O‘zbekiston | 15:24 / 14.03.2021
7632
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro kibersport federatsiyasi prezidenti Toshkentga keldi

Espors Uzbekistan federatsiyasi (UESF) prezidenti Azizbek Pattaxov 6 mart kuni International Espors Federation (IESF) prezidenti Vlad Marinesku bilan uchrashdi.

Toshkentda tashkil etilgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda kibersportni ommalashtirish, ushbu yo‘nalishda xalqaro musobaqalarni ko‘paytirgan holda, uning Olimpiada o‘yinlariga qo‘shilishiga ko‘maklashish kabi mavzular kun tartibidan o‘rin oldi.

Muzokaralarda IESF'ning loyihalarida O‘zbekiston ham faol qatnashayotgani va qo‘llab-quvvatlab kelayotgani e'tirof etildi. Bu haqda O‘zbekiston kibersport federatsiyasi xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda kibersport rivojlanib borishi jarayonida IESF'ning to‘laqonli a'zosi hisoblangan Espors Uzbekistan federatsiyasi bu borada katta maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. IESF prezidenti federatsiyaning sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Vlad Marinesku Toshkentda yirik kibersport turnirlarini o‘tkazishga sharoitlar borligini qayd etdi. Azizbek Pattaxov ushbu sharoit va yutuqlar prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlar va sport sohasiga qaratilayotgan e'tibor mahsuli ekani, ko‘plab musobaqalar davlat tomonidan moliyalashtirilayotganini ta'kidladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston kibersport federatsiyasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamkorlikda ko‘plab musobaqalarni tashkil etmoqda. Kelgusida bunday katta musobaqalarni Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan ham birgalikda amalga oshirish reja qilingan.

Uchrashuv yakunida IESF rahbari tez orada O‘zbekistonga yana tashrif buyurishi va kelgusi rejalarni amalga oshirishda ikki tomon ham bir-biriga ko‘maklashishiga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid