Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasida O‘zbekistonning doimiy vakili lavozimi joriy qilindi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasidagi O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Qaror bilan Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) Ijroiya qo‘mitasidagi O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- OQXJ organlarida O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish;
- OQXJ organlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini amalga oshirish;
- xalqaro moliya tashkilotlari, donor davlatlar hamda sohaga oid jamg‘armalar bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish;
- doimiy vakilning faoliyatini tashkil etish va moliyaviy ta'minlash.
OQXJ Ijroiya qo‘mitasidagi O‘zbekistonning doimiy vakili tomonidan quyidagi vazifalar ham amalga oshiriladi:
- OQXJ organlarida O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish;
- OQXJ doirasida amalga oshiriladigan ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar, loyihalar va dasturlarda O‘zbekistonning samarali ishtirokini ta'minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- O‘zbekistonning manfaatdor vazirlik va idoralari bilan OQXJ organlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini amalga oshirish;
- OQXJ faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlarni tashkil qilishda ishtirok etish.
Qarorga muvofiq, quyidagilar O‘zbekistonning badali (ulushi) sifatida har yili respublika budjeti hisobidan o‘tkazib beriladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi:
- Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda – OQXJ) Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi hamda OQXJning Nukus filiali;
- Orol dengizi havzasini qutqarish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha tadbirlar va loyihalar.
Ta'kidlanishicha, 2021 yildan boshlab OQXJ Ijroiya qo‘mitasidagi O‘zbekistonning doimiy vakili faoliyatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar OQXJga O‘zbekistonning badali (ulushi) sifatida respublika budjetidan har yili o‘tkazib beriladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, OQXJ Ijroiya qo‘mitasidagi O‘zbekistonning doimiy vakili mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi elchixonalari maslahatchisi maqomiga tenglashtiriladi.
Mavzuga oid
20:00 / 11.11.2022
AQSh Orol dengizining O‘zbekiston qismi tubini obodonlashtirish uchun mablag‘ ajratdi
11:25 / 04.11.2022
Yaponiya Orol dengizi qurigan hududini ko‘kalamzorlashtirishga ko‘mak beradi
14:43 / 23.07.2022
Amina Muhammad: Orol dengizidagi iqlim falokati milliy yoki mintaqaviy chegaralardan chiqib ketgan
07:45 / 17.05.2022