Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning yetakchi ilmiy markazi Germaniyaning nufuzli klinikalari bilan hamkorlik boshladi
Germaniyaning eng nufuzli Robert Kox institutining malakali epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist kabi tajribali mutaxassislari, Sharite universiteti klinikasi vakillari va Germaniyaning yuqori malakali virusolog, infeksionist, telemeditsina bo‘yicha mutaxassislaridan iborat tibbiy guruh O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev ushbu delegatsiyani qabul qildi. Muloqot davomida vazir yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Angela Merkel o‘rtasida bo‘lib o‘tgan onlayn-sammitda ham sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi alohida tilga olinganini eslatib o‘tdi. Ayniqsa, ikki mamlakat rahbari muloqot davrida yuqumli kasalliklarni o‘rganish sohasida Yevropaning nufuzli tadqiqot markazi bo‘lgan Robert Kox instituti bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilishi ta'kidlanganini aytdi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash sohasi rivojlangan davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, klinikalari bilan hamkorlik qilish masalasiga yurtimizda katta e'tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi. Ayniqsa, Yevropaning ikki nufuzli tibbiyot maskani bo‘lmish Robert Kox instituti va Sharite universiteti klinikasi bilan ham samarali aloqalarni rivojlantirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgani, ushbu delegatsiya tashrifi esa bunga zamin yaratishi qayd etildi.

«O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlariga mehmondo‘stlik uchun alohida minnatdorlik bildiramiz. Biz tashrif buyurgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Ushbu markazlarning mutaxassislari bilan tajriba almashish to‘g‘risida kelishib oldik. Asosiysi, biz hamkorlik aloqalarimizni kengaytirishdan manfaatdormiz. Shuningdek, Germaniyaning boshqa tibbiyot muassasalari ham o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyor. O‘ylaymanki, keyingi tashriflarimiz davomida safimizda ular ham bo‘lishadi», dedi Robert Kox institutining Xalqaro tibbiyot markazi direktori Andreas Yansen.
Ushbu tashrif davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Sharite universiteti klinikasi o‘rtasida telemeditsina sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
«O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniyati tug‘ilganidan xursandmiz. Klinikamiz rahbariyati mamlakatingiz bilan hamkorlik o‘rnatilishiga katta e'tibor qaratadi.
Dastavval telemeditsina sohasida hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Ya'ni Germaniyaning 34ta tibbiyot muassasasini birlashtirgan telemeditsina markazimiz endi xalqaro darajaga chiqadi, bunda O‘zbekiston birinchi mamlakat sifatida tanlab olindi. Ya'ni davlatingiz biz texnologiyalarimizni kiritayotgan birinchi mamlakat ekanini hisobga olsak, bu hamkorlik o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga egadir», dedi Sharite universitet klinikasi direktori o‘rinbosari Yoxim Zaybold.

«Ta'kidlash joizki, Sharite universiteti klinikasi Germaniyaning eng yaxshi tibbiyot muassasalari reytingida 1-o‘rinda turadi, shuningdek, u Yevropadagi eng yirik va yetakchi tibbiyot majmualaridan biri hisoblanadi. U zamonaviy diagnostika va davolashni, amaliyotchi shifokorlar va ilmiy xodimlarni o‘qitishni amalga oshiradi. Ushbu tibbiyot muassasasi o‘ta murakkab klinik holatlarni davolashda ajoyib tajribaga ega.
Germaniyadagi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlarining yarmidan ko‘pi aynan shu klinikada tahsil olgan va ishlagan, masalan, Emil fon Bering, Robert Kox va Paul Erlix.
Reanimatolog, infeksionist, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislaridan iborat klinika vakillari yurtimizning boshqa tibbiyot muassasalarida ham bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda va shifokorlarimiz bilan tajriba almashmoqda.
Memorandum imzolash marosimida germaniyalik mutaxassislar ko‘p yillik hamkorlik uchun asos solinganini aytib, kelgusida boshqa yo‘nalishlarda ham mamlakatimiz tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024