Jamiyat | 13:57 / 15.03.2021
24734
2 daqiqa o‘qiladi

Xatirchi tumaniga yangi hokim tayinlandi

Bugun, 15 mart kuni xalq deputatlari Xatirchi tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Navoiy viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 

Tuman hokimi G‘afur Aliyev boshqa ishga o‘tgani sababli lavozimidan ozod etildi. Sayfiddin Nizomov Xatirchi tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Sayfiddin Nizomov 1966 yilda Navoiy viloyati, Nurota tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1990 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan, mutaxassisligi - iqtisodchi.

U 2002-2005 yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 2005-2008 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, 2008-2009 yillarda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi bo‘lim boshlig‘i, 2009-2015 yillarda Navoiy viloyat hokimligi Axborot-tahlil guruhi rahbari bo‘lib ishlagan.

2015-2016 yillarda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi institut direktori, 2016-2017 yillarda Mehnat vazirligi tasarrufidagi o‘quv markazi direktori bo‘lgan.

Tayinlovga qadar S.Nizomov Toshkent viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.                                                                                                               

Ma'lumot uchun, Xatirchi tumani 1964 yilda tashkil topgan. Aholisi – 196,9 ming kishi. Tuman qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Mavzuga oid