O‘zbekiston | 11:20 / 26.03.2021
3335
2 daqiqa o‘qiladi

XTV o‘qituvchilardan onlayn ta'lim olayotgan o‘quvchilar baholarini sun'iy pasaytirmaslikni talab qildi

Xalq ta'limi vazirligiga umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida onlayn tarzda ta'lim olayotgan o‘quvchilar bahosi sun'iy pasaytirilayotgani to‘g‘risida ma'lumotlar kelib tushgan. Vazirlik o‘qituvchilardan onlayn ta'lim olayotgan o‘quvchilar bahosini sun'iy pasaytirmaslikni talab qildi.

Shuningdek, vazirlik hududiy boshqarmalardan onlayn ta'lim olayotgan o‘quvchilarning baholari sun'iy ravishda pasaytirilishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan.

«Xalq ta'limi vazirligiga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida onlayn tarzda ta'lim olayotgan o‘quvchilar o‘zlashtirish va bilimlarini baholashda an'anaviy tarzda o‘qiyotgan o‘quvchilardan pastroq baholash hollari uchrayotgani to‘g‘risida ma'lumotlar kelib tushmoqda.

Shuni inobatga olgan holda, Xalq ta'limi vazirligi barcha hududiy boshqarmalardan onlayn ta'lim olayotgan o‘quvchilar baholari sun'iy ravishda pasaytirilishiga yo‘l qo‘ymaslikni qat'iy talab qiladi.

Maktab o‘qituvchilaridan o‘quvchilarning bilim-saviyasi va o‘zlashtirish darajasini baholash jarayonida, ularning ta'lim olayotgan shaklidan qat'i nazar o‘quvchining bilim, ko‘nikma va malakalarini haqqoniylik va ishonchlilik tamoyillariga ko‘ra baholashni ta'minlash talab etiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid