O‘zbekiston | 19:33 / 04.04.2021
36643
8 daqiqa o‘qiladi

«Jarrohlik jamoaviy ish, u futbolga o‘xshaydi» – Rossiyadagi 2 ming dollar maoshni tashlab, Samarqandda ishlayotgan shifokor bilan suhbat

Bugungi suhbatdoshimiz Niso Turdiyeva – bolalar kardiojarrohi. U bolalarda yurak jarrohligini olib borib, ularni davolaydi. Xorijdagi muvaffaqiyatli karerasini tashlab, Vatanga qaytgan qahramonimiz ayni vaqtda Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida faoliyat olib bormoqda.

Suhbat davomida Niso Turdiyevaning faoliyati, kardiojarrohlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflari, futbolga qiziqishi, xorijdagi karerasi va boshqa qiziqarli mavzularda gaplashdik.

«Kardiojarrohlikni kuchli mutaxassislardan o‘rganish uchun Rossiyaga borib o‘qiganman»

«Men Niso Turdiyeva Surxondaryo viloyati Termiz shahrida maktabni tugatib, 2003 yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kirdim. 2009 yil, 6-bosqichda o‘qib yurganimda, o‘qishni Sankt-Peterburg Tibbiyot akademiyasiga ko‘chirdim va o‘sha yerda bakalavr diplomini oldim. Universitetda o‘qib yurganimda, kardiojarrohlik sohasini tanlashimni, bu sohada ordinatura yoki magistratura yo‘nalishlariga qabul faqat Toshkentda borligi va kvota juda kamligini bilardim. Bir yilda 1-2 kishi qabul qilinardi, xolos. O‘sha vaqtlarda O‘zbekistonda kardiojarrohlik sohasi hali unchalik rivojlanmagan edi. Bularni anglagan holda, o‘z sohamni xorijdagi kuchli mutaxassislardan o‘rganishga qaror qildim.

Universitetni bitirganimdan keyin Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markaziga o‘qishga bordim. U yerda 9 yil davomida ham o‘qib, ham ishlab, nomzodlik dissertatsiyamni yozdim. Markazda kichik ilmiy xodim va yurak qon-tomir jarrohi lavozimlarida ishladim.

3-bosqichda o‘qib yurganimda jarroh bo‘lishimni bilardim. Lekin aynan qaysi jarrohlik yo‘nalishini tanlashga kelganda bir qarorga kelmagandim. Bolalar jarrohligi yoki umumiy jarrohlikni tanlashim kerak edi. O‘qish paytida yurak tug‘ma nuqsoni bo‘lgan va operatsiyaga muhtoj, ahvoli og‘ir bemorlarga ko‘p marta duch kelganman. Bolaning qo‘li yoki oyog‘ida nuqson bo‘lsa, u bilan yashasa bo‘ladi, ammo yurak nuqsoni bilan yashash imkonsiz. Shu sababli yurak xastaligi bor bolalarga yordam berish uchun bolalar kardiojarrohi bo‘laman, deb qat'iy ahd qilganman».

«Jarrohlik jamoaviy ish, yakka o‘zingiz muvaffaqiyat qozonolmaysiz»

«Boshida tibbiyot sohasidan ketishimga oilamdagilar biroz qarshi bo‘lishgan. Chunki Surxondaryoda tibbiyot oliygohi yo‘q edi va men Toshkentga borib o‘qishim kerak edi. Avlodimizda yagona shifokor menman, faqat opam tibbiyot hamshirasi. Otam oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan. Samarqandga kelib o‘qigan, ammo oilaviy sharoit va bobomning xastaligi tufayli o‘qishni tashlashga majbur bo‘lgan. Mana shu holat to‘g‘ri tanlov qilishimga sababchi bo‘ldi: Rossiyadan qaytib kelishdan oldin Toshkent yoki Samarqandga kelib ishlash tanlovi bo‘lgan. O‘shanda ikkilanmay Samarqandni tanlaganman. Chunki ko‘plab vatandosh hamkasblarim ham qaytishgan va men ham ulardan keyin qaytdim. Bu birinchi sabab bo‘lsa, ikkinchisi otamning ushalmagan orzusini ro‘yobga chiqarish edi.

Kardiojarrohlikda jamoa bo‘lib ishlash juda muhim, chunki operatsiyani yakka o‘zingiz muvaffaqiyatli amalga oshirolmaysiz. Bunda hamkasblar jipsligi juda muhim. Rossiyada ham birga ishlagan kursdosh hamkasblarim bilan Samarqandga qaytib kelganmiz va samarali faoliyat olib boryapmiz.

Kasbim juda mashaqqatli va oila a'zolarim buni to‘g‘ri tushunishadi. Samarqanddan Surxondaryoga borib kelishga vaqt topishim juda qiyin. Sababi bu yerda bemorlarni tashlab ketolmaysiz. Shuning uchun, o‘zlari kelib ko‘rib ketishadi».

Niso Turdiyeva

«Vatanga qaytish maqsadi doim bo‘lgan»

«Rossiyaga ketishimdan oldin kardiojarrohlikni xorijda mukammal o‘rganib, O‘zbekistonga qaytish va sohani rivojlantirish maqsadim bo‘lgan. Ko‘plab hamkasblarim ham xuddi shunday maqsadda xorijga ketishgan va O‘zbekistonga qaytib kelishdi. Shu jihatdan ular bilan niyatlarimiz mushtarak bo‘lgan. Ular mendan bir necha yil oldin qaytib kelishdi, sohani rivojlantirishni boshlashdi. So‘ng men ham keldim.

Rossiyada 2 000 AQSh dollari miqdorida oylik olardim. Lekin nimadir yetishmasdi. Yaqinlaringiz yoningizda emas, musofirchilik qiyinchiliklari ham bor. Hech narsa tatimaydi begona yurtda. Samarqanddan Surxondaryoga oyda bir marta borib ota-onamni ko‘rib kelishim mumkin. Rossiyadan esa kelolmasdim. Yilda bir martagina kelib-ketishga imkonim bor edi, xolos.

Rossiyada kardiojarrohlik markazida ishlaganimda, O‘zbekistondan kelgan bemorlarni ko‘p ko‘rardim. Bemor bolalarning ahvoli og‘ir, moddiy sharoiti esa haminqadar. Bularni ko‘rib, shularning hammasini o‘zimizda qilsa bo‘ladi-ku, deb o‘ylaganman. Qaytishimning sabablaridan biri shu».

«O‘lim holatidan keyin nafaqat bemorning yaqinlari, biz ham siqilamiz»

«Tashqi ko‘rinishdan sovuqqon ko‘rinarman, biroq biz ham avvalo insonmiz, bizda ham ichki tuyg‘ular bor. O‘lim holatlarida bemor ota-onasi kabi biz ham ich-ichimizdan ezilamiz. Shifokor sifatida ba'zida sovuqqon bo‘lishga majbur bo‘lasiz. Agar bemor o‘zi dardmand bo‘lsa-yu, siz ham unga dardkash bo‘lsangiz, unda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Oxirgi marta qachon yig‘laganimni eslolmayman. Yig‘lashim qiyin masala. Sababi hammasini ichimga yutaman».

«9 yil Rossiyada ishlab, O‘zbekistonga qaytib kelmoqchi bo‘lganimda, hamkasblarim va xorijdagi do‘stlarim hayron qolishgan»

«Qaytishimni aytganda, Rossiyadagi hamkasblarim hayron qolishgan, albatta. Boshida ishlab keta olarmikinman, deb o‘zimga ishonmaganman. Hozir esa bu yo‘lni tanlaganimga hecham afsuslanmayman. Xorijdagi do‘stlarim ham qachondir qaytib kelishadi. Eng avvalo, ularga yetarli sharoitni yaratib berish kerak.

«Shifokor bo‘lmaganimda, futbolni tanlagan bo‘lardim»

«1996 yildan beri futbolga qiziqaman. Rossiyadagi havaskor jamoada 6 oy o‘ynaganman ham. Kardiojarrohlik va futbolning o‘xshashligi bor – jamoaviylik. Futbol jamoasida ahillik, birdamlik qanchalik muhim bo‘lsa, kardiojarrohlik ham bu juda ahamiyatli. Agar kardiojarroh bo‘lmaganimda, menimcha, futbolchi bo‘lardim.

Yoshligimdan oq xalat qiyishni juda orzu qilganman. Ikki yil tibbiyot oliygohiga kirolmaganman. Shunda bozorda pirojki, gazli suv sotganman. O‘shanda oq xalat kiyib sotganmiz. Tanishlarim hazillashib, oq xalatni orzu qilganding, mana, kiyib yuribsan, deb kulishardi. Lekin men shifokor bo‘lib oq xalat kiyaman deb oldimga aniq maqsad qo‘ygandim. Insonlarga foydam tegishi, o‘z kasbimni sevishim men uchun eng muhim jihatlardir. Operatsiyadan keyin bolalarning ahvoli yaxshilansa, ota-onasi bundan xursand bo‘lsa, tanlagan kasbimdan g‘ururlanib ketaman.

Rossiyada tibbiyot oliygohida o‘qiganimda, o‘z sohamni shifoxonaga 5 kun ishga kelib-ketish bilan chuqur o‘rganolmasligimni tushunganman. 6-7 yil davomida ijarada turmasdan, shu shifoxonada ham ishlab, ham yashaganman. Oxirgi 2 yilda ijarada turganman. Sababi og‘ir holatlar kechasi navbatchilik paytida yuz beradi. Yurak transplantatsiyalari operatsiyalarida ham qatnashardim».

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri
Operator va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid