O‘zbekiston | 22:38 / 10.03.2021
30421
4 daqiqa o‘qiladi

«Nomida onlayn so‘zi bor xolos» - Inomjon Tog‘ayev ASKUE tizimida inson omili borligini aytdi

«Aholining eng katta e'tirozi onlayn ishlaydigan elektron hisoblagichlarga o‘tilganida. Lekin onlayn uning nomida xolos», – dedi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijrochi direktori.

Inomjon Tog‘ayev / Foto: Xalqaro press-klub

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijrochi direktori, tashkilotning bosh yuristi Inomjon Tog‘ayev «Amerika Ovozi»ga bergan intervyusida elektron hisoblagichlardagi kamchiliklar va noreal qarzdorlik haqida gapirdi.

«Aholining eng katta e'tirozi (ayniqsa Toshkent shahrida) onlayn ishlaydigan elektron hisoblagichlarga o‘tilganida. Lekin onlayn uning nomida xolos. Chunki qarzdorlik bo‘lsa, hisoblagich o‘chiriladi. Yoqish uchun pul to‘lansa, yonmaydi. Bunda inson faktori bor.

[…] Dastur mexanizmi noto‘g‘ri qilingan. Kimdir rahbar bo‘lib kelgan, o‘sha programmani katta pulga sotib olgan. Ikkinchi rahbar kelib, boshqa bir dastur o‘rnatilgan.

Bugungi kunda Toshkent shahrining o‘zida hisoblagichlar 3 ta dastur bilan ishlaydi. Uni birlashtirish kerak. Muammo shunda! Aholi shundan norozi. «Nimaga men pul to‘lamasam, sen elektrni o‘chirar ekansan-u, pul to‘lasam, yoqmas ekansan» deyishadi. Bu asabbuzarlik. To‘g‘risini aytsam, shu masalani hazm qila olmayman», – deydi Tog‘ayev.

Federatsiya rasmiysi noreal qarzdorliklar haqida ham to‘xtaldi.

«Noreal qarzdorliklar bo‘lgan. Deylik, tumanning gaz ta'minotidan qarzdorligi bor. Qarzdorlikni yopish uchun nima qilgan, bilasizmi? Aholiga kelib, sizning 1 million so‘m qarzingiz bor ekan deb, aslida yo‘q qarzdorlikni bor qilib ko‘rsatishgan. Odamlarni qarzdor sifatida ro‘yxatga kiritib qo‘yavergan. Aholi tushunmasdan to‘lab yuborgan.

Bilsa hazil, bilmasa chin prinsipida ishlangan. Juda ko‘p bo‘lgan bunday voqealar. O‘g‘riliklar, ulab berishlar. Bu narsa jamiyatni yemiradi», – deydi u.

Inomjon Tog‘ayev gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar haqida ham fikr bildirdi.

«Elektr energiyasi yetishmovchiligida bir necha muammolar bor. Birinchidan, liniya va texnikalar eskirgan, infratuzilma yomon.

Ikkinchidan, joylarda qarzdorliklar soni ortib ketgan. Elektr energiya ishlab chiqarish ham mablag‘ talab qiladi, albatta.

Uchinchidan, yetkazib berish va uni ishlab chiqarishda juda katta muammolar bor.

Keyingisi – korrupsiya. Hatto iste'molchilarni elektron hisoblagichlar bilan ta'minlashda ham korrupsion holatlar bo‘ladi.

Yana bir muammo – manfaatlar to‘qnashuvi. Masalan, o‘ziga yoqqan tanishini talabga javob bersa-bermasa ishga olish holatlari. Bu zararga ishlagan.

Yaqinda ham shu holatni kuzatdikki, elektr energiya yetkazib berilyapti, lekin o‘g‘rilik va noqonuniy ulanishlar natijasida juda katta miqdorda yo‘qotishlar bo‘lgan. Bu jarayon tizimli, yillar davomida bo‘lib kelgan. Eng yomoni – energetika tashkiloti monopol. Monopoliya shunaqa, raqobatni sindiradigan, rivojlanishni to‘xtatadigan narsa», – dedi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijrochi direktori.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabrida elektr energiyasi hisoblagichlari bo‘yicha avtomatlashgan tizimni 2021 yil 1 martgacha to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yilgandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev yangi tizimga o‘tilgach, pul to‘lagan odamning uyida elektr uzilishi bo‘lmasligini aytgan.

Mavzuga oid