on shahrida ishlovchi xodimlarning manfaatlarini nazarda tutuvchi hujjat loyihasini tayyorlash va hukumatga kiritishda tashabbus ko‘rsatilishini so‘rab qoladi.

Dilshod Abduqodirov

Ruslan Saburov

Mavzuga oid