Jamiyat | 11:41 / 26.03.2021
8070
3 daqiqa o‘qiladi

Jonivorlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi bo‘yicha fraksiyalararo debat o‘tkazildi.

Foto: «Mehr va oqibat»

Ma'lum qilinishicha, debat mavzusi bo‘lgan qonun loyihasida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, atmosfera va suv resurslariga zarar yetkazganlik bilan bog‘liq yangi huquqbuzarliklar turlarini va ular uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan.

Kiritilayotgan qonun loyihasida jonivorlarning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi, chavoqlanishi, eng achinarlisi ko‘ngilxushlik sifatida tiriklayin yoqib yuborish holatlari mayda bezorilik sifatida malakalanish holatlari ham uchrayotgani, obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish jamoasi vakillari tomonidan hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik qilish qiynoqqa solish ko‘pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko‘z o‘ngida sodir etilayotgani qayd etilgan.

Ushbu vaziyatlardan kelib chiqib, Jinoyat kodeksi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun, ya'ni bezorilik oqibatida yoki boshqa g‘arazli niyatlarda ularning qiynoqqa solinishi yoxud ularga azob yetkazilishi ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikni belgilovchi yangi 202-1-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, birinchi qismida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik, ya'ni bezorilik oqibatida yoki boshqa g‘arazli niyatlarda ularni qiynoqqa solganlik yoki ularga azob yetkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima, ikkinchi qismida xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror yoki voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilganligi yoxud hayvonlarning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha ma'muriy qamoqqa olish tarzidagi javobgarlik belgilanmoqda.

O‘zLiDeP fraksiyasi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladi. Ekologiya partiyasi fraksiyasi esa, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish brigadasi vakillari hayvonlarni sterillash, boqish, emlash vakolati berilmaganini va mazkur qonun loyihasida ushbu bo‘lim faoliyatini e'tiborga olish lozimligini bildirdi.

Yakunda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalarni umumlashtirishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid