O‘zbekiston | 08:46 / 27.03.2021
1540
3 daqiqa o‘qiladi

Organik mahsulotlarni eksport qilish uchun agroklasterlar faoliyati tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Organik mahsulotlarni eksport qilish uchun zaruriy infratuzilmalarga ega bo‘lgan agroklasterlar, kooperativlar va logistika markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchilar ro‘yxatini shakllantiradi hamda mahsulot yetishtirilayotgan maydonlarni xatlovdan o‘tkazadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan yerlarida organik mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda organik mahsulotlarni eksport qilish uchun zaruriy infratuzilmalarga ega bo‘lgan agroklasterlar, kooperativlar va logistika markazlari faoliyatini tashkil etishda yuqori salohiyatga va sohada tajribaga ega tashabbuskorlarni aniqlash va tanlab olish ishlarining o‘z vaqtida va samarali tashkil etilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi agroklasterlar, kooperativlar tomonidan organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini sertifikatlash organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyatli investorlar uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirishga qaratilgan aniq investitsiya takliflarini aniqlaydi va ishlab chiqishni ta'minlaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish tarmog‘iga salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish choralarini ko‘radi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi tashkilotlarga organik standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish, mahalliy mahsulotlar, brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar, reklama kampaniyalarini o‘tkazish, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar, brendlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid