Jahon | 10:52 / 29.03.2021
32213
6 daqiqa o‘qiladi

Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygan «Ever Given» sayozlikdan qo‘zg‘atildi. Amaliyot davom etmoqda

Dushanba tongida ulkan «Ever Given» konteynerovozi qutqaruv xizmatlarining uchinchi urinishidan keyin Suvaysh kanalidagi sayozlikdan chiqarib olindi. Kanal qachon ochilishi va kemalar qatnovi tiklanishi hozircha ma'lum emas.

Konteynerovozni sayozlikdan chiqarib olishgani haqida dengiz xizmatlarini taqdim etuvchi Inchcape Shipping Services kompaniyasi tvitterida xabar qilingan. Ma'lumotga ko‘ra, kema mahalliy vaqt bilan soat 4:30 atrofida sayozlikdan siljitilgan.

«Frans press» agentligi konteynerovoz egasi bo‘lgan Evergreen kompaniyasiga asoslanib, «Ever Given» joyidan qo‘zg‘atilgani, ammo hali sayozlikdan to‘liq chiqarilmagani haqida xabar qilgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda kema avval turgan joyidan qo‘zg‘atilgani aks etgan.

Dengizdagi harakatlarni kuzatuvchi Vesselfinder va My Ship Tracking xizmatlari saytlarida konteynerovoz kanalning g‘arbiy qirg‘og‘idan uzoqlashganini ko‘rish mumkin.

«Blumberg» agentligi vaziyatni yoritishga aloqador bo‘lgan odamlarga asoslangan holda Suvaysh kanalida tiqilib qolgan ulkan konteynerovoz qisman ozod etilgani haqida yozgan. Xabarda kemani to‘liq ozod qilish ishlari davom etayotgani qayd etilgan.

Agentlik buni dunyoning eng muhim transport tomirlaridan biri bo‘ylab harakat davom etishi yo‘lidagi katta qadam deb atagan. Suvaysh kanali boshqarmasi hozircha kema sayozlikdan chiqarib olingani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh bermadi.

So‘nggi kunlarda suv sathi ko‘tarilishi vaqtida kemani sayozlikdan chiqarish uchun o‘tkazilgan ikki urinish muvaffaqiyat keltirmagandi.

Yakshanba kuni operatsiyaga qo‘shimcha buksir katerlari (shatakchi kemalar) yordam uchun yetib kelgandi.

Agar bu urinish ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganida, kemani yuklardan bo‘shatish rejalashtirilgandi - undagi yuk hajmi 220 ming tonnani tashkil etadi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy 28 mart kuni konteyner kemasini yuklardan bo‘shatishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni buyurgandi.

Ammo BBC bilan suhbatlashgan ekspertlarning aytishicha, bunday amaliyot bir hafta vaqt olishi mumkin edi. Bunday murakkab amaliyot oqibatlarini taxmin qilish mushkul edi.

Shanba kuni qutqaruvchilar kemani qutqarish uchun suv sathi ko‘tarilishidan foydalanishga harakat qilishgandi. Shu bilan bir vaqtda qirg‘oqqa taqalib qolgan kema burni ostida zemlesos qurilmalar minglab tonna tuproqni qazib chiqarishdi. Xabar qilishlaricha, 27 ming tonnadan ortiq tuproq olingan.

Yuqori oqim va kuchli shamollar bu ishni qiyinlashtirdi.

Shanba kuni kechqurun tvitterda shatakchi kemalar «Ever Given»ni bir necha metr siljitishga erishilganini nishonlash uchun bir vaqtda signal chalgani aks etgan video ham tarqalgandi.

Bunday ishda katta tajribaga ega bo‘lgan niderlandiyalik qutqaruvchilar agar katta kuch bilan harakat qilinsa, kema bo‘linib ketishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Reuters agentligi kompaniyadagi manbasiga asoslangan holda, kema ostida yirik qoyalar borligi, bu ishni qiyinlashtirishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi.

Suvaysh kanali - dengiz savdo yo‘llarining eng gavjum qismlaridan biri bo‘lib, «Ever Given» qariyb bir haftadan buyon kanalni to‘sib qo‘ygan, natijada uning ortidan yuzlab kemalar turib qolgandi.

Ushbu kanalga dunyo yuklarining qariyb 12 foizi to‘g‘ri keladi, u O‘rta Yer dengizini Qizil dengiz bilan bog‘laydi hamda Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa dengiz qatnovini ta'minlaydi.

Ayrim kemalar marshrutni o‘zgartirishga majbur bo‘lib, Yevropaga yetib olish uchun Afrikani aylanib o‘tish uchun yo‘lga tushdi.

Kemalar qatnovi bo‘yicha Lloyd’s List kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Suvaysh kanalida sayozlikka tiqilib qolgan «Ever Given» konteyner tashuvchi kemasi tomonidan kemalar yo‘lining to‘sib qo‘yilishi jahon savdosiga soatiga 400 million dollarga tushayotgan edi. Misrning «Ever Given» bilan bog‘liq vaziyatdan ko‘rayotgan talafoti kuniga 14 million dollarga baholangandi.

«Ever Given» konteynerovozi Suvaysh kanalida 23 martdan beri turibdi. Kema kapitani so‘zlariga ko‘ra, kuchli shamol kursni o‘zgartirib yuborgan.

Bu Misr suvlarida bunday muammoga duch kelgan eng yirik kemadir. Uning hajmi - 59 ga 400 metr (bu to‘rtta futbol maydoni uzunligiga teng). Shatakchi kemalar va qutqaruv katerlari kemani qirg‘oq bo‘ylab burishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo bu hozircha navigatsiyani tiklash uchun yetarli emas.

Suvaysh kanalida bunday holat so‘nggi bor 2017 yilda ro‘y bergandi, o‘shanda texnik nosozlik tufayli yaponlar konteynerovozi sayozlikka o‘tirib qolgandi. O‘shanda misrlik qutqaruvchilar bir necha soatlik urinishlardan keyin bo‘g‘ozda kemalar qatnovini tiklashga muvaffaq bo‘lishgandi.

Mavzuga oid