Jamiyat | 13:56 / 05.04.2021
3729
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zmilliybank» AJ: Sog‘liqni saqlash, turizm va yengil sanoat – bankning Buxorodagi tashabbuslari haqida

Buxoroda «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, OAV vakillari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida press-tur tashkil etildi.

Jurnalistlar «O‘zmilliybank» AJ tasarrufidagi Bank xizmatlarini ko‘rsatish markazi hamda bank tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar bilan tanishdi.

«Diyor Cinema» kinoteatri «O‘zmilliybank» AJ tomonidan ajratilgan 3,5 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga ishga tushirilgan. Jumladan, kinoteatr binosi uchun kerakli asbob-uskunalar xarid qilinib joriy ta'mirdan chiqarilgan. Natijada har biri 50 ta o‘rinli 2 ta kinozal ishga tushirilgan. Ularning biri 3D formatidagi filmlar uchun mo‘ljallangan kinozaldir.

Press-tur ishtirokchilari Buxoro shahridagi «CARMEN PLUS» MChJda bo‘lishdi. Ta'kidlash kerakki, mazkur klinika zamonaviy diagnostika va terapevtik resurslarga, keng tibbiy xizmat turlariga boy, o‘z ishining malakali mutaxassislari faoliyat olib boradigan yuqori texnologik xizmatlarga ega tibbiyot markazi hisoblanadi. Mazkur klinikada nevrologiya, urologiya, otorinolaringologiya, stomatologiya, kardioxirurgiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi 100 ga yaqin malakali mutaxassislar faoliyat yuritadi.

Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida «O‘zmilliybank» AJ tomonidan ajratilgan 2 million 533 ming yevro miqdoridagi pul mablag‘lari evaziga Germaniya, Gollandiya, AQSh va Xitoy kabi mamlakatlardan MRT, MSKT, raqamli rentgen, raqamli UZI apparati hamda angiograf kabi tibbiy uskunalar sotib olingan.

Bank tomonidan yengil sanoat sohasidagi qator istiqbolli loyihalar ham moliyalashtirilib kelinmoqda.

«Kogon Tex» mas'uliyati cheklangan jamiyati ham «O‘zmilliybank» AJ bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Mazkur korxonaga ajratilgan 2 million AQSh dollaridan ortiq miqdoridagi kredit mablag‘lari evaziga Xitoy davlatidan ip-kalava ishlab chiqarish uskunasi sotib olingan. Korxona yillik 3,5 ming tonna ip-kalavani qayta ishlash quvvatiga ega. «Kogon Tex» korxonasining eksport geografiyasi yildan yilga kengaymoqda. Rossiya, Ukraina, Qozog‘istonga mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda Polsha va Xitoy davlatlari bilan eksport shartnomalarini imzolash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Press-tur ishtirokchilari Vobkent tumanidagi Bank xizmatlari ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Ta'kidlash kerakki, respublikamizning aholiga qulay bo‘lgan hududlarida ixcham bank xizmatlari markazlari tashkil etilmoqda. Yangidan tashkil etilgan bank xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan mijozlar va aholiga barcha turdagi bank xizmatlarini, shu jumladan, kreditlar ajratish, hisobraqamlarga xizmat ko‘rsatish, yuridik shaxslarga «I-Bank» dasturi va jismoniy shaxslarga «Milliy» mobil ilovasi orqali masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish, onlayn konvertatsiya qilish amaliyotlari sifatli ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda turizm, har qaysi mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadigan soha hisoblanadi. Yurtimizda ham hududlarning ulkan sayyohlik salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, turizm industriyasini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, turizm bo‘yicha O‘zbekistonning ijobiy imijini yaratish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan, «O‘zmilliybank» AJ tomonidan turizm sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shuvchi qator istiqbolli loyihalar moliyalashtirilmoqda.

Jumladan, bank tomonidan ko‘rsatilgan 10 milliard so‘m miqdoridagi moliyaviy ko‘mak yordamida «MUXABBAT XAYRI SAXOVAT» MChJ tomonidan «Poykent Bukhara» brendi ostida faoliyat yurituvchi mehmonxonalar tarmog‘i tashkil etildi.

Mehmonxonalar viloyatning eng mashhur ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan «Yetti pir ziyoratgohlari» yo‘nalishi, ya'ni Shofirkon tumani «Xoja Orif Mohitabon ziyoratgohi», Vobkent tumani «Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohi», Kogon tumani «Hazrati Mirkulol ziyoratgohi», Kogon tumani «Hazrat Bahouddin Naqshbandiy ziyoratgohi» hududlarida tashkil etilgan.

«O‘zmilliybank» AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid