“Hammaga rahmat, men oyoqqa turyapman” – 23 yil og‘riqlar bilan yashagan Aqila murakkab operatsiyani o‘tkazdi
Kun.uz saytida 23 yoshli Aqila Yangiboyeva haqida xayriya e'lon qilgandik. Unda 2 marta og‘ir operatsiyalar o‘tkazgan, muntazam davolanib yuradigan qizga oyoqlaridagi og‘riqlar azob berayotgani, endi yagona chora yana bir murakkab va qimmatbaho operatsiya ekani bo‘yicha so‘z borgandi.
Saxiy insonlarimizning sa'y-harakatlari bilan Aqilaning muolajalari uchun zarur bo‘lgan 50 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ildi. Yaqinda Aqila Yangiboyeva murakkab va ko‘p bosqichli operatsiyani o‘tkazdi va ayni paytda reabilitatsiya jarayonida.
“Mana shu darddan forig‘ bo‘larmikanman, zarur mablag‘ni topa olarmikanman, degan savollar menga hech tinchlik bermasdi. Onam bilan yolg‘izligimizni, tog‘amlarning uyida turishimizni aytgandim. O‘zimning holatim bilan ko‘pchilikka muammo tug‘dirishimdan, har kuni uzluksiz og‘riqlardan ezilardim.
Allohga shukr, menga yordam bergan yurtdoshlarimizga rahmat. Menga ataganlarini xayriya qilishdi va eng og‘ir qismi ortda qoldi. Suyakdagi yemirilish bartaraf qilinib, endoprotez qo‘yildi. Ma'lum muddat o‘tib oyoqqa tura boshladim, sekin-sekin yurishni mashq qilyapman.
Menga og‘ir paytda yordam qo‘lini uzatgan saxiy insonlarni butun umr duo qilaman”, – dedi ko‘zida yosh bilan Aqila.
Yaxshilik yerda qolmaydi va savobga savob qo‘shadi. Biz, tahririyat xodimlari ham Aqilaga yordam berganlarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Mavzuga oid
23:49 / 08.11.2024
Britaniyada hospis yopilmasligi uchun 6 mln funt sterling xayriya mablag‘i to‘plandi
22:50 / 08.10.2024
Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan marafon uch oyda 378 ming yevro to‘pladi
13:08 / 31.08.2024
AQShda shahar hokimiyati 12 yoshli bolaning xayriya do‘konini yopdi. Aholi bola uchun 20 ming dollar yig‘ib berdi
08:23 / 20.08.2024