O‘zbekiston | 10:25 / 05.04.2021
23678
11 daqiqa o‘qiladi

«O‘sha parta va o‘sha dars, lekin ta'limga munosabat butunlay boshqacha» – Jyeneva universiteti magistri bilan suhbat

Shveytsariya deganda ko‘pchilik ko‘z oldida go‘zal tabiat manzaralari, so‘lim go‘sha va ishonchli hamda mustahkam bank tizimiga ega mamlakat gavdalanadi. Kun.uz’ning «Xorijdagi o‘zbeklar» rukni va Uzbek.Life loyihasining bu galgi mehmoni ushbu davlat universitetida magistraturada o‘qib kelayotgan o‘zbekistonlik Jaloliddin Xushvaqtov bo‘ldi.

— Suhbatimiz boshida o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz? Hozirda qaysi universitetda ta'lim olyapsiz?

— Men to‘g‘riso‘z, e'tiqodli, o‘rtamiyona ziyolilar oilasida ulg‘aygan oddiy bir o‘zbek yigitiman. Hozirda Shveytsariyaning Jyeneva universiteti magistraturasida tahsil olaman.

Otam shifokor, onam o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. O‘zlarining ilmiy ish bilan shug‘ullanishga imkoniyati bo‘lmagan, shu sababli bizning o‘qishimiz uchun doimo sharoit yaratib berishga harakat qilishadi va qo‘llab-quvvatlashadi.

O‘zbekiston Milliy universiteti kimyo fakultetida bakalavr tahsilini olganman. O‘qish davomida bir necha xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lganman. Keyinchalik, Karimov fondi orqali Shveytsariyaning Jyeneva universiteti magistraturasida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritdim.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tishim kerakki, Karimov fondi – bu shunchaki bizning xarajatlarimiznigina moliyalashtiradigan tashkilot emas, balki har qanday sharoitda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ikkinchi oilamiz, deb bilaman.

Hozirda, ZHAW (Zurich University of Applied Science)da ishlatilgan qahva qoldiqlarini oziq-ovqat sohasida qo‘llash ustida magistrlik ilmiy ishimni olib boryapman.

— U yerdagi ta'lim jarayonlari O‘zbekistondan nimasi bilan farq qiladi? Shveytsariya ta'limining sizga yoqqan jihatlari?

— To‘g‘risi, men ta'lim sohasida mutaxassis emasman va O‘zbekistonda ta'lim sohasida olib borilayotgan o‘zgarishlarning barchasini kuzatib boraman, deb ham ayta olmayman, lekin o‘zim misolimda savolingizga javob berishga harakat qilib ko‘raman.

Chetdan yuzaki qaraganda ko‘p farq yo‘qqa o‘xshaydi, o‘sha parta, o‘sha stol va dars o‘tish — hammasi deyarli bir xildek. Holat o‘zgarmagandek, lekin munosabat butunlay boshqacha. Darslar ikki tomonlama manfaat ustiga qurilgan: professor o‘zi tadqiqot olib borayotgan sohadagi so‘nggi bilimlarini ulashib zavqlansa, talaba yuqori malakali kadr bo‘lish uchun o‘z ustida ishlaydi.

Quyida o‘qish tizimining menga yoqqan jihatlarini sanab o‘tmoqchiman:

1. Akademik erkinlik. Universitetimizning menga eng yoqqan jihati – bu talabalarga beriladigan erkinlik.

O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, o‘qish davomida boshqa turli oliy o‘quv yurtlari (EPFL, Kopengagen universiteti va ZHAW)da o‘qish va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Universitet sizni har qanday sharoitda qo‘llab-quvvatlaydi. O‘yin qoidalari juda oddiy, asosiy maqsad yaxshi kadr yetishtirish.

2. Akademik muhit. Universitetda o‘qish uchun ajoyib muhit yaratilgan.

Muhit deganda universitet binosi yoki moddiy-texnik bazasini emas, balki talabalarning o‘qishga bo‘lgan munosabatini nazarda tutmoqdaman. Dars vaqtida deyarli barcha talabalar maksimal tarzda konspekt olishga harakat qilishi, kutubxonalarning talabalar bilan to‘la turishi, laboratoriyalarda turli xil tadqiqotlar ustida ishlanishi, albatta, meni juda ruhlantirgan.

To‘g‘risi, talabalar “botanik” (kitobdan bosh ko‘tarmaydigan) desam xato bo‘ladi, ular faqatgina reja asosida o‘qib, bo‘sh vaqtlarida juda yaxshi dam olishga harakat qilishadi.

3. Laboratoriyadagi muhit. Laboratoriya ishi bilan shug‘ullanib ba'zi vaqtlari reaktivlarni rejadan ko‘p ishlatib qo‘yaman, lekin kasbdoshlarim kamroq ishlat, ko‘p ishlatyapsan, deb aytishmaydi. Balki sen reaktivlar haqida o‘ylama, senga sharoit yaratib berish bizning vazifamiz, agar laboratoriyamizda topilmaydigan reaktivlar kerak bo‘lsa, ayt, buyurtma beramiz, deb doimo qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishadi.

Reaktivlarni istagancha ishlatish mumkin bo‘lgan holda bir do‘stim doimo ularni tejardi. Qiziqib, do‘stim, nega doimo reaktivlarni tejaysiz, deb so‘raganman. U: “Hozir bajarayotgan ishimni kichikroq o‘lchamda olib borsam ham bir xil natija olaman, lekin tabiatga nisbatan kamroq chiqindi chiqadi”, deb javob bergandi.

4. Imtihon. Imtihonlar shu qadar qiyin bo‘ladiki, mavzularni to‘liq o‘zlashtirish imtihondan o‘tish kafolati emas, kamlik qilishi mumkin.

Dastavval imtihonlar boshlanishidan oldin shijoatim shu qadar yuqori ediki, birinchi imtihonga 6 dan (eng yuqori baho) 6 olaman, deb kirganman, imtihondan keyin esa, ilohim sharmanda qilma, bahom o‘tish baliga yetgan bo‘lsin, deb chiqdim. 

Keyingi imtihonlarga yanada maksimal tayyorlanganman, lekin asosiy maqsad imtihondan o‘tish bo‘lgan, xolos. Ishonsangiz, oxirgi imtihonga kelib, hali bu fandan imtihon topshirishga tayyor emasman, imtihonga kirmasdan yozda qayta topshirsammi, deb o‘ylab qolgandim.

5. Dars kontenti. Darslarning asosiy kontenti, ayni sohadagi so‘nggi bilimlar, chop etilgan maqolalardan tuzilgan. Dars vaqtida professorlar mavzu haqida iloji boricha ko‘p ma'lumot berishga harakat qilishadi. Dastlabki davrlarda yangi tizimga moslashishim qiyin bo‘lgan, miyam shunchaki “o‘chardi” va analiz qilishdan to‘xtardi.

Professorning og‘zidan chiqqan har bitta so‘z mavzuni mukammalroq tushunish uchun yordam berishini imtihonoldi diktofonga yozib olingan barcha darslarni qayta eshitib ko‘rganimdan keyin tushunib yetganman.

6. Davomat. Talabalar darsga “nb” olmaslik uchun emas, balki mavzu bo‘yicha qiziqarli ma'lumotlarni o‘tkazib yubormaslik uchun keladi.

Barcha qiziqqani uchun keladi desam lof bo‘ladi, lekin darsni o‘tkazib yuborgan talaba aniq biladiki, keyinchalik imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishi uchun mavzuni o‘zlashtirishga majbur, boshqa yo‘l yo‘q. Men har doim yangi mavzuni mustaqil o‘rgangandan ko‘ra, soha mutaxassisi darslarida qatnashishni afzal bilaman.

7. Ijtimoiy himoya. Universitetda talabalarning ijtimoiy himoyasiga katta e'tibor qaratishadi. Turar joy bilan ta'minlash, ish topib berish, pandemiya vaqtidagi ijtimoiy yordamlar kabi.

Universitetda 1 m.kv.ga 1 soat degan dastur bor. Unga ko‘ra, talabalarga yoshi katta yoki yordamga ehtiyoji bor oilalar bilan yashashga imkon berishadi. Men 4 oy vaqt davomida 93 yoshli juda ham ajoyib buvi bilan turgandim, menga 16 kv/metrli xona berilgan, shunga ko‘ra oyiga 16 soat vaqt ajratishim kerak edi. Qiladigan ishim gullarni sug‘orish, bozorlik qilib berish, birga aylanishga chiqish va haftasiga bir soat, juma kuni 7 dan 8 gacha suhbatlashish. 

Yana qoyil qoladigan jihati, birinchi kuni kontrakt tuzish maqsadida tashrif buyurganimda, buvijon daftar bilan qalamni olib hisob-kitob qilishni boshladi va ular uchun ajratayotgan har bir soatim 30 dollar turishini aytdilar, agar oy davomida belgilangan ko‘proq vaqtimni sarflasam ularga aytishimni va hisob-kitob qilishimiz kerakligini eslatdilar. Ularning mardligini ko‘rib juda taajjublanganman.

Hozirgi vaqtda faqat laboratoriya ishlari bilan shug‘ullanyapmiz. Pandemiya davrida juda ko‘p narsalar o‘zgardi.

— Kundalik turmush xarajatlari uchun ishlab turasizmi?

— Albatta, birinchi kelganimda pul topishga qiziqish bo‘lgan. Universitet ham ish topishda ko‘maklashadi. Universitet saytida talabalar uchun mos ish joylari (maktab o‘quvchilariga dars berish, bolalarga qarash, xizmat ko‘rsatish va hokazo) muntazam e'lon qilib boriladi. Fransuz tilini yaxshi bilmaganligim sababli ko‘p joylardan rad javobi olganman.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, hozir sohamga tegishli bo‘lmagan joydan ish taklif qilinsa ham, ishlamagan bo‘lar edim. Xudoga shukur, Karimov fondi tomonidan ajratiladigan mablag‘ yaxshi yashashimiz, vaqti-vaqti bilan sayohat qilishimiz va boshqa ehtiyojlarimiz uchun bemalol yetadi.

— Umuman, u yerda yashashning “plyus-minus”lari qanday?

— Bu yerda yashashning yaxshi taraflari haqida juda ko‘p gapirsa bo‘ladi, lekin menimcha, eng muhimi bu shaxsiy rivojlanish. Bu yerdagi muhit – o‘qish, hayot, odamlar va boshqalar, sizni ko‘p narsa haqida qayta fikr qilib ko‘rishga undaydi, shaxs sifatida rivojlanishingiz uchun ajoyib maktab.

To‘g‘risi, endi kelganimda odamlarning yaxshiligini, ochiq ko‘ngilliligini, yordam so‘ragan vaqtim har doim yordam berib zavqlanishini, hayotdan xursandligini ko‘rib, shunchalik ham yomon odam bo‘lamanmi, deb o‘zimdan o‘zim xafa bo‘lganman. Eng katta kamchilik esa ota-onam, yaqinlarim va do‘stlarim davrasidan yiroqda bo‘lishim, menimcha.

— Shveytsariyadagi o‘qishni tamomlagandan so‘ng rejalaringiz qanday?

— Ayni vaqtda asosiy e'tiborimni oziq-ovqat kimyosiga qaratganman, sohada yetarlicha tajribaga ega bo‘lganimdan so‘ng, O‘zbekistonda oziq-ovqat sohasida ishlab chiqarish korxonasi va korxona qoshida tadqiqot markazi ochishni reja qilganman.

Eng qizig‘i, Shveytsariyaga kelib birinchi marta do‘konga kirganimda, deyarli 80- 90 foiz mahsulot men uchun yangi edi, do‘konni aylanib, faqat ba'zi sabzavotlar, sut, tuxum va non olish bilan chegaralanganman. Aytmoqchi bo‘lganim, oziq-ovqat sohasida O‘zbekiston bozori hali deyarli bo‘m-bo‘sh, borlari ham asosan chetdan import qilinadi, shuning uchun o‘z oldimga sohani rivojlantirib, yurt rivoji uchun kichkina bo‘lsa ham hissamni qo‘shishni niyat qilganman.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Mavzuga oid