Jahon | 14:41 / 09.03.2021
38894
14 daqiqa o‘qiladi

«Qirollik xonadoniga qaqshatqich zarba» – Shahzoda Harri va Megan Markl shov-shuvli intervyu berdi

Amerikalik mashhur jurnalist Opra Uinfri yana bir shov-shuvli intervyu uyushtirdi. Odatda dunyoga mashhur insonlarni suhbatga chaqiruvchi Uinfri xonimning bu galgi mehmonlari Britaniya shahzodasi Harri va uning rafiqasi Megan Markl bo‘ldi. Megan irqchilik va suitsid haqidagi o‘ylari, Harri - otasi bilan ziddiyat haqida gapirdi.

Joe Pugliese / Harpo Productions / Reuters / Scanpix / LETA

Britaniya shahzodasi shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan Markl amerikalik teleboshlovchi Opre Uinfriga ikki soatlik intervyu berishdi. Bu ushbu juftlik 2020 yil boshida qirollik oilasi vakolatlaridan voz kechib, Buyuk Britaniyadan avval Kanadaga, keyin AQShga ko‘chib o‘tganidan buyon ilk bor televideniye orqali ko‘rinish berishidir. Intervyu Amerikaning CBS telekanalida translatsiya qilindi, avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, namoyish uchun 9 million dollar to‘lanishi ko‘zda tutilgan. Sasseks gersogi va gersoginyasining Opra Uinfri bilan suhbati hozircha internetga joylashtirilmadi, ammo ko‘plab nashrlar televizion translatsiyaga tayanib materiallar tarqatishmoqda. Unga ko‘ra, Megan Britaniya qirollik xonadonida uning o‘g‘li Archining terisi rangi qanchalar qora bo‘lishini muhokama qilishganini aytgan.

Dunyodagi eng qudratli oilani tark etgan juftlik

Sasseks gersogi va gersoginyasi bo‘lgan shahzoda Harri va sobiq aktrisa Megan Markl bir oy avval Buyuk Britaniya qirollik oilasini tark etgandi. Juftlik bu qarorni aniq izohlamagan, lekin ko‘pchilikning fikricha, shahzoda turmush o‘rtog‘ining irqi va u sobiq aktrisa bo‘lgani haqida aslzodalar orasidagi kinoyalarga toqat qila olmagani uchun shunday qarorga kelgan. Qirolicha Yelizaveta ham nevara kelinini xushlamasligi haqida gaplar yuradi.

Qirollik oilasi Harri va Marklning oila majburiyatlarini bajarish huquqidan voz kechganini qayg‘uli holat deb atagan, shu bilan birga, ular oila a'zolari bo‘lib qolishini ma'lum qilgan. Monarx qirolicha rahbarligidagi Britaniya qirollik oilasi dunyodagi eng ta'siri katta sulola hisoblanadi. Amalda Britaniya boshqaruvi tepasida turuvchi oila dunyoning ko‘plab mamlakatlarida katta ta'sirga ega. Shahzoda va Megan oilani tark etgach, endilikda ular harbiy unvonini saqlab qolgan holda qirollik tasarrufidagi xayriya tashkilotlari va oliygohlarga homiylik qila olmaydi. Juftlik bu qarorni qabul qilgach, Britaniya hududini ham tark etgan. Megan va shahzoda Harrining bir nafar farzandi bor, sobiq aktrisa ikkinchi farzandiga homilador.

AQShning birinchi raqamli intervyu oluvchi jurnalisti ekani e'tirof etiladigan Opra Uinfrining navbatdagi shov-shuvli intervyusi yakshanba oqshomida CBS telekanalida efirga uzatildi. Suhbat davomida shahzoda Harri oila kutayotgan farzand qizaloq ekanini aytdi. Meganning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li Archiga homilador bo‘lgan vaqti unga shahzoda unvoni berilmasligi va qirollik qo‘riqchilari tomonidan qo‘riqlanmasligini aytishgan. Uning fikricha, bu an'analarning buzilishi bo‘lgan: «Ular bolam qornimda ekanidayoq u uchun an'analarni o‘zgartirishlarini aytishdi. Bu ham mayli, tug‘ilajak farzandim xavfsizlikda bo‘lmasligining o‘zi dahshat edi. Oilaning birinchi oq tanli bo‘lmagan vakili boshqa nabiralar kabi shahzoda unvonini olmasligini bilish juda yomon. Bolam hali tug‘ilmasdan turib u qanchalik qora tanli bo‘lishi haqida ochiqchasiga gaplashishardi», degan Megan Markl.

