Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yagona portalda boj va jarimalarni onlayn to‘lash bo‘yicha alohida platforma yaratiladi
Vazirlar Mahkamasining “Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (Yagona portal) takomillashtirilgan talqini hamda uning mobil ilovasi ishga tushirilgan, shuningdek davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat xizmatlarini onlayn xizmatlar indeksi talablaridan kelib chiqqan holda elektron ko‘rinishga o‘tkazish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma'muriy tartibotlari va bosqichlarini soddalashtirish hamda optimallashtirish, ularni ko‘rsatish bilan bog‘liq axborot tizimlari va resurslarini ishlab chiqish, ma'lumotlarni raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) 2021 yil sentyabr oyidan boshlab Yagona portal o‘z faoliyatini “Arizachi portal uchun emas, balki portal arizachi uchun” tamoyili asosida olib borishga, shuningdek aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining portalga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish yo‘li bilan yanada mustahkamlashga qaratadi;
b) Yagona portal orqali elektron davlat xizmatlarini joriy etish, ushbu davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tegishli axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalari mavjud bo‘lgan taqdirda hamda elektron davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha tasdiqlangan ma'muriy reglament asosida amalga oshiriladi;
g) Yagona portal orqali kelib tushayotgan arizalarni ko‘rib chiqishda ma'muriy reglamentlarda ko‘rsatilmagan va asoslantirilmagan sabablar asosida rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
d) “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida (id.egov.uz) o‘z qayd yozuvlari haqiqiyligini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan foydalanuvchilar xohishiga ko‘ra Yagona portal mobil ilovasi orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlaridan elektron raqamli imzo talab qilinmasdan cheklovsiz foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Yagona portalda joriy etilgan davlat xizmatlari sifatli ko‘rsatilishini ta'minlash maqsadida:
arizachilarga ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va yangi xizmatlarni joriy etish borasida – “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi;
Yagona portalni texnik qo‘llab-quvvatlash va foydalanish jarayonidagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish – Yagona integrator “UZINFOCOM” MChJ;
davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan idoraviy axborot tizimlari va axborot resurslarining uzluksiz ishlashi va ma'lumotlar haqqoniyligi va aktualligini ta'minlash hamda davlat xizmatlari bo‘yicha asossiz rad javoblari berilishi va (yoki) arizalar ko‘rib chiqish muddatlari sun'iy cho‘zilishi holatlari oldini olish qismida — davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida ishtirok etayotgan axborot tizimlari belgilangan texnik hujjatlarga muvofiq faoliyatini nazorat qilish va kamchiliklar aniqlangan hollarda ularni bartaraf etish hamda yo‘l qo‘yilgan mas'uliyatsizliklar bo‘yicha zarur choralar ko‘rish qismida —Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi;
davlat xizmatlari “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ko‘rsatilishi qismida — Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi mas'ul va javobgar ekanliklari belgilab qo‘yiladi.
Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga uy-joy kommunal xizmatlar sohasida yanada qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba sifatida 2021 yil iyuldan 2021 yil yakuniga qadar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlaridan arizachi xohishiga ko‘ra kompozit tarzda foydalanish tizimi joriy etiladi.
Bunda:
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha yagona elektron murojaat qilinishi va yagona to‘lov amalga oshirilishi;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlarni olishdan boshlab hisoblagichlarni plombalashgacha bo‘lgan xizmatlar ketma-ketlikda ko‘rsatilishi;
kompozit xizmat ariza kelib tushgandan boshlab 7 ish kuni mobaynida to‘liq ko‘rsatilishi inobatga olinadi.
Uy-joy kommunal vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta'minot”, “O‘zsuvta'minot”, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mazkur kompozit xizmatni ko‘rsatish bo‘yicha ma'muriy reglament tasdiqlanishini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun kiritilishini ta'minlaydi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 iyulga qadar Yagona portalda davlat bojlari va davlat organlari tomonidan solingan jarimalar hamda boshqa to‘lovlarni tegishli bank va boshqa to‘lov tizimlari orqali onlayn tarzda to‘lash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi alohida platforma ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini ta'minlaydi.
Mavzuga oid
10:06 / 21.04.2025
Buxoroda IIBning qator mulozimlari ishdan olindi
11:52 / 02.12.2024
Organ xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanmoqda
12:06 / 18.11.2024
O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Oksfordda malaka oshirishi mumkin
16:00 / 21.10.2024