Sport | 03:23 / 06.03.2021
16655
8 daqiqa o‘qiladi

Samarqand katta o‘yin arafasida: «Nasaf» yulduzlarsiz, «Paxtakor» yangi yulduzlar bilan

6 mart kuni Samarqanddagi «Dinamo» stadionida o‘zbek futbolida yangi mavsumning ilk o‘yini o‘tkaziladi. «Paxtakor» hamda «Nasaf» O‘zbekiston superkubogi uchun o‘yinda maydonga tushadi. 5 mart kuni jamoalar o‘yinoldi mashg‘ulot o‘tkazishdi, murabbiylar matbuot anjumanida savollarga javob berishdi.

«Nasaf» yulduzlarsiz, Ro‘ziqul Berdiyev jarohat olgan

O‘tgan mavsumda Ro‘ziqul Berdiyevning «Nasaf»i oxirgi yillardagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi. Yulduzlarga to‘la va Osiyo gigantlari safiga qaytgan «Paxtakor»ga asosiy raqobatchi bo‘lgan «Nasaf» asosan o‘z tarbiyalanuvchilari bilan ajoyib jamoaga aylandi. Iziga tushib olgan klub akademiyasi har yili yangi yosh futbolchilar yetishtirib berishda davom etmoqda. Ammo har yilgidek o‘tgan mavsum yakunida ham yana qator yetakchilar jamoani tark etdi.

Asosiy yulduz va to‘purar Bobur Abduxoliqov Ukraina chempionatiga yo‘l oldi. Islom Kenjaboyev Koreyaga ketdi, Sharof Muhiddinov «Paxtakor»ga o‘tdi. Qarshilik muxlislar baxtiga Stanoyevich va Oybek Bozorov kabi yetakchilar jamoada qolishdi.

Oybek Bozorov mamlakatning eng zo‘r futbolchilaridan biri ekanini aytgan holda shuni ta'kidlash mumkinki, «Nasaf» ertangi o‘yinda «Paxtakor» fonida olib gapirsak, yulduzlarsiz maydonga tushadi.

Darvoqe, «Nasaf»ning asosiy yulduzi jarohat olgan. Odatda futbolchilar jarohati jamoalarga qiyinchilik tug‘dirardi, biroq «Nasaf»da bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev jarohat olgan. Faxriylar o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinida jarohat olgan murabbiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Murabbiy Samarqandga yetib kelgan va matbuot anjumanida qatnashgan yordamchi murabbiyning aytishicha, nazariy ko‘rsatmalarni hamon o‘zi bermoqda.

«Nasaf» mashg‘ulotlarda ancha faol qatnashdi. OAV uchun ochiq bo‘lgan qismda chigalyozdi mashg‘ulotlari o‘tkazilgan bo‘lsa, keyinchalik darvozaga zarba berish mashqlari bo‘lib o‘tdi. «Nasaf» ham «Paxtakor» kabi taktik mashqlarga zo‘r bermadi. Odatda katta o‘yinlardan oldin shunday bo‘ladi o‘zi.

To‘g‘risini aytish kerak, matbuot anjumanida qatnashgan «Nasaf» yordamchi murabbiyi Shuhrat Toshpo‘latov bo‘lajak o‘yin oldidan rejalar haqida aytarli fikr bildirmadi va barchasi Berdiyevning ko‘rsatmasi asosida bo‘lishini ko‘p marta takrorladi.

Bilasiz, Ro‘ziqul Berdiyev ishtirokida matbuot anjumanlarida murabbiy doim qiziqarli biror nima aytardi, ayniqsa katta o‘yinlardan avval. Matbuot anjumanida qatnashgan «Nasaf»chilar ham «ochilib gapirishmadi». Mayli, ular gap kishisi emas, ish kishisi ekanini ko‘p marta maydonda isbotlagan. Samarqanddagi o‘yinda ham shunaqa bo‘lishiga umid qilamiz.

«Paxtakor» yangi yulduzlar bilan

Superkubok o‘zbek futboli uchun doim o‘tkaziladigan musobaqa emas. Oxirgi yillarda an'ana tusiga kirgan musobaqa umumiy hisobda 6-marta o‘tkazilmoqda. «Paxtakor» unda uch marta ishtirok etib, har safar mag‘lub bo‘lgan. «Navbahor», «Lokomotiv» va «Nasaf»ga. Shu sabab bu musobaqani yutish «Paxtakor» uchun juda muhim. Piter Xyuistra ham superkubokni yutgan ilk «Paxtakor» murabbiyi bo‘lishni xohlashini aytdi.

«Paxtakor» o‘tgan mavsum yakunida ko‘plab yetakchilarini yo‘qotdi. Jamoani asosiy yulduz va yetakchi Jaloliddin Masharipov tark etdi. Futbolchi nihoyat o‘z orzusiga erishib, chet elga ketdi. Shuningdek, Igor Sergeyev va Doston Hamadov kabi hujum chizig‘i vakillari legionerga aylandi.

Biroq «Paxtakor» tarkibi yangi yulduzlar bilan boyidi. Asosiy transfer Sardor Rashidov bo‘ldi. O‘zbek futbolining oxirgi yillardagi eng yorqin vakillaridan bo‘lgan Rashidov xorijdagi nostabil faoliyatdan mamlakatning eng zo‘r jamoasida o‘ynashni ma'qul ko‘rdi. Bu holat ko‘pchilikni quvontirdi, chunki o‘zbek muxlislari ko‘z o‘ngida futbolchi tanqidlarga uchramaslik uchun ham kamida o‘z holatiga qaytishga intiladi.

«Paxtakor» safida yana qator yangi yulduzlar paydo bo‘ldi. Masalan, «Navbahor»ni yangi darajaga olib chiqishda asosiy figura bo‘lgan Aziz Turg‘unboyev. Aziz oldin ham bir marta «Paxtakor»ga kelgan, lekin ko‘plab e'lon qilingan va e'lon qilinmaydigan sabablarga ko‘ra yana «Navbahor»ga qaytib ketgandi. Aziz mashg‘ulotlarda o‘zgacha ishtiyoq bilan qatnashayotgani sezildi, axir u nihoyat o‘zi xohlagan jamoaga o‘tdi.

O‘tgan mavsumda asosan Olmaliqdagi o‘yinlari bilan tanilgan Hojimat Erkinov borgan sari yaxshi formaga kirib bormoqda. U asosiy tarkibga kirish uchun o‘zidan katta futbolchilarga yaxshigina raqobatchi bo‘la olishini isbotladi. Hojimat milliy jamoaga ham doimiy chaqirilmoqda. Bu ketishda Erkinov tez orada katta futbolchiga aylanadi.

Sharof Muhiddinov ham «Nasaf»dan «Paxtakor»ga o‘tganini unutmaslik kerak. U ham chap qanotda, ham markaziy yarimhimoyada juda yaxshi o‘ynay oladi.

Sardor Rashidov vs «Nasaf»

Matbuot anjumani davomida Sardor Rashidovdan «Al Jaish» safida «Nasaf»ga qarshi o‘tkazgan o‘yini haqida so‘radik. O‘sha o‘yinda Sardor «Nasaf» darvozasiga 88-daqiqada gol urgan va jamoasiga g‘alaba keltirgandi. Golni katta xursandchilik bilan nishonlagan Sardor qarshilik muxlislar tomonidan tanqid ham qilingan. Futbolchi o‘sha o‘yinni yaxshi eslashini, muxlislar hushtakbozligiga tayyor ekanini, o‘yinga qo‘llab-quvvatlash uchun «Paxtakor» muxlislari ham kelishini aytdi.

Imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, mavsumga Dubayda kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlar orqali tayyorgarlik ko‘rgan «Paxtakor» ustun desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biroq «Nasaf» katta o‘yinlarda, ayniqsa «Paxtakor»ga qarshi qanday o‘ynashni biladi. Xullas, hammasini «Dinamo»dagi o‘yinda bilib olamiz. O‘yin 16:00 da boshlanadi, stadionga muxlislar kiritiladi, chiptalar stadion kassalarida sotilmoqda.

Mavzuga oid