Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Andijon viloyati hokimligi tadbirkorning 400 mln so‘m xarajatini homiylik deb qabul qilishga uringan» - Oliy sud sudyasi
Prezident tashrifi arafasida Andijondagi bog‘da viloyat hokimligi tashabbusi bilan ishlagan tadbirkor 400 million so‘mlik xarajat qilgan. Pulni to‘lashga kelganda esa viloyat hokimligi bu xarajatlarni tashrif arafasidagi homiylik deb hisoblashini bildirgan, deya ma'lum qildi Oliy sud sudyasi Qobiljon Komilov.
O‘zbekiston Oliy sudi 16 mart kuni sud-huquq islohotlari va sudlarda adolatni ta'minlash mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Tadbirda Oliy sud sudyasi Qobiljon Komilov qonunlar ijrosini to‘liq ta'minlamayotgan hokimlar haqida gapirarkan, tadbirkor va Andijon viloyati hokimiyati o‘rtasidagi sud jarayonlari haqida to‘xtaldi.
«Amaliyotda shunaqa narsa kelib chiqadi – biz endi baribir o‘zbekmiz, balki jamiyatimiz shunaqadir – ba'zi qonunlarimizning ijrosi oqsaydi. 2020 yilgacha Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom bo‘lgan. Unda birovning mulki qanday holatlarda olib qo‘yilishi va uning puli qanday to‘lanishi belgilangan. O‘sha tartibda biror kimning mulkini buzishdan 6 oy avval ogohlantirish berish kerak edi, shundan keyin mulkning egasi o‘ziga beriladigan kompensatsiya turini tanlashi kerak edi. Masalan, «Boshqa joydan yer yoki bino ber» yoki «Mulkimning qiymatini pul sifatida to‘lab ber» deb aytishi kerak bo‘lgan.
Lekin biz nima qilamiz, 3 kundan keyin prezident kelarkan, shu joyni tozalashimiz kerak deymiz-da. Men o‘zim sudya bo‘lguncha hokimiyatda ishlaganman. Yuqoridagi nizomda bo‘lgani kabi 6 oy oldin ham ogohlantirmaymiz, kompensatsiya to‘lashga imkoniyat ham bermaymiz, shartta buzamiz.
Yashiradigan joyi yo‘q, shunga doir [Oliy sudda] bitta ish ko‘rdik. Andijonda Bobur bog‘i bor. U yerga davlat rahbarining tashrifi bo‘lishi kerak bo‘lgan. 10 kun avval harakat boshlangan, ura-ura qilib [hokimiyatdagilar] bitta tashkilotni topishyapti, o‘sha joyni tekislab, archa ekyapti va obodonlashtirish ishlarini bajaryapti. Lekin na hokimiyat va tadbirkor o‘rtasida na bir shartnoma va na bir kelishuv bor, hech narsa yo‘q. Keyin tadbirkor iqtisodiy sudga murojaat qilib, bu ishlarga 400 million so‘m xarajat qilganini aytyapti. Andijon viloyati hokimligi biz buni davlat rahbari tashrifi arafasida homiylik yordami sifatida qabul qilganmiz, deyapti. Tadbirkor 400 million so‘mni o‘sha bog‘ uchun bag‘ishlab qo‘ymaydi-ku.
Bu ishni quyi sudlarimiz ko‘rib chiqib, rad qilgan ekan, biz Oliy sudda ko‘rib chiqdik va hujjatlarni o‘rganib, Andijon viloyati hokimligi departamentidan ushbu summani undirib berdik», – dedi Oliy sud sudyasi.

Qobiljon Komilov boshqa davlatlarda qattiq hurmat qilinadigan xususiy mulk huquqi aslida O‘zbekiston qonunlarida ham yozib qo‘yilganini, lekin ular ta'minlanmayotganini aytdi.
«Aslida qonunlarning ijrosini ta'minlab, shundan so‘ng tadbirkorlarning mulkini buzish kerak. Internetda ko‘ramiz, katta trassalarning o‘rtasida kichik uylar qolib ketgan, yo‘l aylanib o‘tadi, lekin mulk egasi rozi bo‘lmagani uchun uning uyi buzilmay qolib ketgan. Xitoymi, Amerikami, hamma joyda bor bunaqa holatlar. Lekin nima uchun bizda yo‘q?
[Mulk himoyasi] bizning ham qonunlarimizda bor. Bekorga hokimlarning 3 mingga yaqin qarori noqonuniy deb topildimi? Ularning hammasi amaldagi qonunlar va qonun osti hujjatlariga rioya qilinmagan holatda qabul qilingan hokimlik qarorlari edi. Ma'muriy sudlar ham havasga hokimlikning qarorlarini bekor qilmaydi. Asos bo‘ladi bunga ham, bu davlat organining qarori», – dedi Oliy sud sudyasi Qobiljon Komilov.
Ma'lumot uchun, oxirgi 2 yilda hokimlarning 3 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan noqonuniy deb topilgan.
Mavzuga oid
23:37 / 01.05.2025
Payariq hokimining ta’qibi ortidan qamalgan tadbirkorni Oliy sud ozod qildi
16:21 / 30.04.2025
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi
20:07 / 22.04.2025
2025 yil birinchi choragida 4,7 ming kishi ozodlikdan mahrum qilindi
16:07 / 16.04.2025