U oiladagi bunday suhbatlarning tafsilotini eridan eshitganini aytdi. Opra Uinfri bu tafsilot haqida shahzodadan ham so‘radi. Biroq shahzoda Harri bu suhbatlar haqida hech qachon hech qayerda gapirmasligini aytdi: «O‘sha vaqtda men hayratdan yoqa ushlab qoldim. Oila Meganning irqi haqida tabloidlarda tinimsiz yozilayotganiga qarshi hech nima qilmadi. Bunday irqchilik qilayotganlarga qarshi hatto parlament vakillari fikr bildirishdi, lekin bizning oiladan hech kim bir og‘iz ham gapirmadi», deydi shahzoda.

Harri va Megan Markl britan qirollik oilasining boshqa vakillari bilan harbiy aviatsiya paradini kuzatishmoqda, 2018 yil 10 iyul
EPA / Scanpix / LETA

Harrining otasi, Britaniya taxti valiahdi, shahzoda Charlz ma'lum vaqt davomida o‘g‘li bilan gaplashishni va uning qo‘ng‘iroqlariga javob berishni to‘xtatgan. «Kanadada yashagan paytimiz buvim bilan uch marta suhbatlashdim, otam esa qo‘ng‘iroqlarimga javob berishni to‘xtatmasidan oldin men bilan bularning hammasini (qirollik vakolatlaridan voz kechish to‘g‘risidagi qarorni) yozma ravishda bayon qilishimni so‘rab, ikki marta qo‘ng‘iroqlashgan», deydi gersog.

Harri «masalani o‘z qo‘liga oldi», degan fikr bilan shahzoda Charlz o‘g‘li bilan aloqalarni to‘xtatgan. «Men oilam uchun shunday qilishim kerak edi. Bunday qaror juda qayg‘uli, ammo ruhiy salomatligim uchun, xotinim va Archi uchun nimadir qilishim kerak edi», deydi shahzoda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir u otasi bilan aloqalarni qayta tiklagan, ammo o‘zaro munosabatlarda «yaxshilash kerak bo‘lgan jihatlar qolmoqda».

Sasseks gersogi otasini yaxshi ko‘rishi, lekin Charlzning munosabati va u bilan o‘zaro aloqalardagi muammolardan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan: «Men qattiq xafa bo‘ldim, chunki u ham qachonlardir shu vaziyatni boshdan kechirgandi-ku. U og‘riqning nimaligini biladi... Ko‘plab noxush voqealar sodir bo‘ldi». Harri katta akasi, Kembrij gersogi Uilyam haqida gapirar ekan, ular «do‘zaxdan birga o‘tgani»ni aytdi: «Tajribamiz bir xil, lekin yo‘llarimiz boshqa-boshqa».

Harrining ta'kidlashicha, u buvisi Yelizaveta II bilan «chindan ham yaxshi munosabatda» va buvisi uning qarorlarini hurmat qiladi. Unga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida u qirolicha bilan «oldingi bir necha yillarga qaraganda» ko‘proq muloqot qilgan.

VVS tahlilchisi Jonni Daymond bu intervyuda ko‘p narsa ochib tashlangani haqida yozadi. Uning aytishicha, Megan bu suhbatlardan keyin o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylagan. Tahlilchi qirollik oilasi 40 yilcha avval shahzoda Harrining onasi Diana bilan sodir bo‘lgan voqeadan xulosa chiqarmaganini aytgan. Meganga do‘stlari bilan uchrashish imkoni berilmagan. U Britaniya nashrlarida tinimsiz kamsitilgan.

Qirollik oilasi shahzoda Harrining xotiniga bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon ssenariyni taklif qilgan. Bu haqda gapirar ekan shahzoda Harri oilasini tund odamlardan iborat deb tasvirlaydi. Uning aytishicha, aslzoda oila a'zolari faqat kim nima uchun pul to‘lashini muhokama qilgan. VVS tahlilchisi Megan bolasi haqidagi muhokamalarni oshkor qilmagani, bu borada shahzoda Harri so‘z ochganiga e'tibor qaratgan. Tahlilchining tusmol qilishicha, shahzodaning isyonkorona iqrori oilaga bo‘lgan munosabatining qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, chaqaloqning rangi qanchalik qora bo‘lishi haqidagi suhbatga qirolicha va uning turmush o‘rtog‘i aloqador emasligi aniq.

Harri va Megan Archini qirolicha Yelizaveta II’ga ko‘rsatishmoqda, 2019 yil 8 may
Chris Allerton /Sussex Royal / AP / Scanpix / LETA

Ovsinlar kelishmovchiligi

Megan Marklning ovsini – Keyt Midlton bilan munosabatlari ham juda mashhur bo‘lib, Opra Uinfri bu borada ham savol bergan. Meganning aytishicha, ovsini bilan to‘ydan oldinroq urishib qolgan. Ular to‘y kuni kelinning atrofida yuruvchi qizlarning qanday rangli kiyim kiyishi borasida tortishib qolishgan va oxir-oqibat Megan yig‘lab yuborgan.

Shahzoda Harrining aytishicha, to‘y butun dunyodagi yirik telekompaniyalar translatsiya qilganidan uch kun avval bo‘lib o‘tgan. Shahzoda hammasi uyushtirilgan tomosha bo‘lgani, juftlik nikohdan o‘tgan haqiqiy marosimda hatto oila a'zolari ham qatnashmaganini aytdi.

Megan qirollik oilasi a'zosiga aylanganidan keyin o‘zini juda yolg‘iz his qilganini, ko‘p o‘tmay o‘zini o‘ldirish haqida o‘ylay boshlaganini aytdi. «Bu juda aniq va juda qo‘rqinchli tuyg‘u edi, meni yolg‘iz qoldirib bo‘lmasdi», deb eslaydi qirolichaning ilk qora tanli kelini. Undan to‘y o‘tishi bilan haydovchilik guvohnomasi, pasporti va bank kartasi olib qo‘yiladi. Megan go‘yoki asirda yashay boshlaydi va o‘zini o‘ldirish haqida o‘ylaydi. Bu darddan qutulish uchun kasalxonaga yotmoqchi bo‘lganida qirollik oilasidagilar bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntirishadi.

Shundan keyin Megan marhum qaynonasi Diananing yaqin dugonalaridan biriga murojaat qiladi. Shahzoda Harri xotini bilan ham onasi bilan sodir bo‘lgan voqea takrorlanishidan qo‘rqa boshlaydi, chunki uning fikricha, o‘xshashliklar juda ko‘p edi. Ma'lumot uchun, Uels malikasi Diana 1997 yilda misrlik xushtori bilan avtohalokatda vafot etgan. Bu baxsiz hodisa emas, qirollik oilasi tomonidan tashkillashtirilgan suiqasd bo‘lgani haqidagi gumonlar mavjud.

Shahzoda bosimdan qutulish uchun oilasidan yordam so‘raydi. Biroq hatto uning otasi Charlz telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan. Juftlik dastlabki kunlardanoq oilani qanday tark etishni muhokama qila boshlaydi. Shahzoda bu borada qirolicha bilan ham gaplashadi: «Buvimni bexabar qoldirib ketolmasdim», deydi shahzoda bu haqda.

Shahzoda Megan bilan birga oilani tark etish haqida Avstraliyaga safar vaqtida bir qarorga kelganini aytadi. O‘shanda Megan odamlar bilan juda yaxshi chiqishib ketadi va shu sababli odamlar uni yaxshi ko‘rib qolishadi. Bunday iliq munosabatni esa oilaning boshqa vakillari yomon kutib oladi. Meganga safarga tayyorgarlik uchun hech kim yordam bermaydi, hatto davlat madhiyasining so‘zlarini ham u internetdan qidirib topadi.

Shahzoda Harrining aytishicha, Meganga uylangandan keyin uning ko‘zi ochilgan. «Agar Meganga uylanmaganimda, oilani hech qachon tark etmagan bo‘lardim. U mening ko‘zimni ochdi, umuman, saroydagi holat qanaqa ekanini ko‘rsatib qo‘ydi», deydi shahzoda. Uning aytishicha, qirollik oilasi bir tuzoq va akasi, dadasi shu tuzoqda yashab yurishga majbur, ular isyon qilolmaydi.

Harri qirollik oilasi uni moliyalashtirishni to‘xtatganini, endilikda yirik reklama kompaniyalari bilan ishlashga tayyorligini aytdi. Shuningdek, onasi Diana ham Harriga yaxshigina pul qoldirib ketgan.

Qirollik oilasiga qaqshatqich zarba

HARPO PRODUCTIONS/JOE PUGLIESE

Megen va shahzodaning intervyusi shunchalik shov-shuvli bo‘ldiki, uni qirollik oilasiga berilgan qaqshatqich zarba deb baholashmoqda. Axir dunyodagi eng qudratli oilada irqchilik qanday urchigani haqida oldin kimning ham gapirishga haddi sig‘ardi? Qizig‘i, Opra Uinfridan intervyuni kechroq chiqarishni so‘rashadi, chunki qirolichaning 99 yoshli turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi Filipp uch haftadan buyon kasalxonada yotibdi va intervyuda aytilgan gaplar boboning holatiga yomon ta'sir qilishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

«Ular bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin qanday qilib bizni jim o‘tiradi deb o‘ylashdi, hayronman. Ular biz haqimizda juda ko‘p yolg‘on tarqatishdi», deydi suhbat davomida Megan.

Shahzoda Harri Meganga uylanishi 2017 yilda ma'lum bo‘lgandi. Tabiiyki, qirolichani bir marta «kuydirgan» Diananing o‘g‘li Harri oldin turmush qurgan (!), aktrisa (!) va qora tanli (!) ayolga uylanishi oilada norozilik keltirib chiqargan. Keyin ham Megan aristokratlarning ko‘plab an'analarini buzgan. Masalan, odatda ko‘ra oilaning kelinlari farzandining ilk suratini Vogue jurnaliga fotosessiya qilgan holda e'lon qilishi kerak. Biroq Megan Archining rasmini o‘zining instagramdagi sahifasiga joylab qo‘ygandi.

Qirollik oilasi nazoratida bo‘lgan tabloidlarda juftlik tanqid qilina boshlagach, Megan va Harri ular bilan hamkorlikni to‘xtatganini e'lon qildi. 2020 yil yanvarda esa Megan va Harri qirollik oilasini tark etmoqchiligini ma'lum qildi. O‘shanda oiladagi irqchilik haqida so‘z bo‘lmagan va Harri shunchaki mustaqil hayotda, mustaqil mablag‘lari evaziga yashamoqchi ekanini aytgandi. Opra Uinfriga berilgan intervyuga anons berilgach, juftlik haqida yana mish-mishlar tarqala boshladi. Times Megan ikkita matbuot kotibining «boshiga yetganini», ular bilan juda qo‘pol muomalada bo‘lganini yozdi. Qirollik vakillari bu intervyu e'lon qilingach, tezda munosabat bildirishdi va unda aytilgan ma'lumotlar tekshirilishini bildirdi. Shu bilan birga, Megan va Harri «oilaning sevimli vakili bo‘lib qolishi» ta'kidlandi.

Megan va Harri xayriya kompaniyalari bilan ishlashda davom etgan holda o‘tgan yili Neftlix va Spotify kompaniyalari bilan hujjatli filmlar ishlash bo‘yicha shartnoma imzolashgan. Juftlik ayni damda Kaliforniyada istiqomat qiladi va ular ikkinchi farzandini kutmoqda.

Mavzuga oid