O‘zbekiston | 10:03 / 26.03.2021
3415
4 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi

Foto: Depositphotos

Prezidentning “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.

 Farmon bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Hujjatda belgilanishicha:

  • Agentlik keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
  • Agentlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi;
  • Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar Agentlik tizimiga o‘tkazildi:

a) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi;

b) Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarning, jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish va boshqarish;
  • keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy rahbarlik qilish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy, kasbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini hamda mutaxassislar tayyorlanishini tashkil etish;
  • muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlash faoliyatini tashkil etish;
  • tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish va monitoring qilib borish;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish;
  • odam savdosidan jabrlanganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini muvofiqlashtirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etish.
Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid