O‘zbekiston | 12:59 / 11.03.2021
11154
7 daqiqa o‘qiladi

Inqiroz ostonasidagi «Bibi Hanum» milliy brendi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Hunarmandga kimdir yordam beradimi?

Milliy liboslarga qiziquvchilar orasida «Bibi Hanum» brendi yaxshigina mashhur. Ushbu brend ostida qo‘l mehnati asosida tikilgan milliy adras liboslari nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda e'tiroflarga sazovor bo‘lgan. 15 yildan beri faoliyat olib borayotgan ushbu kichik tadbirkorlik sub'yekti Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Navoiy viloyatida o‘nlab hunarmandlarni ish bilan ta'minlagan.

Afsuski, pandemiya bu sohaga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Xalqaro ko‘rgazmalar, milliy liboslar dizaynerlik tadbirlari butunlay to‘xtatilgan davrda korxonaning eksport qilish hajmi ham keskin tushib ketdi. Qiyin moliyaviy axvolga tushib qolgan «Bibi Hanum» brendi asoschisi, dizayner Muhayyo Aliyeva Kun.uz'ga murojaat qildi.

Uning aytishicha, «Bibi Hanum» joylashgan bino ilgari davlat tasarrufida bo‘lganda, ijara haqi arzonroq bo‘lgan, ayni paytda xususiy tadbirkor qo‘liga o‘tgan binoning ijara narxi ikki baravarga oshib ketgan: «Pandemiya boshlangandan beri faoliyatimiz deyarli to‘xtab qoldi. Ish o‘rnini yo‘qotmaslik, shuncha qilingan mehnatimiz besamar ketmasligi uchun amallab ishlab kelyapmiz. Sanoqli buyurtmalar xarajatlarimizni zo‘rg‘a qoplab turibdi. Amallab ijara pulini to‘lab kelayotgandik.

«Toshkent savdo markazi» binosida 2015 yildan beri ijaraga joy olib, faoliyat yuritib kelyapmiz. Bu joyni ta'mirlab, keyin ishimizni boshlaganmiz. Ilgari bu bino davlat tasarrufida bo‘lgan. So‘ng xususiy tadbirkorlarga sotilgach, ijara narxi oshdi. Eski tarif bo‘yicha belgilangan narxni ham zo‘rg‘a to‘lab kelayotgandik.

Muhayyo Aliyeva

Bino davlat tasarrufida bo‘lgan paytda bizga taklif qilingan boshlang‘ich ijara narxi 3,5 million so‘m edi. Keyin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan yana 1,5 million so‘m qo‘shilib, narx 7-8 millionga yaqinlashib bordi. Xususiy tadbirkor esa bizga 15 million so‘m ijara shartnomasini taklif qildi. Ochig‘i, bu biz juda ko‘p, pandemiyadan keyin 5 million to‘lash ham oson emas. Topayotganimiz ishchilarning maoshi, xomashyo sotib olishga yetyapti xolos. Bino xususiy sektorga berilgandan keyin narx oshishi tabiiy va bunga hech qanday qarshiligim yo‘q. Ularning o‘z hisob-kitoblari bor.

Bu joyni yopaman deb turgan vaqtim xorijlik hamkasblarim, mijozlarimga aloqaga chiqdim. Ularga vaziyatimni tushuntirganimda, ishimni davom ettirishimni aytib, buyurtmalar berishni boshlashdi. Murakkab vaziyatga tushib qolgach, bir necha joyga – Toshkent shahar hokimligi, Savdo-sanoat palatasi, Vazirlar Mahkamasiga rasmiy xat bilan chiqdik. «Hunarmand» uyushmasi ham amaliy yordam bermoqchi, ular bir nechta joy taklif qilishdi. To‘g‘risi, ayrimlari joylashuvi jihatida noqulay, sayyohlar topib borishi qiyin.

«Hunarmand» uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Shahobiddin Asomov bu borada shunday dedi: «Hunarmand Aliyeva Muhayyo fevral oyi boshida uyushmaga og‘zaki murojaat qildi. Ushbu murojaat yuzasidan rais boshchiligida joylarga chiqib o‘rganishlar o‘tkazdik. Toshkent shahrida ijaraga olish uchun bo‘sh turgan binolar, yerlarni o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi. 3 kun ichida Olmazor tumani bo‘limi va tuman hokimiyati vakili bilan birgalikda bo‘sh turgan yerlar ro‘yxati tuzildi. 10 ta yer aniqlandi. Uchtepa tumanida ham 2 ta joy, Shayxontohur tumanida davlat tasarrufidagi bino aniqlanib, jami 10 ta yer va 5 ta ijara uchun binolar fotosuratlarini Muhayyo Aliyevaga ko‘rsatdik.

Undan tashqari, uyushmamiz binosi joylashgan hududda hunarmandlar uchun bino qurilyapti. U yerda ham ijaraga joy berishni taklif qildik. Muhayyo Aliyeva ijara asosida ishlash xohishi yo‘qligini, bo‘sh turgan yerda bino qurib, faoliyatini davom ettirmoqchiligini bildirdi. Olmazor tumanida aniqlangan yerni ajratish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga uyushma raisi tomonidan rasmiy murojaat xati tayyorlanyapti. Rais imzo qo‘yishi bilan yuboramiz».

Muhayyo Aliyeva nima uchun ijaraga bino olib faoliyat yuritish xohishi yo‘qligiga izoh berdi: «Ijaraga bino olib, uni ta'mirlasangiz, vaqt o‘tgandan keyin bino egasi uni olib qo‘ysa, nima bo‘ladi? Oldindan nima bo‘lishini bilmasdan, bu yerda qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun mablag‘ tiksam, bir kunda hammasi samarasiz bo‘lishidan qo‘rqaman. Masalan, hozir ijarada turgan joyimizga kelishimizdan oldin ta'mirlaganmiz. Ilgari juda abgor holatda edi. Yana qo‘shimcha qulayliklar qilmoqchi bo‘lganma, lekin ertaga nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi. Bugun sarflaydigan mablag‘im ertaga kuyib qolmasmikin, degan hadik bor».

Ijarachi deydi?

Ijara puli nima sababdan qimmatlagani bo‘yicha «Toshkent savdo markazi» muassisi «Buyuk Eco Savdo» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbariyatidan izoh olish uchun bordik. O‘zini MChJ yuristi sifatida tanishtirgan Nurmuhammad ismli shaxs bino ijara shartnomasini Muhayyo Aliyevaga qulay tariflarda taqdim etgan bo‘lsa ham, rad javobi olganini aytdi.

Yuristning ta'kidlashicha, binoda elektr toki o‘chirilgani uchun Muhayyo Aliyeva va uning ishchilari noo‘rin janjal ko‘targan, bu holat «Buyuk Eco Savdo» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati va Muhayyo Aliyeva o‘rtasida tushunmovchilikni keltirib chiqargan.

Dizayner shuncha yillik mehnatini bir zumda yo‘qotish arafasida. Muhayyo Aliyeva va bir guruh hunarmandlar xorij bozoriga chiqib, yurtimizda ayollar bandligini ta'minlashga hissa qo‘shib, o‘zbek milliy liboslari va madaniyatini butun dunyoga tanitayotgan bir paytda barcha ishlarni to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Mutasaddilar ushbu masalani o‘rganib, o‘z munosabatini bildirishiga umid qilamiz.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Муҳаббат Маъмирова
Tayyorlagan Муҳаббат Маъмирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid