Jahon | 09:41 / 26.03.2021
13492
3 daqiqa o‘qiladi

Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygan kemani yo‘ldan olish ishlari bir necha hafta cho‘zilishi mumkin 

Foto: Getty Images

Suvaysh kanalida tiqilib qolgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasini sayozlikdan olish bo‘yicha ishlar bir necha hafta davom etishi mumkin. Bu haqda ushbu ishlar bilan shug‘ullanayotgan Boskalis kompaniyasi rahbari Piter Berdovski ma'lum qildi.    

“Biz ushbu jarayon vaziyatdan kelib chiqib bir necha hafta vaqt olishi mumkinligini istisno qilmaymiz”, deb aytgan Berdovski. U kemani “sohilga chiqib qolgan ulkan kitga” qiyoslagan. 

Ulkan kema 23 mart kuni kanalda ko‘ndalang turib qolib, u orqali kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ygandi. Dastlab kemani yo‘ldan olish bo‘yicha ishlar 2-3 kun davom etishi taxmin qilingandi. 

Berdovskining ta'kidlashicha, kemani sayozlikdan olish uchun turli usullar qo‘llanishi mumkin, jumladan, uning og‘irligini kamaytirish uchun undagi konteynerlar, neft va suvni olish, kemani buksirlar bilan tortish va tagidagi qumni olish ko‘zda tutilmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda kema atrofidagi kanal tubini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir vaqtda, ulkan buksirlar uni kanalning chuqurroq qismiga tortishga harakat qilmoqda. 

Tahlilchilarning fikricha, kanal yana bir necha kun, hattoki haftalar davomida to‘silgan holda qolishi mumkin va bu jahon savdosiga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Ularning ta'kidlashicha, agar kanal orqali qatnov yana 1-2 kun ichida ochilmasa, u yerda to‘planib qolgan kemalar belgilangan manzillariga Afrika atrofi bo‘ylab yo‘naltirilishi mumkin. Bu esa yo‘lga ketadigan vaqtning bir haftaga cho‘zilishiga olib keladi.

Ta'kidlanishicha, hozirda kanal atrofida yo‘lini davom ettira olmayotgan 150dan ko‘proq kema to‘planib qolgan. 

Bu orada amerikalik mutaxassis Lourens Brennan kanalda qolayotgan kema ikki qismga bo‘linib ketishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bu esa yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. “Kema egalari uni ko‘zdan kechirib chiqishlari kerak. Kema suratlari uning tumshug‘i sohilga chuqur kirib ketgani, orqa qismi esa suvda turganini ko‘rsatmoqda. Bu kemaga qo‘shimcha zarar yetishiga olib kelishi mumkin. Agar kema joyidan qo‘zg‘atib bo‘lmaydigan ikki qismga bo‘linib ketsa, unda bu kanalni uzoq vaqtga to‘sib qo‘yadi”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis.

Mavzuga oid