O‘zbekiston | 10:52 / 17.03.2021
15071
5 daqiqa o‘qiladi

Moskvada ishlashni xohlovchilar patentni Toshkentda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ldi

Toshkentda Moskva shahri va viloyati uchun migrantlarga patent rasmiylashtiruvchi idora - «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi» filiali ochildi. Endilikda, Rossiyaning eng yirik shahrida mehnat faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga shu yerning o‘zida qator xizmatlar ko‘rsatiladi. Rossiyaning boshqa mintaqalaridagi migratsiya markazlarining filiallari O‘zbekistonning turli shaharlarida ochilishi ham rejalashtirilgan.

16 martda Toshkentdagi «Ishga marhamat» monomarkazida Moskva shahridagi «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi»ning O‘zbekistondagi filiali rasman ochildi. U Moskva shahri va viloyatida ishlash istagidagi chet ellik fuqarolar uchun patent rasmiylashtirish xizmatini ko‘rsatadi.

Endi mehnat migrantlari Rossiya hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish jarayonini bevosita Toshkent shahridagi filialda boshlashlari mumkin. «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi»ning O‘zbekistondagi filiali orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

«Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlash, kasbiy malakasini baholash, ish beruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilishini tashkil etish, ushbu davlatga kirish va mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq taqiqlarni tekshirish, mehnat migrantlariga ishga joylashish, ishlash uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarni inobatga olgan holda mamlakatda bo‘lish tartiblari bo‘yicha maslahatlar berish, ularning Rossiyaga kirib borishiga ko‘maklashish va mavjud vakansiyalar haqida ma'lumotlar berish kabi xizmatlar amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yerda Rossiyaga kirishga taqiq bor-yo‘qligini ham tekshirish mumkin bo‘ladi», - dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov.

Uning aytishicha, Rossiya mintaqalaridagi migratsiya markazlarining filiallari respublika viloyatlaridagi monomarkazlarda ham bosqichma-bosqich ochiladi. Jumladan, Samara viloyati Farg‘ona vodiysi viloyatlarida o‘z filiallarini ochish istagini bildirgan bo‘lsa, Tatariston, Boshqirdiston respublikalari Migratsiya markazlari Samarqand viloyatiga qiziqish bildirmoqda.

Filialga to‘lanadigan haq Moskvadagidan qanchalik farq qiladi?

Bu savolga javob bergan Erkin Muhiddinovga ko‘ra, narxlar Moskvadagi markazga to‘lanadiganidan farq qilmaydi. Ammo, istagan fuqarolarga subsidiyalar, 2 mln so‘mgacha mikroqarzlar taqdim etilishi, tez orada yo‘lga qo‘yiladi. Shunday qilib, markaz saytidan olingan ma'lumotga ko‘ra, bugungi kunda Moskva shahrida patent rasmiylashtirish uchun to‘lanadigan pul jami 15 ming rublga yaqinni tashkil etadi. Demak, Toshkentdagi filialga kelgan mehnat migranti ham bu yerda 2 mln 200 ming so‘mga yaqin mablag‘ to‘lashi talab etiladi.

Ta'kidlash kerak, filialda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xizmati ko‘rsatilmaydi. Moskva shahar «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi» rahbari Sergey Baldinning izoh berishicha, filialda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasi hal etilmoqda.

Sergey Baldin

«Bu masalani ikki qismga bo‘laylik. Bizda hozir murakkab epidemiologik vaziyat. Kovid bilan bog‘liq voqealar rivoji natijasida chegaralarimiz yopiq. Shu boisdan ham PsR testlari va emlash darajalarini unifikatsiyalash, ya'ni bir xillashtirish masalasi hukumatlar darajasida muhokama qilanayotgan jihatlardir. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, Rossiya hududiga kirishga ruxsat beruvchi tibbiy ma'lumotnomalar olish masalasi. Shu paytga qadar, mamlakatlarimiz o‘rtasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish me'yorlari unifikatsiya qilinmagan. Bu borada ham hukumatlar darajasida ish olib borilyapti. Agarda, ushbu me'yorlar bir xillashtirilsa, shundagina bu masalaga qaytishimiz mumkin.

Hozircha, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, faqatgina Rossiya tibbiyot muassasalari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish huquqiga ega. Umuman olganda, bu tarzda ish tashkil qilingach, fuqaroning Saxarovodagi markazga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi ko‘p vaqt olmaydi, taxminan bir soatda barcha ko‘rikdan o‘tib bo‘ladi. Tahlillar laboratoriyasi ham markazning o‘zida joylashgan va tahlillar javobi bir kunda chiqadi. Bu unchalik qiyin ish emas», - dedi Sergey Baldin.

Uning ta'kidlashicha, Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar, Rossiyaga bormasdan avvalroq, ishlashga ruxsat bermaydigan ayrim xastaliklar uchun O‘zbekistonning o‘zida oldindan tahlil topshirishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shunday qilib, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqaro ushbu filialda birlamchi hujjatlarni to‘ldirib, Moskva shahridagi «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi»ga topshiradi va tezlashtirilgan tartibda patent olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, mehnat migrantlariga taqdim etilayotgan yana bir qulaylik bu maxsus ishlab chiqilgan mobil ilova – MMSdir. Mazkur mobil ilova orqali ham O‘zbekistonning o‘zidan patent olish uchun navbatga turish, turli to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Unda mehnat migrantlari uchun boshqa qulayliklar ham nazarda tutilgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid