Sport | 14:03 / 27.03.2021
18296
3 daqiqa o‘qiladi

«Milliy jamoada haligacha Nesterov darajasidagi darvozabon yo‘q». Odil Ahmedov Namangandagi o‘yin va Ganadan tajribasiz futbolchilar kelgani haqida

O‘zbekiston va Gana (2:1) o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvini milliy jamoamiz sardori Odil Ahmedov o‘tkazib yubordi. Tez orada yangi klubga o‘tishi kutilayotgan 33 yoshli legionerimiz Xitoyda bo‘lib turibdi. Namangandagi uchrashuvdan keyin Tribuna.uz muxbiri Odil Ahmedov bilan suhbatlashib, O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yini haqidagi fikr va xulosalari bilan qiziqdi.

«Bu Gananing asosiy tarkibi emasligi, tajribasiz futbolchilar kelgani bilinib turdi» 
- Avvalo uchrashuv haqida gapiradigan bo‘lsam, o‘yin bizning nazoratimiz va ssenariyimiz ostida o‘tdi. Raqibdan ko‘ra ko‘proq hujum qildik, to‘pni o‘zimizda saqladik. Raqibimiz haqida aytadigan bo‘lsam, bu Gananing asosiy tarkibi emasligi o‘yindan ham bilinib turdi. Chunki oddiy va juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Ularda tajriba yo‘qligi, tajribasiz futbolchilar kelgani ko‘rindi. Shunga qaramay, Gana qanday kuchli jamoa ekanligidan kelib chiqsak, bu o‘yin biz uchun muhim bo‘ldi. Eng asosiysi g‘alaba qozondik. Raqiblar hisobni tenglashtirgach, ikkinchi golni o‘z vaqtida urdik.

«Ignat har taraflama kuchli darvozabon bo‘lgan»
- Milliy jamoamizdagi darvozabonlar haqida gapiradigan bo‘lsam, kim chaqiruv olayotgan bo‘lsa barchasi ishonchni oqlash uchun harakat qilishmoqda. Biroq fikrimcha, Ignatiy Nesterov darajasidagi darvozabon haligacha chiqqani yo‘q. Ignat har taraflama kuchli darvozabon bo‘lgan. U oyoqda ham yaxshi o‘ynardi, futbolchilarga ham ko‘rsatma berib, maydonda ruhan qo‘llab-quvvatlardi. Umid qilamanki, hozirgi darvozabonlar ham kelajakda Nesterovdek ishonchni oqlay olishadi.

«O‘yin davomida e'tiborim Azimda bo‘ldi» 
- Ochig‘ini aytsam, o‘yin davomida bor e'tiborim ukam – Azimda bo‘ldi. Har bir futbolchi uchun milliy jamoa va klubdagi o‘yini orasida farq bo‘ladi. Chunki milliy jamoa va chempionatdagi o‘yinlarni taqqoslash qiyin. Fikrimcha, Azimjon himoyada o‘ynagan bo‘lsa-da, yomon harakat qilmadi. Qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygani yo‘q. Hujumlarni boshlab berish va raqib hujumlarini to‘xtatishga yaxshi harakat qildi. Umuman, Anzur va Azim himoya markazida tartibli to‘p surishdi, - deydi Odil Ahmedov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik o‘yinini 29 mart kuni Toshkentda Iroqqa qarshi o‘tkazadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid