«O‘qituvchi maoshiga bemalol Tesla xarid qila oladi, oddiy ishchi esa xorijga sayohat qilishi mumkin». Norvegiyada tahsil olayotgan talaba bilan suhbat

«Among youth» dunyoning turli nuqtalaridagi o‘zbekistonlik talabalar va yosh tadqiqotchilar bilan suhbatlar qilib keladi. Dasturning navbatdagi mehmoni Yevropaning eng xushmanzara davlatlaridan biri — Norvegiyada o‘qib, yashab kelayotgan Nigina Jo‘rayeva bo‘ldi.
Nigina Jo‘rayeva Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, hozirda Norvegiya poytaxti Oslo shahridagi OsloMET universitetida pedagogika yo‘nalishida tahsil olmoqda.
Suhbat avvalida u Norvegiyaga kelish sabablari haqida to‘xtaldi:
Dadam 2004 yili o‘qish uchun Norvegiyaga kelgan. O‘qishdan so‘ng ishlarini Norvegiyada davom ettirdi. Chamasi 14-15 yoshlarimda dadam mendan Norvegiyaga kelishimni so‘radi va bu taklifni bajonidil qabul qildim. Bolaligimdan dunyo ko‘rishni niyat qilardim va chet ellik do‘stlar orttirishni xohlardim. Bu yerga kelib avval norveg tili kursida, keyin High school’da o‘qidim. Bolalar bilan ishlashni yaxshi ko‘rganim bois, oliy ta'lim uchun OsloMET universitetining pedagogika yo‘nalishini tanladim. Bu universitet mamlakatdagi eng nufuzli bilim yurtlaridan biri. Talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin ta'lim faqat norveg tilida bo‘lgani bois, xorijlik talabalarni kam uchratasiz.
— Pedagogika, umuman, o‘qituvchilik kasbiga Norvegiyada munosabat qanday?
— Norvegiyada o‘qituvchining qadri nihoyatda baland, hukumat ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratib bergan. Masalan, norvegiyalik o‘qituvchi oylik maoshiga bemalol Tesla avtomobilini xarid qila oladi. Bu yerda hamma halol va o‘z mehnati bilan natijaga erishishga intiladi. Shundan bo‘lsa kerak, ta'lim tizimida «domlani rozi qilish» tushunchasi yo‘q.
Ochig‘i, Norvegiyada nafaqat o‘qituvchilar, balki barcha fuqarolarning haq-huquqlari ta'minlangan. Ular davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga havas qilasiz. Eng e'tiborlisi, hatto oddiy ishchi ham oilasini yetarlicha ta'minlab, yil davomida turli xorij davlatlariga sayohat qila oladi.
Umuman, norveglar uchun ish va oila balansi muhim. Ba'zida ishdan ko‘ra oilasini afzal ko‘rishadi. O‘z navbatida, buni ish beruvchilar ham yaxshi anglagan holda xodimlar uchun barcha kerakli qulaylik va imtiyozlar berishgan. Masalan, yilda 5 hafta ta'til, agar farzandli bo‘lsangiz 8-10 oygacha oyligingiz to‘liq to‘lab boriladi. Mabodo ishsiz qolsangiz hukumat moddiy yordam bilan ta'minlaydi.
— Norveglar xarakter jihatidan qanday xalq?
— Kuzatishlarim natijasida ayta olamanki, norveglar ajoyib xalq. Mamlakatga yangi kelgan odamga bu yer umuman yoqmasligi mumkin. Chunki norveglar bilan tezda do‘st tutinib keta olmaysiz. Ularga sizni o‘rganib olishlari uchun ozroq vaqt berishingiz kerak. Ammo siz bilan do‘st tutinsa, ulardan yaxshi do‘st topilmaydi, deb o‘ylayman. Yolg‘onni yomon ko‘radigan, sodiq do‘st va ochiqko‘ngil insonlar.
— Norveglar O‘zbekiston haqida bilishadimi?
— Ochig‘i, unchalikmas. Sababi hukumatlararo aloqamiz yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu, o‘z navbatida, bu yerda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar uchun ham birmuncha qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Misol uchun, oddiy viza masalasida Moskvaga borib kelishingizga to‘g‘ri keladi. Norvegiyada elchixonamiz ochilishini xohlardim.
— O‘zbekistonda Norvegiyadagi qanday innovatsiyalarni joriy etish mumkin, deb o‘ylaysiz?
— Innovatsiyalarga e'tibor qaratish yaxshi, albatta. Ammo bungacha fundamental muammolarni yechganimiz to‘g‘riroq, deb hisoblayman. Internet nashrlari orqali O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va yangiliklarni kuzatib borishga harakat qilaman. Qish kelib, internet nashrlarida hududlarda elektr va gaz muammolari haqidagi materiallar ko‘payadi. Qolaversa, bir necha yil avval internet tezligini 10 barobarga oshirish to‘g‘risida berilgan va'dalar ham va'daligicha qolib ketdi. Ilon Mask Marsni zabt etaman, deb turgan bir pallada yurtimizda bunday muammolarning borligidan xafa bo‘lasiz.
Norvegiyaga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu yerda ortiqcha qog‘ozbozliklar yo‘q. Masalan, hatto uylanish uchun internet orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. Bundan tashqari, norveglar 2025 yilgacha qog‘oz pullarni muomaladan chiqarmoqchi.
Kelgusidagi maqsad va rejalarim ko‘p. Ulardan biri, bu yerda egallagan bilimlarim asosida O‘zbekistonga qaytib, xususiy maktab ochish.
Mavzuga oid

16:03 / 17.05.2025
O‘zbekiston elchisi Norvegiya qiroliga ishonch yorlig‘ini topshirdi

20:44 / 02.05.2025
Polshada Norvegiyaning eng badavlat insonlaridan biri YTH oqibatida halok bo‘ldi

22:17 / 29.04.2025
Shpitsbergen arxipelagidagi yer maydoni 300 mln yevroga sotilishi mumkin

16:49 / 15.02.2025