O‘zbekiston | 18:53 / 20.03.2021
7802
2 daqiqa o‘qiladi

«Bizni yopib qo‘yishadi». Mask Tesla avtomobillaridan josuslik uchun foydalanish xatari haqida gapirdi

Avvalroq Reuters va Bloomberg Xitoyda harbiy obektlar va garnizonlar hududiga Tesla avtomobillarida kirish taqiqlab qo‘yilgani haqida yozgandi.

Foto: Getty Images

Tesla bosh direktori Ilon Mask agar uning avtomobillari josuslik uchun foydalanilgan bo‘lganida kompaniya allaqachon yopilib ketgan bo‘lardi, dedi. Reuters agentligining yozishicha, milliarder bu haqda Xitoyni rivojlantirish forumida aytgan.

Mask Reuters va Bloomberg tarqatgan xabarlarga ana shunday munosabat bildirdi. Avvalroq bu agentliklar Xitoyda harbiy obektlar va garnizonlar hududiga Tesla avtomobillarida kirish taqiqlab qo‘yilgani haqida yozgandi. Ma'lum qilinishicha, bu taqiqlov avtomobillarga o‘rnatilgan kameralar biror maxfiy ma'lumotni yig‘ishi va muayyan obektlarning joylashuvini oshkor qilishidan xavotir sababli kiritilgan. 

«Agar tijorat kompaniyasi josuslik bilan shug‘ullansa, kompaniya uchun buning salbiy oqibatlari juda kuchli bo‘ladi. Masalan, agar Tesla avtomobillaridan Xitoy yoki boshqa yerda, har qanday mamlakatda josuslik uchun foydalangan bo‘lganida, bizni yopib qo‘yishardi», — deya Maskning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Bloomberg.

Xitoy dunyodagi eng yirik avtomobil bozori hisoblanadi. Tesla o‘zining elektromobillar ishlab chiqaruvchi xorijdagi birinchi zavodini aynan o‘sha yerda, Shanhayda ochgan. Tesla 2020 yilda Xitoyda 147 445 dona – butun dunyoda sotilgan avtomobillarining 30 foizini sotgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid