Jamiyat | 15:20 / 03.04.2021
179990
7 daqiqa o‘qiladi

Sodda o‘zbekka yana bir «qopqon». O‘zbekistonga kelgan Ali Mahmud Hasan chindan ham tabibmi?

Kurdistondan chiqqan hamda dunyo bo‘ylab kezib yurgan, hamisha tabiblik da'vosini qiluvchi Ali Mahmud Hasan Kurdistoniy O‘zbekistonga keldi hamda bemorlar qabul qilishni boshlab yubordi. Xo‘sh, bu shaxs aslida kim?

Uning yaqinlari, ya'ni mana shu tashrifni tashkillashtirayotgan odamlar tarqatayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, Ali Mahmud Hasan Kurdistoniy ikki kun poytaxtda bo‘ladi, keyin Samarqand va Buxoro sari yo‘l oladi.

Xo‘sh, bu odam chindan ham tabibmi, u o‘sha tarqatilayotgan lavhalarda ko‘rsatilayotgandek mo‘jizakor xususiyatga egami? (Aniqlik uchun: falaj bo‘lgan odamning oyoqqa turib ketishi yoki ko‘zi ojizning ko‘ra boshlashiga ham tibbiy jihatdan, ham umuman mo‘jiza sifatida qarash mumkin)

Bu odam O‘zbekistonga yetib kelishidan avvalroq yetarlicha shov-shuv ko‘tarildi va o‘ziga xos zamin yaratildi. Natija kutilganidan ham a'lo bo‘ldi – dardiga da'vo topmagan yuzlab bemorlar unga yopishdi, yo‘llarini to‘sib yig‘ladi, hattoki tavof qilib yubordi.

Afsuski, soddalikda o‘zbekka yetadigani bo‘lmasa kerak. Bemorlar yoki ularning yaqinlaridan birortasi bu odamning aslida kimligi, tibbiyotga qanday aloqadorligiga qiziqmadi.

Mulla Mahmud Hasan so‘nggi bir necha yilda tilga tushdi va muqaddas Qur'on oyatlarini o‘qigan holda tibbiyot davolash imkonsiz deya tan olgan kasalliklarni davolab yuborayotganiga oid ma'lumotlar tarqatib, katta mashhurlikka erishdi.

Uning “Feysbuk”dagi rasmiy sahifasining o‘zidayoq 225 mingdan ortiq obunachilari borligi bunday ma'lumotlarga ishonuvchilar yoki ishonishni istovchilar naqadar ko‘pligini anglatadi.

Asl millati kurd bo‘lgan Mulla Mahmud Hasan o‘zini Iroqning Arbil hududida 26 yildan beri tabobat bilan shug‘ullanib kelgan shaxs sifatida taqdim etadi. Ammo noyob qobiliyatga ega bo‘la turib, buncha uzoq vaqt davomida rasmiy doiralarda tan olinmagani qiziq.

Shuningdek, u o‘z faoliyatida muntazam tazyiqlarga uchrayotgani, asos solgan tibbiyot markazi bir necha marta yopib tashlanganini bildirgan.

Bundan tashqari, o‘zi tan olmasa-da, Saudiya Arabistonining Madina shahridagi noqonuniy faoliyati, bir necha kishini aldagani, firibgarlik uchun javobgarlikka tortilgani, qamalib chiqqani to‘g‘risida ham ma'lumotlar bor.

Mulla Mahmud 2017 yilda AQSh prezidenti Donald Trampni jin chalgani va faqat ugina Trampni bu balodan qutqara olishini aytgani bilan tilga tushgan.

Mehmonning dunyoviy turnesini chetga surib, O‘zbekistondagi qisqa muddatli faoliyatini tahlil qilsak.

Shifo umidida, najotkor sifatida Mulla Mahmud Hasanga murojaat qilayotganlar o‘zlariga bir necha savolni berib ko‘rsalar durust bo‘lardi:

1. To‘g‘ri, Qur'oni Karim muqaddasligiga shubha yo‘q. Uning oyatlari shifobaxsh ekanligi ham ko‘p marta ta'kidlangan. Ammo Qur'oni Karimni muntazam mutolaa qilib yurish, uning ahkomlariga amal qilish kasalliklardan himoyalashi, bordi-yu dardga chalinganda ham, buni Allohning bir sinovi sifatida qabul qilib, yengib o‘tish choralarini ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Chunki kimdir dardga chalinishi ortidan oyatlarni o‘qib darhol tuzalib ketaversa, bu dunyoda bemor qolmasligi ayon. Shunday ekan bu mullaga salkam tavof qilib yuborish qanchalik to‘g‘ri va bu shirk emasmi?

2. Tibbiyotda minglab yillardan beri o‘rganib kelinayotgan shunday kasalliklar borki, ularga hanuz davo topilmagan. Jumladan, falajlik. Yemirilib bitgan asab hujayralarining qayta tiklanmasligi allaqachon isbotini topib bo‘lgan. Lekin bu “tabib” falajlikka chalingan va aravachada yurgan bemorlarni ham, hatto ko‘zi ojizlarni ham bir lahzada oyoqqa turg‘izib, ko‘zini “ochib” yuborishiga ishonish uchun qay darajada sodda bo‘lish kerak?

3. Insoniyat yaralibdiki, bunday “tabib”lar hamisha uchraydi va ularga ixlos qilib, bor-budini tutqazuvchilar hamisha topiladi. Uzoqqa bormasdan, Shahrixondagi xandon pista bilan davolovchi Hasan “tabib”ni eslash kifoya. Xo‘sh, O‘zbekistonning o‘zidagi bu “tabib” davolab yuborgan bemorlar hozir qayerda?

4. Va nihoyat, Mulla Ali Mahmud Hasan Kurdistoniyning tibbiyotdek murakkab sohadagi faoliyati uchun qonuniy asos bormi? Sog‘liqni saqlash vazirligi unga shunday huquq berganmi?

Mana shu savollarga shoshilmay javob izlansa ko‘p narsa ayon bo‘ladi.

Dastlabki uch savolning javobini mushtariylarning o‘ziga qoldirib, so‘nggisi, ya'ni Mulla Ali Mahmudning bu faoliyati qay darajada qonuniyligi bilan qiziqdik.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan ma'lum qilishlaricha, bunday shaxs O‘zbekistonda faoliyat yuritish bo‘yicha biror shaklda murojaat qilmagan, ya'ni uning tibbiy faoliyati noqonuniy.

“Shu o‘rinda, aholining ishonch va e'tiqodidan foydalanib, soxta tabiblik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayrim kimsalarning aldoviga uchrab qolishdan ogoh etmoqchimiz. Noodatiy yo‘llar bilan davolashni taklif qilayotgan ayrim soxta tabiblar ta'siriga tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling.

Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 29 dekabrda 3111-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risida”gi nizomda ham okkultizm-afsun, shuningdek diniy marosimlar orqali kasalliklarni davolash xalq tabobati hisoblanmasligi ko‘rsatib o‘tilgan”, dedi SSV vakili Furqat Sanayev.

Bu “tabib”ning tarafdorlari, ayniqsa bu tashrifni tashkillashtirganlar Mulla Mahmud Kurdistoniyning ko‘rsatgan xizmatlari uchun pul olmasligini dastak qilishlari mumkin. Bu fakt shubhalarni yanada oshiradi, xolos. Sababi, har qanday faoliyat turi moliyalashtirishsiz davom eta olmaydi. Ya'ni “tekin pishloq qopqonda bo‘ladi”. Bu o‘rinda taxminimiz shuki, Mulla Mahmud Hasan hozircha imiji ustida ishlamoqda va aniq natijalarga erishmoqda. Ya'ni, anchadan buyon mashhurlik real pulga aylana boshlagan. DVD disklar sotuvi, YouTube va boshqa shu kabi platformalardagi ko‘rishlar soni uning cho‘ntagiga aqcha sifatida tushishi tayin.

Sodda yurtdoshlarimiz esa uning mashhurligiga mashhurlik (demakki, puliga pul) qo‘shish bilan ovoralar.

Abror Zohidov

Mavzuga oid