O‘zbekiston | 19:42 / 09.03.2021
8979
3 daqiqa o‘qiladi

Britancha shtamm, karantin va COVID markazlari taqdiri – SSV mavjud epidemiologik vaziyat bo‘yicha izoh berdi

So‘nggi paytlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi ko‘payayotgani, karantin choralari keskin kuchaytirilishi mumkinligi, «britancha» shtammni jilovlash og‘ir bo‘layotgani haqida gap-so‘zlar ko‘payib qoldi.

SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev

Vaziyatga izoh olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landik.

– Respublikadagi epidemiologik vaziyat barqaror va kun sayin yaxshilanib bormoqda. Bunday vahimali xabarlarda biror asos yo‘q. Masalan, 2021 yil 8 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 80 247 kishini tashkil qilsa, aynan shu kuni aniqlangan bemorlar 28 nafar bo‘lgan. Ya'ni, bu epidemiologik vaziyat murakkab davrlarga nisbatan o‘nlab marotabagacha kam.

Bu 80 247 nafar bemordan 78 939 nafari, ya'ni 99 foizi tuzalgan. Bugungi kunda hisobot bo‘yicha 686 nafar koronavirus aniqlangan bemor mavjud bo‘lib, shundan 292 nafari statsionar sharoitda, 394 nafari uy sharoitida davolanmoqda.

– COVID markazlari faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Respublikada koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat eng cho‘qqiga chiqqanida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida 159ta davolash profilaktika muassasasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror holatga kelgani natijasida respublika bo‘yicha jami 7ta (Andijonda 1ta, Namanganda 1ta, Surxondaryoda 1ta, Farg‘onada 1ta, Xorazmda 1ta, Toshkent shahrida 2ta) shifoxonada davolash ishlari olib borilmoqda. 7ta muassasada jami 1 015 nafar bemor davolanmoqda. Shundan 723 nafar bemor pnevmoniya va boshqa belgilar bilan davolanmoqda.

– Yopilgan markazlarning kelgusi faoliyati nima bo‘ladi?

– Ma'lumki, bunday markazlarning aksariyati moslashtirilgan muassasalarda edi va ular yana o‘z faoliyatiga qaytarildi. Shuningdek, ayrim shifoxonalarning boshqa kasalliklarni davolash bo‘limlari egallangandi, ular ham oldingi ixtisosligi bo‘yicha ishlay boshladi. Aynan koronavirusga qarshi qurilgan markazlar konservatsiya qilib turilibdi. Sababi, biz kelgusida epidemiologik vaziyat qanday bo‘lishini bilmaymiz va har qanday holatga shay bo‘lishimiz kerak.

– Britancha shtammning tarqalishi qanday kechyapti?

– Britancha shtamm koronavirusning bir turi, xolos. Biz nafaqat bu shtammni, balki boshqalarini ham o‘rganyapmiz, lozim bo‘lganda davolayapmiz. Eng muhimi, bu shtammlarning tarqalishi va davolash usulida aytarli farqlar yo‘q, shu bois ortiqcha murakkablik tug‘dirmayapti.

 Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid