O‘zbekiston | 09:30 / 20.03.2021
6443
3 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsga doir ma'lumotlar bo‘yicha o‘zgartirish kiritiladi

«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 15 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 19 dekabrda ma'qullangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun 13-moddasi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Jumladan, 13-modda 2019 yil 2 iyulda qabul qilingan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning quyidagi mazmundagi 27-1-modda bilan to‘ldirilishiga bog‘liq:

«Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart».

Mazkur qonun talabidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 141-2-moddasiga hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-2-moddasiga shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi masalasida o‘zgartirish kiritilmoqda.

Qonun ijrosini ta'minlash maqsadida, xorijiy mamlakatlar (Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston) ma'muriy va jinoyat qonunchiligi o‘rganilgani aytiladi.

Bildirilishicha, bugungi kunga kelib ommaviy kommunikatsiyalar rivojlanishi bilan ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma'lumotlar uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida shaxsga doir ma'lumotlardan (fotosuratlar, ism-sharif, lavozim va hokazo) uning roziligisiz foydalanish, tarqatish holatlari ham ko‘paygan. Ko‘pchilik internet foydalanuvchilari o‘z shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid ma'lumotlar tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr ko‘rib qolmoqda.

Yangi tartib o‘rnatilishi jismoniy va yuridik shaxslarga insonning shaxsiy hayoti, uning shaxsiga doir ma'lumotlarni qonunga xilof ravishda olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatishdan javobgarlik tahdidi tufayli tiyilish va umuman unga doir ma'lumotlar bilan qonuniy ishlash samaradorligini oshirilishiga xizmat qilishi aytiladi.

Mavzuga oid