O‘zbekiston | 22:49 / 16.03.2021
14898
2 daqiqa o‘qiladi

«Sudyalarning oyligini ochiqlash shart emas, deb hisoblaymiz» - Oliy sud

O‘zbekistonda sudyalar moliyaviy jihatdan «yetarli darajada» ta'minlangan, lekin ularning aynan qancha oylik olishlarini aytish shart emas. Oliy sudda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday deyishdi.

O‘zbekiston Oliy sudi 16 mart kuni matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda qatnashgan Kun.uz muxbirining sudyalar oylik maoshi haqidagi savoliga aniq javob berilmadi.

«O‘zbekiston sud tizimidagi sudyalar soni 1300 nafardan ortiq. Bunga jinoiy, fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy sudlarning barcha sudyalari kiradi.

Oylik ish haqlariga keladigan bo‘lsak, bu ma'lumotlar sir emas. Bitta sudyaning oilasini boqishga yetadigan oylik beriladi. Buni ochiqlashni shart emas, deb hisoblaymiz. Ertaga bu narsa yana boshqa tanqidiy muhokamalarni keltirib chiqarishining oldini olish nuqtayi nazaridan.

Masalan, «shuncha oylik olarkan, shuning uchun ham korrupsiyaga yo‘l qo‘yadi» yoki «buncha oylik olarkan, lekin korrupsiya…» kabi tanqidiy fikrlar kelib chiqishining oldini olish nuqtayi nazaridan, bu narsani ochiqlamaslik tarafdorimiz,» – dedi Oliy sud sudyasi Abduvohid Qosimov.

Abduvohid Qosimov

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ham sudyalar va sud xodimlari davlat tomonidan «yetarli darajada moliyaviy ta'minlagani»ni aytib, javobni qisqa qildi.

Aziz Obidov

Mavzuga oid