Jahon | 20:57 / 13.03.2021
12606
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyaning sobiq vaqtinchalik prezidenti hibsga olindi

Ichki ishlar vazirining ma'lumot berishicha, prokuratura Janin Anesni hibsga olishga order bergan.

Foto: Reuters

Boliviyaning sobiq vaqtinchalik prezidenti Janin Anes 2019 yilda prezident Evo Moralesga qarshi davlat to‘ntarishini tayyorlashga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi. Boliviya ichki ishlar vaziri Karlos del Kastilo del Karponing so‘zlariga ko‘ra, "u politsiya qo‘lida".

Ichki ishlar vazirining ma'lumot berishicha, prokuratura Anesni hibsga olishga order bergan. Anesning o‘zi buni "siyosiy ta'qibning boshlanishi" deb atadi. 

2019 yil oktyabrda Boliviyada prezident saylovi o‘tkazilgan, oliy saylov sudi birinchi turdayoq amaldagi davlat rahbari Evo Morales g‘alaba qozonganini e'lon qilgandi.

Bu esa mamlakatda ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi va Morales 10 noyabrda iste'foga chiqqanini e'lon qildi. Morales ortidan vitse-prezident va parlamentning har ikki palatasi spikerlari lavozimlarini tark etdi.

Senatorlar palatasi raisining ikkinchi o‘rinbosari Janin Anes o‘zini o‘tish davri prezidenti deb e'lon qildi. 

2020 yil oktyabrda mamlakatda prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovda Evo Morales rahbarligidagi "Sotsializm sari harakat" partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Luis Arse g‘alaba qozondi.

Mavzuga oid