Jahon | 23:28 / 18.03.2021
13609
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta yo‘lovchi samolyot A380 ishlab chiqarilishi to‘xtatildi

Yevropaning Airbus aviakonserni Fransiyaning Tuluza shahridagi zavodida dunyodagi eng katta yo‘lovchi samolyot hisoblangan Airbus A380’ning oxirgi nusxasini yig‘di. Ushbu samolyot BAAning Emirates aviakompaniyasiga topshiriladi.

Foto: Airbus

MSN272 bort raqamiga ega bo‘lgan oxirgi A380 to‘liq jihozlanishi uchun 17 mart kuni Tuluzadan Hamburgdagi korxonaga yetkazilgan. 

Kompaniya A380 samolyotlari ishlab chiqarilishi to‘xtatilishini 2019 yildayoq e'lon qilgandi. Bunday qarorga A380’ning eng yirik xaridori bo‘lgan Emirates tomonidan ushbu laynerlarga buyurtmalar qisqarib ketgani sabab bo‘lgan. BAA aviakompaniyasi 39ta A380 o‘rniga 40ta A330neo va 30ta A350 sotib olishga qaror qilgan. Ushbu modellar kamroq o‘ringa mo‘ljallangan, biroq ancha tejamkor hisoblanadi.

“Bu qaror sababli bizda katta hajmda bajarilmagan buyurtmalar yo‘q va shu sababli samolyotlarni boshqa kompaniyalarga sotish bo‘yicha barcha urinishlarga qaramay, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga asos ham yo‘q. Natijada A380’lar yetkazilishi 2021 yilda to‘xtatiladi”, deb aytgan kompaniya bosh direktori Tom Enders.

Airbus A380 2005 yildan boshlab ishlab chiqarilgan, 2007 yilda esa undan foydalanish boshlangan. Samolyot uzunligi 73 metrni, balandligi 24,1 metrni tashkil qiladi. Uning qanotlari qulochi 79,8 metrga teng. Samolyot uch sinfli komponovkada o‘z bortiga 525 yo‘lovchini, bir sinfli komponovkada esa 850dan ko‘proq yo‘lovchini sig‘dira oladi. Samolyot qo‘nishsiz 15,2 ming kmgacha ucha oladi.  

Samolyotga talab eng yuqori darajada bo‘lganda kompaniya yiliga undan 30 donadan ishlab chiqargan, biroq bu ko‘p davom etmagan. 2018 yilda uni ishlab chiqarish hajmi yiliga 12 donagacha tushib ketgan. Umumiy hisobda ushbu samolyotdan 251 dona ishlab chiqarilgan.

2020 yil yanvaridagi ma'lumotlarga ko‘ra, tarix davomida ushbu turdagi 58ta samolyot ishtirokida turli ko‘ngilsiz hodisalar yuz bergan, biroq ular oqibatida birorta odam halok bo‘lmagan.      

Pandemiya sababli ba'zi aviakompaniyalar A380 samolyotidan foydalanishni to‘xtatgan. Biroq bir qator aviakompaniyalar reyslar va yo‘lovchilar soni qisqargan hozirgi sharoitda ham undan foydalanishda davom etmoqda.

Mavzuga oid