«Ilm 70-yillardagi holatida qolib ketgan, infratuzilma oddiy tajriba uchun ham yaramaydi» - 2020 yilning eng yaxshi yosh biolog olimi bilan suhbat
Innovatsion rivojlanish vazirligi 2020 yil yakunlari bo‘yicha matematika, biologiya, kimyo va geologiya fanlaridan eng yuqori reytingga erishgan yosh olimlarni 100 mln so‘mgacha pul mukofoti bilan taqdirlagan edi.
Kun.uz muxbiri biologiya bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan olimlardan biri Tohir Bozorov bilan suhbatlashdi. Tohir Bozorov hozirda O‘zFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti ilmiy xodimi sifati faoliyat yuritib kelmoqda.
U suhbat davomida ilm yo‘lidagi mashaqqatlari, bugungi kunda ilm-fanga bo‘layotgan e'tibor va qarorlar, ularning amaldagi ko‘rinishi, ilm-fandagi o‘zi kuzatgan kamchiliklar, laboratoriyalarda zarur uskunalarning yetishmasligi haqida gapirdi.
«O‘zim haqimda»
O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya-tuproqshunoslik fakultetida avval bakalavr, so‘ng magistr darajasini olib, FA O‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida aspiranturada, 2008-2012 yillarda Germaniyaning Maks Plank nomidagi jamiyatning Kimyo ekologiyasi institutida doktoranturada o‘qidim.
Bu ilmiy muassasa ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha dunyoda top-3likka kiradi. Bu joyda men o‘simliklarda hasharotlarga bo‘ladigan javob reaksiyalarni molekulyar darajada o‘rganish ustida ilmiy ish qildim.
Himoyadan keyin O‘zbekistonga kelib o‘simliklarda metabolomika, molekulyar genetika va biostatistika sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib bordim. 2016 yilda Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Ekologiya va geografiyasi instituti taklifiga bilan u yerga bordim. O‘sha yili Xitoy Fanlari akademiyasi prezidenti tashabbusi bilan chet el olimlari uchun e'lon qilinadigan bir nechta stipendiyalarni olishga muvaffaq bo‘ldim. Avval postdoktorant, assistent professor va assoshieyt professori kabi lavozimlarda ishlab, ilmiy faoliyat olib bordim.
«O‘zbekistonda ilm 70-yillardagi holatida qolib ketgan»
O‘zbekistonda ilm-fan barcha yo‘nalishlarda XX asr 70-yillari holatida turg‘un qotib qolgan. Barcha sohalarda: biologiya, kimyo yoki fizika bo‘ladimi, shu ahvol.
Agar o‘sib borish grafigini tasavvur qilsak, o‘tgan asrning ilm taraqqiyoti 70-80 yillargacha progress bo‘lib o‘sgan, keyin esa to‘xtab qolganday ko‘rinadi. Albatta, 80-yildan hozirgi davrga qadar olib borilayotgan ilmiy ishlar bor, lekin juda past darajada, deyish mumkin.
Afsuski, oliy ta'limdagi dasturlar ham o‘sha davr taraqqiyotini qamrab oladi. Oliy ta'limda ham shu ilm asosida o‘qitiladi. To‘g‘ri, yaqin yillardan beri ta'lim dasturlarida qisman zamonaviy biologiya elementlari ko‘rinyapti. Hozirgi ilm-fandagi yutuqlar, asosan o‘tgan 40 yilda dunyo ilm-fanida erishilgan taraqqiyot asosida erishilyapti. Bu esa darsliklar va ilmiy yo‘nalishlarni yangilashni taqozo etadi.
«Mening 6 «Hirsh indeks»im ilm-fan rivojlanmaganini ko‘rsatadi, aslida»
2020 yil natijalariga ko‘ra, men va tibbiyot bo‘yicha ilmiy ish qiladigan yana bir olim, ikkimiz 40 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar orasida eng yuqori reytingga ega bo‘ldik. «Hirsh indeks»imiz 6 chiqdi va mukofot sohibi bo‘ldik. Avvalo, bu e'tirofdan xursandman.
Lekin mazkur yoshdagi dunyo olimlarini qarasangiz, «Hirsh indeks»i odatda 15dan yuqori bo‘ladi. Albatta, bunda har bir soha bo‘yicha turli xildir. Bizning ko‘rsatgan bu natijamiz aslida O‘zbekistonda ilm-fan qanchalik rivojlanganini ham ko‘rsatadi.
O‘zbekiston bo‘yicha biologiya sohasida 40 yoshgacha bo‘lgan olimlarda eng yuqori ko‘rsatkich - 6, bu ko‘p ham quvonarli emas. Bu biologiya yosh olimlar orasida rivojlanmaganini, rivojlanish pastligini ko‘rsatadi. Tayvan, Vetnam, Tailand, Belarus, Qozog‘iston kabi uncha rivojlanmagan davlatlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori.
O‘tgan yil noyabrdagi holatga ko‘ra, Scimago journals reytinglar hisoblaydigan ma'lumotlar bazasida O‘zbekiston 96 davlat ichida eng oxirgi o‘rinda turgan edi. 2020 yilda bor-yo‘g‘i 441ta maqola chiqarganmiz, bu juda past. O‘zbekistonning «Hirsh indeks»i 94 bo‘lib, bundan dunyo davlatlari orasida 129-, Markaziy Osiyo davlatlarida esa 2-, sobiq ittifoq davlatlari orasida esa 12-o‘rinda ekanimiz ko‘rinadi. Bu natija Fanlar akademiyasi, vazirliklarga qarashli institutlar hamda universitetlar — hammasini qo‘shib hisoblaganda berilgan ilmiy ko‘rsatkich.
Bizda ilmiy maqolalar chiqariladi, yo‘q emas. Lekin O‘zbekistondagi ilmiy jurnallar kuchli taqriz bilan yozilmaydi, sub'yektiv yondashuvga asosan fikr beriladi, ayrim hollarda maqola yozgan olim taqrizini ham o‘zi yozib keladi. Biz «Hirsh indeks»imizni oshirishga harakat qilsak, bu ilm-fan ildamlaydi, degan gap. Xorijda deyarli barcha ilmiy xodimlar «Hirsh indeks»iga ega ekanini ko‘rish mumkin. Bizning institut misolida olsak, sanoqli 8-9 nafar olimdagina «Hirsh indeks»i bor, xolos.
«Biologiya chegaralangan soha emas»
Biologiya bu o‘simlik va hujayralarnigina o‘rganish bilan chegaralangan soha emas. Jami tirik organizmlar borki, biologiya obekti bo‘la oladi. O‘z navbatida, kimyogarlar ham shunday fikrni aytadi. Chunki jamiki tirik organizm kimyoviy moddalardan iborat.
O‘simlik, bakteriya, zamburug‘, viruslar, insonlar, hayvonlar — hammasi biologiya olamiga kiradi. Biologiya sistematikasida ular guruhlarga bo‘lib o‘rganiladi: zamburug‘lar olami, viruslar olami, o‘simliklar olami. Bularning har birini o‘ziga xos soha olimlari o‘rganadi. Lekin umumiy qamrovda hammasi biologiya. Biologiya kimyo va fizika fanlari bilan chambarchas bog‘liqlikda o‘rganiladi. Ayniqsa, fundamental tadqiqotlarda.
«Biologik tadqiqotlar qo‘l uchida bajarib ketiladigan ishlar emas»
Germaniyada men o‘simliklarda hasharotlarga bo‘ladigan javob reaksiyalarni molekulyar darajada o‘rganishda kichik RNKlarning o‘rni ustida ilmiy ish qildim. Kichik RNKlar o‘sha paytda ildam va intensiv o‘rganilayotgan sohalardan biri edi, hozirda buning o‘rnini yangi mexanizmlar egalladi... Genom tahrirlash kabi mexanizmlarni o‘rganish ildam bo‘lib boryapti.
Avval bu kichik RNKlarni o‘rganish nega kerak bo‘lgandi? Buning fundamental ahamiyati juda ham kuchli, bu biologiya yangi qirralarini ochib berdi. U orqali inson, hayvon va o‘simlik organizmidagi keraksiz bo‘lgan genlarni o‘chirib qo‘yish mumkin bo‘ldi. Masalan, gen nokaut texnologiyasi orqali insonda saratonni keltirib chiqarish ehtimoli bo‘lgan hujayrani o‘chirib, ularning kamayishiga ta'sir etish mumkin. Onkologiya sohasida ham bu kabi ishlar olib borilgan. O‘simliklarda bu texnologiya bilan yangi navlar olish yoki ma'lum istalmagan genni o‘chirish orqali amalga oshirish mumkin. Bu qo‘l uchida bajarib ketiladigan ishlar emas, ilmiy tahlillar asosida bajariladi.
«Biologiya bo‘yicha infratuzilma oddiy tajriba o‘tkazish uchun ham talabga javob bermaydi»
O‘tgan yili prezident tomonidan matematika, kimyo, geologiya va biologiya sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ilm-fan yo‘nalishlari belgilangan edi. Lekin quyi organlarda bu borada biror jiddiy ish qilinganini ko‘rganim yo‘q. Balki, hozirgacha ham realizatsiya jarayonidadir. Aytmoqchimanki, qaror chiqarilyapti, lekin amalda ko‘rinmayapti, buni tan olib gapirish kerak.
Bizning institut ko‘proq biologiyaga yo‘naltirilgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini biologik-genetik tomondan tahlil qiladigan institut hisoblanadi. Avval qancha ilmiy loyiha olingan bo‘lsa, hozir ham shu, soni o‘zgargani yo‘q, qaror ta'siri sezilmaganini shu jihatdan ham ko‘rish mumkin. Umuman olganda, ilmga e'tiborning eng yaqqol ko‘rinishi oylik maoshlar oshirilganida bo‘ldi.
Agar davlatda fundamental tadqiqotga e'tibor berildimi, uning amaliy tadqiqoti o‘z-o‘zidan kelib chiqaveradi. Dunyoda fundamental ilmga ikki xil yondashuv bilan qaraladi. Masalan, Xitoyda fundamental tadqiqotdan foydali tomonni ishlab chiqishga yo‘naltiriladi. Ilmning mag‘zi bo‘lgan sof fundamental kashfiyotlar qilish ko‘proq Yevropa, AQSh va boshqa g‘arb davlatlarida rivojlangan.
Ilm-fanni rivojlantirish strategiyasini, asosan fundamental tadqiqotlarni ko‘paytirish hisobiga ishlab chiqish kerak, biroq boshida amaliy va innovatsion loyihalarga e'tibor qaratdik. Iqtisodiyot taraqqiyoti uchun bu kabi loyihalarga e'tibor berish kerakdir, lekin buni kuchli fundamental baza bo‘lsagina qilish mumkin. O‘tgan 30 yil mobaynida fundamental taraqqiyot rivojlanmadi, deb o‘ylayman. Bu amaliy va innovatsion loyihalarga zamonaviy g‘oyalar yetkazib berilmaganini ko‘rsatdi. Har qanday ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan ilm-fan fundamental tadqiqotlardan olinadi.
Qaror ta'sirini sezmaganimga yana bir misol - institut moddiy-texnik bazasi qanday bo‘lsa, shu holatda qoldi. Infratuzilma abgor holatda. Tan olish kerak, institutimiz e'tibortalab. Institut eksperimental yo‘nalishda bo‘lgani uchun ko‘proq investitsiya olib kirish va zamonaviy laboratoriyalar ochish kerak.
Laboratoriyalar zamonaviy holatda emas. Ikki xorijiy davlat laboratoriyalari misolida taqqoslab beraman. Germaniyadagi Maks Plank institutida fundamental tadqiqotlar uchun 2010 yilda 2 mlrd yevro ajratilgan. Bu jamiyat o‘z ichiga 80ta institutni qamrab oladi. Bunaqa jamiyatlar esa bir nechta. Sharoit Germaniyadagi boshqa ilmiy tadqiqot institutlaridan ancha yaxshi. Chetdan borgan odam hayratda qolishi tayin. Kishida g‘oya bo‘lsa, istalgancha tadqiqot qilish mumkin.
Xitoyda men ishlagan institut laboratoriyasi Germaniyadagidek emas, qiyosan o‘rtacha laboratoriya deb baholasa bo‘ladi. Umuman olganda, bu joyda yaxshigina ilmiy tadqiqotlar olib borish mumkin. Shuni genetika institutidagi har qanday laboratoriya bilan solishtirsak, Xitoy biz uchun eng rivojlangan bo‘lib ko‘rinadi.
Bizdagi infratuzilmani oddiy tajriba o‘tkazish uchun ham talabga javob bermasligidan bilsa bo‘ladi. Institutimizda zamonaviy molekulyar biologik tadqiqotlar olib borilishi, gen funksiyasi o‘rganish, molekulyar biologik va molekulyar genetik analizlar, biotexnologik uslublar ishlab chiqishni biz ham xohlaymiz. Bu mintaqamiz uchun dolzarb bo‘lgan o‘simliklarning sho‘rxoklikka va qurg‘oqchilikka chidamli-chidamsiz bo‘lgan ekotiplarini ajratib olish, molekulyar genetikaga asoslangan urug‘chilik, virussiz ko‘chatlarni yetkazib berish hamda boshqa ishlar uchun imkon berar edi. Hozirgi sharoit bilan bu ishlarni qilib bo‘lmaydi.
«Qayerda sharoiti bor laboratoriya bo‘lsa, o‘sha joyda ishlayman»
G‘arbda bir xil ixtisoslik bo‘yicha ishlaydigan va har xil ixtisoslik bo‘yicha ishlaydigan olimlar bo‘ladi. Masalan, biologiyaning turli yo‘nalishlarida tadqiqot olib boradigan.
Men ham molekulyar ekologiya, ekologiya, fiziologiya, molekulyar genetika, genetika, mikrobiologiya kabi yo‘nalishlarda ishlayman. Qayerda sharoiti bor laboratoriya bo‘lsa, o‘sha joyning ilmini qila olaman.
Ilmga ishlab chiqarish nuqtayi nazaridan qarar ekanmiz, birinchi navbatda biotexnologik laboratoriyalar yaratish lozim. Bu bo‘yicha ham maqolalar e'lon qilganmiz. Biotexnologik laboratoriyalar qiladigan eng sodda ishlardan biri - ko‘chatlarning intensiv navlarini yaratish. Masalan, xorijdan pista, olma, yong‘oqlarning intensiv navlari olib kiriladi. Valutani tejab qolmoqchi bo‘lsa, biotexnologik laboratoriyani rivojlantirish, kadrlar tarbiyalash kerak, chunki shu narsani o‘zimizda ham qilish mumkin. Bunday laboratoriyalar tashkil qilish boshqa molekulyar laboratoriyalarga nisbatan arzonga ham tushadi.
Kelajakdagi maqsadlar ko‘p. Molekulyar biologiyaga yo‘naltirilgan bir laboratoriya tashkil etish asosiy maqsadim, desam ham bo‘ladi. Men taqdim etgan grant loyiha o‘tmadi, loyiha bo‘lmagandan keyin laboratoriya ham yo‘q degani. Lekin to‘xtash niyat yo‘q. Oliy ta'lim muassasalari uchun molekulyar biologiya darsligi yozishni ham reja qilganman.
Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:51 / 21.09.2024
Ilm-fanni moliyalashtirish: taklif qilinayotgan yangi tizim samara beradimi?
15:22 / 19.07.2024
O‘zbekiston 2024 yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi
17:12 / 20.06.2024
G‘ururi toptalganiga chidolmay, rivojlangan xalq - Yaponiyada ilmga munosabat haqida
08:22 / 08.06.2024