Jamiyat | 17:28 / 04.03.2021
24291
12 daqiqa o‘qiladi

«Somsaxonaga uchrab, do‘kon kerak deysiz...» - Andijon shahrida hokim qarori bilan ajratilgan yer maydonlari bo‘lib-bo‘lib sotilganmi?

Yer sotish sindromi. Bu ibora ko‘pchilikka, ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa mutasaddi tashkilotlarga yaxshi tanish. Telegram’dagi Muxbir Daliyev kanalida bu mavzuda qator postlar e'lon qilindi.

Bloger postlaridan birida shahar hokimi qarori bilan ajratilgan katta yer maydoni bo‘lib-bo‘lib sotilgani haqida yozadi.

«Andijon shahar, «Safoiy» MFY hududidagi Aylanma halqa yo‘li bo‘yida joylashgan 2 327 kv.m. yer maydoni Andijon shahar hokimining 18.05.2020 yildagi 240-Q sonli qaroriga asosan fuqaro I.O.ga prezidentning 27.07.2018 yildagi «Yoshlar kelajagimiz Davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-5466-sonli farmoniga asosan maishiy xizmat ko‘rsatish va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish binosi qurish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratib berilgan.

 Keyinchalik mazkur yer maydonlari 500 kv. metrdan bo‘lingan holda, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida 15.000 AQSh dollaridan sotilishi to‘g‘risida e'lon qo‘yilgan.

Bu nag‘malarning ortida kim turibdi?

 Butun mamlakatimizda yer ajratish faqat auksion orqali belgilanganiga, mana, ikki yildan ortiq vaqt o‘tdi.

 Biroq, kelayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, faqat Andijon shahrida yer ajratilishining noan'anaviy uslublari yaratilmoqda», deyiladi xabarda.

Bloger navbatdagi murojaatida yanada qiziqroq ma'lumotni e'lon qiladi.

 «Bu galgi murojaatimiz Andijon shahar Mustaqillik shohko‘chasida joylashgan do‘konlar majmuasi to‘g‘risida.

Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovning 2020 yil 24 fevral kungi №111-Q sonli qaroriga asosan, fuqaro Muhammadsodiq Umarovga Andijon shahar «Hunarmand» MFY Mustaqillik shohko‘chasi bo‘yidan 780 kv.m. yer maydoni «Yoshlar kelajagimiz Davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-5466-sonli farmoniga binoan «Yoshlar mehnat guzari» qurish uchun ajratib berilgan.

 Demak, ushbu do‘konlar o‘rnida aslida «Yoshlar guzari» bo‘lishi kerak edi. Va hunarmand yoshlar ushbu manzilda o‘z ish faoliyatini davom ettirishi va rivojlanishi kerak edi. Ammo buning o‘rniga bugungi kunda 30ta savdo do‘konlari qurilib, har biri ko‘cha bahosida 15 000 AQSh dollaridan sotilmoqda...

... Qanday topamiz deysizmi? O‘sha do‘konlar qatorida «Somsaxona» bor. «Somsaxona»ga uchrab, «do‘kon kerak edi» desangiz bo‘ldi. Sizni ular topishadi...», deyilgan xabarda.

Bundan tashqari, sahifada Andijon shahar 3-kichik daha hududidan o‘tishi rejalashtirilgan, shuningdek, Andijon shahar Navro‘z majmuasining qarshisidagi MACRO supermarketi yon qismidagi loyihaviy yo‘l o‘rni bo‘lgan yer maydoni ham sotilgani xususida xabarlar e'lon qilindi.

Muallif o‘z murojaatlarida Bosh prokuratura, viloyat prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Kadastr agentligi hamda Qurilish vazirligidan rasmiy munosabatlar kutishini ta'kidlab o‘tgan. Biroq, blogerning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozircha hech bir idoradan tayinli javob olmagan.

Kun.uz o‘ndan ortiq postdan 4tasi bo‘yicha Andijon shahar prokuraturasi hamda Yer resurslari va kadastr bo‘limi mutasaddilaridan izoh oldi.

Jumladan, Andijon shahri prokurori o‘rinbosari Bahrom Usmanov ijtimoiy tarmoqda e'lon qilingan xabarlar yuzasidan idoralararo surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirdi.

Bahrom Usmanov

 «Ijtimoiy tarmoqlarda «yer sotish sindromi» turkumida qator maqolalar e'lon qilindi. Shu munosabat bilan shahar prokuraturasi tomonidan soha mutaxassislari jalb qilingan holda ishchi guruh tuzilib, har bir holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha prokuror nazorati ta'minlanadi va qonuniy to‘xtamga kelish choralari ko‘riladi. Hozirda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda», deydi Bahrom Usmanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik tomonidan chiqarilgan farmoyish yoki qarorlarda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ularning ustidan protest keltirish yoki boshqa soha mutaxassislari tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, intizomiy yoki boshqa qonuniy choralar ko‘rish masalalari ta'minlanadi.

Kadastrlar palatasi Andijon viloyati boshqarmasi, Andijon shahar filiali yer tuzish bo‘lim boshlig‘i Fayoziddin Minhojiyev ham ayrim savollarga javob berdi.

Fayoziddin Minhojiyev

«Bugungi kunda «Muxbir Daliyev»ning «Yer sotish sindromi» turkumidan joy olgan holatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan o‘rganib bo‘lindi. Tez kunda xulosalar beriladi», dedi mutasaddi.

U dastlabki xulosalarni ma'lum qildi.  

«Yer sotib yuborilishi haqida gapirsak, kimgadir hadya qilish yoki yerni sotib yuborish holatlari bo‘lmagan. Kadastr hujjatlari o‘zining nomida rasmiylashtirilib turgani aniqlandi. Ya'ni ikkita holatda fuqarolar tomonidan yerni kimgadir rasmiylashtirib berish yoki hadya qilish aniqlanmagan», dedi Minhojiyev.

U yer sotishda Kadastrning sobiq xodimlari ham aralashgani bo‘yicha ham tez orada atroflicha ma'lumot taqdim etilishini qo‘shimcha qildi.

Bo‘lim boshlig‘i, shuningdek, «Yer sotish sindromi» turkumida e'lon qilingan ayrim xabarlarda qayd etilgan ma'lumotlar yuzasidan kadastr filialida mavjud hujjatlarni taqdim etdi va ular yuzasidan izohlar berdi. Dastlab, Bobur shohko‘chasi va loyihaviy Mashrab ko‘chalari kesishmasidagi maishiy xizmat ko‘rsatish va avtomobillar yuvish shoxobchasiga ajratilgan yer haqida ma'lumot berildi.

«Andijon shahar hokimining tegishli farmoyishiga asosan, «Nano Farm Said» MChJga 700 kv.m. yer maydoni avtomobillarga maishiy xizmat ko‘rsatish va avtomobillarni yuvish shoxobchasini vaqtinchalik tashkil etishi uchun ajratib berilgan. Farmoyishning 2-bandida belgilanganki, shahar bosh rejasiga muvofiq, bu yerda yo‘l tushishi loyihalashtirilgan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun kerak bo‘lganda hokimiyatning ilk talabi bilan tadbirkor hisobidan bo‘shatib berilishi belgilangan», dedi bo‘lim boshlig‘i.

 U Andijon shahar «Hunarmand» MFY, Mustaqillik shohko‘chasi Yoshlar mehnat guzaridagi binolar sotilishiga doir xabar ham o‘rganilganini aytdi.

«Bu yerda hech qanday yer yoki do‘konni fuqaroga yoxud boshqa shaxsga sotish holati aniqlanmagan. Hozirda unga Davlat xizmatlari agentligi tomonidan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilayotgani ma'lum bo‘ldi. Yakuni bo‘yicha to‘liq ma'lumot beriladi», deydi Minhojiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Yoshlar mehnat guzari»da chevarchilik, tikuvchilik, sartaroshxona, do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ularda yoshlar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari kerak edi.

O‘rganishlar chog‘ida ushbu manzillarga bordik va geojoylashuvni xaritamizga muhrladik. Biz manzillarga chiqib, o‘rganish chog‘ida shahar Arxitektura va qurilish bo‘limi mutasaddilari ham bo‘lishini qanchalik istamaylik, ular bizga hamrohlik qilmaslikni, savollarimizga javob bermaslikni ma'qul ko‘rishdi.

Davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan «Yoshlar mehnat guzari»ga borganimizda ayrim do‘konlar ishlayotgani, boshqalari bo‘sh turganiga ham guvoh bo‘ldik. Ayni dastur bilan «Safoiy» MFYda berilgan yer maydonida hozircha birorta qurilish ishlari boshlanmagan.

Shu o‘rinda, shahar hokimining «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida chiqarilgan 2ta qaroridan biriga Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashining xati ham asos sifatida keltirilgan bo‘lsa, ikkinchisida bunday xat nazarda tutilmagan.

Bu xususda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashidan izoh so‘raldi. Bo‘lim boshlig‘i Aziz Kazakovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yer uchastkalarini ajratish uchun Yoshlar ittifoqi xati talab qilinmaydi. Yer ajratish uchun zaruriy hujjatlar taqdim etilsa, istisno tariqasida yer ajratish vakolati tuman yoki shahar hokimlariga berilgan.

Blogerning Andijon shahridan yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer ajratilgani bilan bog‘liq xabariga kadastr filiali tomonidan taqdim etilgan hujjatga ham diqqat qaratishingizni istardik.

Unga ko‘ra, Andijon shahar hokimining 2019 yil 24 iyuldagi 728-q sonli qarorining 12, 13, 14 va 15-bandlariga asosan, 4 nafar fuqaroga «Cho‘lpon 100 yilligi» MFYdan 4 sotixdan yer ajratib berilgan. Biroq, shahar hokimi 2020 yil 3 aprel kuni 179-q sonli qarori bilan o‘zining 728-q-sonli qarorining tegishli bandlarini bekor qilish bo‘yicha navbatdagi qarorni imzolagan. Bunga shahar prokuraturasining 2020 yil 30 martdagi protesti sabab bo‘lgan. Shu bilan 4 fuqaroga ajratilgan yer maydonlari tuman zaxirasiga qaytarilgan.

 Biroq, ushbu manzilga borganimizda fuqarolarning biri uy qurib olgani va unda kadastr hujjatlarisiz yashab kelayotgani, ikkinchi yer maydoniga esa poydevor quyilgani, 3- va 4- yer uchastkalari ustida yo‘l qurilib, undan mahalliy aholi foydalanib kelayotgani ma'lum bo‘ldi.

Endi savol tug‘iladi: shahar hokimining noto‘g‘ri qarori asosida uy qurgan fuqarolar ko‘rgan moddiy va ma'naviy zarar kim tomonidan qoplanadi?

Andijon shahar yer tuzish bo‘lim boshlig‘i bu borada ham izoh berdi.

«Buning orqasida 4 sotixdan 2ta 8 sotix yer bo‘lgan. Prokuratura protestidan keyin bu yerdagi qurilishlar hammasi to‘xtatilgan. Aholi foydalanishi uchun yo‘l yotqizilgani sababli bugungi 8 sotix yer maydoni yo‘losti hududiga kirib ketgan. Uyni qurib bo‘lgan fuqaroning holati bo‘yicha prokuratura tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda», deydi Fayoziddin Minhojiyev.

Shu o‘rinda, mas'ul idoralarning ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan xabarlarga munosabat berishga shoshilmayotganini alohida qayd etish darkor. Kuzatishlarimizga ko‘ra, Muxbir Daliyev kanalida «Yer sotish sindromi» mavzusida chiqqan xabarlarning aksariga mutasaddi idoralar tomonidan aniq emas, balki umumiy javoblar berilmoqda.

Shu bilan birga, PF-5466-sonli farmon mahalliy hokimlarga «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yer maydonlarini istisno tariqasida ajratish huquqini berishi, tuman va shahar hokimlari yer uchastkalarini ushbu farmon ijrosini ta'minlash vaji bilan ajratishi ko‘p ko‘zga tashlanmoqda. Shu munosabat bilan, mahalliy hokimliklarning «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yer maydonlarini ajratish borasida «bebiliska» qaror chiqarayotgani keyingi surishtiruvlar mavzusiga aylanadi.

Mavzuga oid