O‘zbekiston | 08:08 / 16.03.2021
2345
2 daqiqa o‘qiladi

Xatirchi qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida ko‘plab tumanlardan ortda qolmoqda – Qobul Tursunov

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov xalq deputatlari Xatirchi tuman kengashida hudud aholisini tashvishga solayotgan muammolar xususida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda hokimlik axborot xizmati.

Kecha, 15 mart kuni kuni bo‘lib o‘tgani xalq deputatlari Xatirchi tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov ma'ruza qilib, tumanda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida gapirdi.

Hokim tumanda aholi bandligini ta'minlash, kambag‘allikni bartaraf etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ichki yo‘llar nosozligi, tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, “mahallabay ishlash” tizimidagi o‘zibo‘larchiliklar xususida tanqidiy fikrlar bildirgan. 

Ta'kidlanishicha, tuman qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda xomashyo zaxirasi bo‘yicha ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lishiga qaramasdan, viloyatning ko‘plab tumanlaridan ortda qolmoqda. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mahsulot eksporti va boshqa ko‘plab sohalarda zamon bilan hamqadamlik sezilmayapti. Bu kabi salbiy ko‘rsatkichlar esa aholining haqli e'tirozlariga hamda ariza va murojaatlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Kecha mazkur sessiyada Xatirchi hokimi lavozimida ishlab kelgan G‘ofur Aliyev vazifasidan ozod etilib, Toshkent viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Sayfiddin Nizomov deputatlar tomonidan Xatirchi tuman hokimligiga tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid