O‘zbekiston | 18:21 / 01.04.2021
8864
2 daqiqa o‘qiladi

May oyidan boshlab kommunal to‘lovlarni qabul qilishda yangi ilova ishga tushiriladi

Kommunal to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha yangi tizimi va mobil ilova ishlab chiqilmoqda. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov ma'lum qildi.

Foto: Pinterest

Qayd etilishicha, kommunal to‘lovlarni qabul qilishda onlayn ravishda ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tizim yo‘lga qo‘yilishiga bugungi kunda pochta aloqasi billing tizimi eskirgani, to‘lovlarni onlayn qabul qilishda bir qancha noqulayliklar kelib chiqayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ma'lum qilinishicha, to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha yangi tizim va mobil ilova ishlab chiqilmoqda, ushbu tizim joriy yil may oyida ishga tushiriladi, buning natijasida aholi to‘lovlarni pochta aloqa bo‘limiga borib to‘laydi va xodimlarning to‘lovlarni qabul qilishiga chek qo‘yilib, onlayn tarzda qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Aholi mazkur ilovani mobil telefonga o‘rnatib, kommunal to‘lovlar haqida ma'lumotga ega bo‘lishi va ularni amalga oshirishi mumkin. Yaqinda yo‘lga qo‘yiladigan ushbu tizimda inson omili ishtirok etmaydi.

Bundan tashqari, onlayn-do‘konlar faoliyatini yanada takomillashtirish haqida ham ma'lumot berildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish bo‘yicha “Unisavdo” onlayn savdo maydonchasi 2021 yil fevral oyidan sinov tariqasida va mart oyidan boshlab to‘liq ishga tushirildi.

Internet-savdo maydonchalari egalariga o‘z mahsulotlarini saqlash, ya'ni omborxona muammosini hal etish hamda internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini yaratadigan 4ta logistika markazini 2021 yil yakuniga qadar Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urganch shahrida tashkil etish rejalashtirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid