O‘zbekiston | 19:12 / 15.03.2021
14849
3 daqiqa o‘qiladi

«Oladi, yo‘q bo‘ladi, shu bilan qum ichiga singib ketadi» – Tanzila Norboyeva davlat mukofoti olgan xotin-qizlar haqida

Senat raisi Tanzila Norboyeva Zulfiya mukofotini qo‘lga kiritgan xotin-qizlarning keyingi faoliyatidan qoniqmayotgani haqida gapirib, ular o‘z hududlarida xotin-qizlar muammolarini hal qilishda hech qanday samarali faoliyat olib borishmayotganiga e'tiroz bildirdi.

Bugun, 15 mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Senat raisi (u kengashga ham rais) Tanzila Norboyeva, Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa mas'ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Kengashning ilk yig‘ilishida xotin-qizlarning ijtimoiy muammolari va ularni tizimli hal qilish masalalari muhokama qilindi. Kengash raisi Tanzila Norboyeva ushbu masalalar yuzasidan mas'ul vazirlik vakillarini yig‘ib, har biriga alohida muddatli topshiriq berdi.

Yig‘ilish davomida Tanzila Norboyeva davlat mukofoti, jumladan, Zulfiya mukofotini qo‘lga kiritgan xotin-qizlarning keyingi faoliyatidan qoniqmayotgani haqida gapirdi. Norboyevaning e'tiroz bildirishicha, ular o‘z hududlarida xotin-qizlar muammolarini hal qilishda hech qanday samarali faoliyat olib borishmayapti.

«Zulfiya»ni har yili bir viloyatdan 2 nafardan nomzod oladi. Qani, nega mana shunaqa ishlarga yordam berishmaydi? Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha ishlayotgan hokim maslahatchilari, qani o‘sha ayollar? Nima uchun ular shunaqa og‘ir masalalar ustida ishlashmayapti? Buni sizlarga nisbatan juda qattiq e'tiroz deb tushuninglar.

Viloyat, tumanlarda shunaqa muammoli xotin-qizlar bo‘ladigan bo‘lsa, bundan xulosa chiqarishinglar kerak. Ishni to‘g‘ri tashkillashtira olmagansiz, umuman natijani berolmagansiz degan bahoni qo‘yamiz. Sizlar hozir bizga indamayapti, davlat rahbari e'tiroz qilmayapti, deb bemalol yuribsizlar.

Hamma faol ayollar, davlat mukofotini olgan ayollarni yig‘inglar. «Zulfiya»chi qizlar bor, har yili yo‘q bo‘lib ketyapti. Oladi, yo‘q bo‘ladi, qum ichiga singib ketadi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat mukofotiga nomzodlarni tanlashda keyinchalik qiladigan ishi natija beradigan ayollarni saralab olish kerak. Tanish-bilishchilik yoki chiroyli ko‘rinishi uchun mukofot berish kerakmas», – deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid