Jamiyat | 16:01 / 02.04.2021
5922
3 daqiqa o‘qiladi

«Ishchilarga joy, mahsulotlar uchun omborxona zarur» - chustlik tadbirkor ayol murojaati javobsiz qolmoqda

Namangan viloyati Chust tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «O‘KTAMJON SERVIS» oilaviy korxonasi rahbari Sanobar Tojiboyeva tumandagi ishchilarga joy yetishmayotgani, tayyor mahsulotlar uchun omborxona zarurligi haqida murojaat qildi.

Dastlab 2013 yilda 4 nafar ishchi bilan ish boshlagan mazkur oilaviy korxonada ayni damda mingdan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda va ular qo‘shni davlatlar, Rossiya hamda Belarus Respublikasiga eksport qilinyapti.

2018 yilga kelib oilaviy korxonada ishchilar soni 150dan ortdi va eksport qilingan mahsulotlar qiymati 2018–2019 yillarda 82 ming dollarni tashkil etdi.

«Yildan yilga ishchilarimiz ko‘payib, 2019 yilda qariyb 170 nafarga yetdi. Oyiga 90 ming dollarlik mahsulot eksport qila boshladik. Faoliyatimiz pandemiya paytida biroz susaygan bo‘lsa-da, joriy yil fevraldan boshlab eksport salohiyatimiz yana tiklandi. Har oyda 82 mingta mahsulot chiqaramiz», — deydi Sanobar opa.

Biroq hozirgi kunda korxonada ishlayotgan xodimlarga joy yetishmayapti, ishchilar uchun oshxona, mahsulot saqlash uchun ombor ham zarur.

Shu maqsadda o‘ziga qarashli bo‘lgan bino-inshoot atrofidagi bo‘sh turgan hududdan yer maydoni ajratib berilishi bo‘yicha bir necha bor mahalliy hokimlikka murojaat qilgan, lekin murojaatlar javobsiz qolmoqda.

«Aslida sotilayotganda bu bizga qarashli yer edi. Hokimlik balansida bo‘lgani uchun bir necha bor xat qilib chiqdim. Natija bo‘lmadi. Hokimning bitta qarori bilan bitadigan masala, lekin nimani kutyaptilar, bilmayman. Shu yer berilsa, yana 80ta ish o‘rni yarataman, faoliyatimni kengaytiraman. Ishchilarimga oshxona, mahsulotlar uchun omborxona quraman.

Bolalar bog‘chasi ham qurar edim. Chunki korxonamizda asosan ayollar ishlaydi, hammasining bog‘cha yoshidagi bolalari bor. Qolaversa, bu yerning infratuzilmasini yaxshilab olganman, tok o‘chmasligi uchun 2 ta transformator o‘rnatib olganman, — deydi Sanobar Tojiboyeva.

U bu masala bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatiga va prezident xalq qabulxonasiga ham murojaat qilgan, lekin haligacha yechimini kutmoqda.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri
Montajchi: Boymirza Xalilov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid