O‘zbekiston | 20:11 / 25.03.2021
18012
2 daqiqa o‘qiladi

Orol dengizi bo‘yicha 5,65 million dollarlik yangi loyiha tayyorlanmoqda

2021 yil 25 mart kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maksudov hamda Global yashil o‘sish instituti (The Global Green Growth Institute – GGGI) direktori Frank Raysberman o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar koronavirus pandemiyasidan keyingi O‘zbekistonning yashil tiklanishi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, mazkur sohalarda aniq natijalarga erishish uchun Yashil iqlim jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliyaviy muassasalar mablag‘larini birgalikda jalb etish masalalarini muhokama qilishdi.

Ayni damda Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 million AQSh dollariga teng.

Mazkur loyiha Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi – Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining yashil reabilitatsiyasiga ko‘maklashish, shuningdek, barqaror hayotiy ta'minot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashdan iborat. Bundan tashqari, yaqin kunlarda yuqorida bayon etilgan institutning Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, Global yashil o‘sish instituti (The Global Green Growth Institute – GGGI) xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi doirasida ta'sis etilgan.

Hozirgi kunda Global yashil o‘sish instituti dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirmoqda. Institut prezidenti va kengash raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.

Mavzuga oid