O‘zbekiston | 18:17 / 26.03.2021
51468
6 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva: «Qaniydi, qiz farzand tug‘ilganda, «mayli, keyingisi o‘g‘il bo‘lar» deyishmasa...»

«Ilmli o‘g‘il – ota-onasiga tirgak bo‘lsa, ilmli qiz – butun millat tayanchidir», – dedi Saida Mirziyoyeva «Zakovat»ning Samarqanddagi kastingida so‘zlagan nutqida.

«Zakovat» intellektual o‘yinlariga saralash bo‘yicha navbatdagi kasting 25 mart kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.

«Ice Arena» muz saroyida bo‘lib o‘tgan kasting ochilishida Mass-media fondi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha respublika komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi.

Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, 15 mingdan ortiq zakovatchidan bor-yo‘g‘i 3,5 ming nafari, ya'ni chorak qismi – ayol-qizlar.

«Oilada o‘g‘il tug‘ilsa, hammaning boshi osmonga yetadi, xursandchilikning cheki bo‘lmaydi! Qiz bola tug‘ilsa-chi?!

«Ha, mayli, keyingisi o‘g‘il bo‘lar» – deb, «ko‘ngilni ko‘tarib» qo‘yishadi. Qiz bola birovning omonati-da, voyaga yetkazib, uzatamiz-qutulamiz. Xo‘p, balki o‘qitarmiz ham. Faqat o‘zi harakat qilib, budjetga ilinsa!

O‘g‘il bolani esa o‘qitish shart! Kontraktga bo‘lsa ham mayli. Chunki o‘g‘il – oila vorisi, ota-ona qariganida suyanchiq, deymiz.

Millatning qudratli bo‘lishida ayollar o‘rni haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yurt taraqqiyoti, sivilizatsiya rivoji xotin-qizlarga bog‘liq ekanini-chi?

To‘g‘ri, barcha davlatlarni, demakki, butun jahonni asosan erkaklar boshqaradi. Ammo har qanday erkakni shakllantiradigan – ayol, ona!

Ona qanday bo‘lsa, tarbiya natijasi ham shunday bo‘ladi! Ilmli, madaniyatli, dunyoqarashi keng onaning farzandi ham o‘ziga o‘xshaydi.

Go‘dak atrof-olamni avvalo onasining ko‘zi bilan ko‘radi. Nima yaxshi-yu nima yomon, nimaga intilish kerak, maqsadga qanday erishmoq lozim – barchasini onasidan o‘rganadi. Agar onaning o‘zi bu borada namuna bo‘lolmasa-chi? U farzandini qanday qilib to‘g‘ri yo‘lga solishi mumkin?!

Mass-media fondi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha respublika komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva

Erkak kishi har kuni oilani boqishdek yukni yelkasiga ortib, ko‘chaga ketadi. Uning ortidan duo qilib, uyda qoladigan ham, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan ham ayoldir!

Mening buvijonim (dadamning onalari) erta olamdan o‘tganlar. Dadam yetim qolganlarida 9 yoshli go‘dak edilar. Albatta, bu musibatni ko‘tarish juda og‘ir bo‘lgan. Sog‘inchdan yuraklari ezilib ketganida ham, biror nimadan qattiq kuyunganlarida ham, doim onalarining qabrini ziyorat qilganlar. Xayolan dardlashganlar... Maslahat so‘raganlar... Va... yashash uchun, olg‘a yurish uchun o‘zlarida kuch topganlar. Katta yutuqlarga erishsalar, rahmatli buvijonimning ruhlari shod bo‘lishiga ishonganlar. Hozir ham shunday.

Onalar nafaqat tirikligida, balki dunyodan o‘tganda ham, farzandlariga quvvat bag‘ishlaydi.

Mening fikrimcha, ayolning zimmasida butun bir yurtning mas'uliyati yotadi! Va har birimiz bu javobgarlikni olamizmi, yo‘qmi – o‘zimiz tanlaymiz.

Opa-singillarim! O‘zingizni bu mas'uliyatdan chetga tortmang. Shu yurt kelajagi uchun, farzandlaringiz kelajagi uchun! Aks holda, daholar emas, balki shunchaki aqlli odamlarni ham kunduzi chiroq yoqib topolmay qolamiz», – dedi Saida Mirziyoyeva.

Uning ta'kidlashicha, ilmli o‘g‘il – ota-onasiga tirgak bo‘lsa, ilmli qiz – butun millat tayanchidir.

«Afsuski, biz o‘g‘il farzandlarga ko‘proq e'tibor qaratamiz. Chunki ko‘pchilik avvalo o‘zini, o‘zining tor dunyosini o‘ylaydi. Biz ana shu tor halqa ichida o‘ralashib qolganmiz. Va uni boshqa kimdir uzib tashlashini kutamiz. Mas'uliyatni boshqalarga yuklab, umrimiz o‘tib ketyapti.

Bir haqiqatni tushunaylik. Yo‘q o‘sha boshqalar! Biz bormiz! Millatimiz ravnaqi, kelajagimiz faqat o‘zimizga bog‘liq! Va uni izga solish hammamizning, har birimizning burchimiz!

To‘g‘ri, ko‘pincha kundalik tashvishlar bilan bo‘lib, yuksak maqsadlarni unutamiz. Lekin har tong uyg‘onganimizda bugungi kun bizga berilgan betakror in'om ekanini yodda tutaylik. Uni qanday yashab o‘tamiz – o‘z qo‘limizda. Har lahza foydali biror ish bilan band bo‘laylik. Kimgadir yaxshilik qilaylik. Yangi nimadir o‘rganaylik. Shu bugun, qachondir – uzoq kelajakda emas, hozirdan baxtli bo‘laylik!

Bizning qizlarimiz ham intellektual o‘yinlarda qatnashishga, o‘zini namoyon qilishga, yaqinlar ko‘magi va daldasiga munosib!

Oilaning erkaklari bilan qanchalik g‘ururlansak, xotin-qizlarimiz bilan ham shunchalik faxrlansa arziydi.

Do‘stlarim, qaniydi, qiz farzand dunyoga kelgan xonadonda, afsus bilan: «Mayli, keyingisi o‘g‘il bo‘lar...», degan so‘zlar tilga olinmasa...

Qizlarning qadri hech qachon yerga urilmasa...

Bugun Samarqandda millatimiz kelajagining 114 nafar umid yulduzchalari dunyoga keldi. Ertaga yana o‘nlab, yuzlab bunday yulduzlar porlaydi. Hammasi bir bo‘lib, yurtimizni nurli manzillarga yetaklaydi. Men bunga ishonaman!» – deya nutqini yakunladi Saida Mirziyoyeva.

Mavzuga oid