Jahon | 15:40 / 13.03.2021
8601
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqib ketilishini xavfli deb hisoblamoqda

Mudofaa vazirligining ogohlantirishicha, Afg‘onistonni 1 maygacha xavfsizlikni ta'minlagan holda tark etish uchun vaqt yetarli emas.

Foto: Global Look Press/U.S. Air Force

AQSh mudofaa vazirligining ayrim vakillari 1 maygacha Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarining olib chiqib ketilishini juda xavfli va muammolar keltirib chiqaradi deb hisoblamoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Washington Post gazetasi xabar berdi.

 Rahbariyatning fikricha, qo‘shinlarning olib chiqib ketilishi mamlakatda fuqarolar urushi kelib chiqishi, AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi teraktlar uyushtirilishi va mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Mudofaa vazirligining ogohlantirishicha, Afg‘onistonni 1 maygacha xavfsizlikni ta'minlagan holda tark etish uchun vaqt yetarli emas.

 Nashrning aniqlik kiritishicha, harbiylar samolyotlarda olib chiqib ketilishi mumkin, ammo qo‘shinlarning olib chiqib ketilishi millionlab dollarlik maxfiy qurilmalar yo‘q qilinishini talab qiladi. 

 Bundan tashqari, Vashington ma'muriyatidagi amaldorning so‘zlariga ko‘ra, "Tolibon" qator majburiyatlarini bajarmadi va hali ham "Al-Qoida" terrorchilik tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda.

Avvalroq Afg‘oniston bo‘yicha tadqiqot guruhining vakili hisobotida prezident Jo Bayden ma'muriyatiga 2021 yil may oyigacha Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilishini kechiktirish tavsiya qilingandi.

2020 yil 29 fevralda Dohada AQSh ma'muriyati va "Tolibon" o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolangandi. Unga ko‘ra, AQSh, uning ittifoqchilari va koalitsiya 14 oy ichida Afg‘onistondan barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketish majburiyatini olgandi. Toliblar o‘z navbatida mamlakat hududidan AQSh va uning ittifoqchilari xavfsizligiga tahdid soladigan harakatlarni amalga oshirishda foydalanmaslikka kafolat bergandi.

Mavzuga oid