Sport | 11:47 / 25.03.2021
14905
6 daqiqa o‘qiladi

Abidal bilan intervyu: Pochettinoni tavsiya qilgani, Bartomeu Neymarni qaytarishga qarshi bo‘lgani va Messi murabbiylarni ishdan olmagani haqida

Erik Abidal o‘tgan yil avgustida YeChL pley-offida «Bavariya»dan uchralgan qaqshatqich mag‘lubiyatdan (2:8) buyon «Barselona» tizimida ishlamayapti. Sobiq sport direktori o‘sha vaqtda bosh murabbiy Kike Seten bilan birgalikda iste'foga chiqarilgandi.

Foto: globallookpress.com/Panoramic/ZUMAPRESS.com

Aslida, ziddiyat ancha oldin, fevral oylarida boshlangan, o‘shanda Abidal bir qator futbolchilarni o‘z imkoniyatlarini yetarlicha ishga solmayotganlikda ayblagandi. Messining bundan jahli chiqdi va aniq ismlarni aytishni talab qildi, Bartomeu esa direktorning Xavi bilan kelisha olmagani va Suaresga o‘rinbosar topa olmaganidan norozi edi.

Abidal yaqinda The Telegraph nashriga intervyu berdi va klubdan ketganidan buyon birinchi marta «yorildi». Suhbat chog‘ida u Messi bilan munosabatlari, Neymar va Pochettino borasidagi muvaffaqiyatsiz muzokaralar va yana bir qator muhim mavzularga to‘xtab o‘tdi.

Asosiy tezislar quyida:

2018 yilning dekabrida Abidal klub prezidentidan Valverdeni iste'foga chiqarishni so‘ragan. Buning o‘rniga murabbiy yanvar oyida yangi shartnomaga imzo chekdi.

«Dekabrda prezident menga murabbiyni ketkazish oson qaror emasligini aytdi. Ikki oy o‘tib esa, mening maslahatimga butunlay ters bo‘lgan qaror qabul qilindi – Valverdega yangi shartnoma taklifi. Albatta, men bu qarorni hurmat qildim va murabbiyga yordam berishda davom etdim. Lekin bu holat men uchun kamida g‘alati bo‘lgandi».

Ispaniyalik murabbiy iste'foga chiqarilgach, Abidal to‘rt nafar nomzodni ilgari surgan. Ular ichida eng ustuvori Pochettino bo‘lgandi. Ammo bu safar ham sport direktorining takliflari inobatga olinmadi.

«Mening ro‘yxatimda Maurisio Pochettino, Kike Seten, Maks Allegri va Xavi bor edi. Men uchun Maurisio favorit edi va u bilan gaplashgandim ham. Ammo siyosiy faktorlar tufayli undan voz kechishdi. Uning murabbiylik salohiyati, malakasi yoki uslubi emas, «Espanol»da ishlagani, eski intervyulari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. «Yo‘q, u klubni hurmat qilmas ekan», – deyishdi direktorlar kengashida».

Bu rahbariyat tomonidan shunchaki xafagarchilik tufayli qo‘llab-quvvatlanmagan yagona qaror emas. Uning aytishicha, 2019 yilda klub rostan ham Neymarni qaytarishga yaqin turgan, lekin Bartomeu Grizmanni tanlagan.

«Bizga haqiqiy vinger kerak edi, Neymar esa, bu pozitsiyada «Barselona»da ajoyib o‘yin ko‘rsatgan. Ammo prezident Grizmanni sotib olishni istadi. Neymarga qarshi asosiy argumentlardan biri – futbolchining klub bilan sudlashgani bo‘lgandi. Kengashning aytishicha, agar Neymarning qaytish istagi bo‘lganida, klubga bo‘lgan e'tirozlaridan voz kechishi kerak edi. Bu men uchun muammo bo‘lmagan, chunki Neymar ketganida va o‘sha voqealar bo‘lganida, men Barselonada emasdim. Mening fikrimcha, Neymarni qaytarish kerak edi va buning uchun barchasi tayyor bo‘lgan».

Foto: globallookpress.com/Panoramic/Keystone Press Agency

Abidal o‘z vaqtida «Barselona»ni moliyaviy inqirozdan qutqarib, qimmatbaho xaridlarini qoplaydigan homiy ham topgan.

«Ishonchim komilki, moliyaviy holatni o‘nglash mumkin edi. O‘sha kompaniya juda katta pul tikib, o‘sha davrdagi barcha qarzlarni yopishga rozi bo‘lgandi. 2020 yilning noyabrigacha muzokaralar davom etganini bilaman, lekin hech narsa sodir bo‘lmadi.

Investorlar hammasini bilishni istashadi, lekin «Barselona» hisobvaraqlardagi ma'lumotlarni yashirardi. Menimcha, ular klubni juda yomon boshqarganliklarini ko‘rsatib, sharmanda bo‘lib qolishdan qo‘rqishardi. Axir sen ularga muammolarni ko‘rsat, ular hal qilishadi, to‘g‘rimi? Lekin bilishimcha, hamma klubni emas, o‘z xatolarini himoya qilishni istardi».

Messi bilan o‘sha mashhur suhbat haqida

«Mening futbolchilarning bor imkoniyatlarini ishga solmayotganliklari haqidagi so‘zlarimdan so‘ng, Messi bilan jiddiy suhbat bo‘lgandi. Men buni tabiiy qabul qildim, zero bu borada men bilan suhbatlashishni istagan yagona futbolchi ham Messi edi. Men buni hurmat qilaman. Shuningdek, Messi jamoa sardori, tabiiyki, sheriklarini himoya qilishi kerak. Ammo u hech qachon mendan murabbiyni iste'foga chiqarishni so‘ramagan. Hech qachon.

Menimcha, o‘rtamizda hech narsa o‘zgarmagan. Uning hozir fikri qanaqa, bilmadim-u, men uchun bu mavzu yopilgan. U bilan yana juda ko‘p marta yozishdik va Messi mening fikrlarimni juda yaxshi biladi. Nazarimda, o‘shanda men haq edim, futbolchilar yanada yaxshiroq shug‘ullanishlari mumkin edi».

Messi Barselonada qolishi kerak. Bu futbolchi uchun ham, klub uchun ham eng yaxshi yechim bo‘ladi.

«Agar o‘yin darajasi haqida aytsak, Messi futbol tarixidagi eng zo‘r o‘yinchi va butun faoliyatini «Barselona»da o‘tkazgan. Shuning uchun ham uning qolishi juda muhim. Klub darajasi, yangi loyihaning mazmuni, yangi rahbariyatning va murabbiyning g‘oyalari ham Messining qarori bilan chambarchas bog‘liq. Marketing nuqtayi nazaridan ham, Messi juda ko‘p narsa beradi, u judayam katta aktiv. Ammo baribir yakuniy qarorni u qabul qiladi. Bir klubda shuncha yil o‘ynash oson emas. Ba'zida qandaydir yangilik istaysan. Ammo Messi uchun «Barselona»dan yaxshiroq joy bo‘lishi mumkinmi? Bilmadim».

Mavzuga oid