Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Plastik kartalardan o‘g‘irlangan pullar odatda darhol xorijga chiqarib yuboriladi – mutaxassis
Bosh prokuratura akademiyasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Musayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bugungi kunda ko‘payib borayotgan plastik kartalardan o‘g‘rilik holatlari haqida so‘zlab berdi.
“Afsuski, bugungi kunda sodda insonlarning ishonchiga kirib, ularning plastik kartalaridagi mablag‘larni yechib olish holatlari juda ko‘p uchrayapti. Firibgarlar odatda bir usulni qo‘llashadi – ma'lum mablag‘ o‘tkazib beraman, deb xabar yo‘llashadi va buning uchun kod zarurligini aytishadi. Kodni qo‘lga kiritgandan keyin kartaga ulanadilar va undagi pulni boshqa bir plastik kartaga o‘tkazib oladilar.
Vaziyatning murakkabligi shundaki, bunday pullar tezlik bilan xorijdagi hisobraqamlarga o‘tkazib yuboriladi. Iz qoldirmaslik uchun firibgarlar chet ellarda rasmiylashtirilgan virtual raqamlardan va turli niklardan (virtual olamdagi taxalluslardan) foydalanishadi.
Xalqaro hamkorlik, jumladan Interpol liniyalari orqali surishtiruvning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Masalan, bunday pullar ko‘p o‘tkazib yuboriladigan AQShda 5 ming dollargacha bo‘lgan mablag‘ o‘marilgan bunday xalqaro jinoyat ishlari ko‘rib chiqilmaydi.
Shunday ekan, eng samarali uslub bunday jinoyatlarning oldini olish, ya'ni plastik kartalarga oid ma'lumotlarni ehtiyot qilish hisoblanadi”, – dedi G‘ayrat Musayev.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Olmazor tumanida qurilishi boshlangan “Islomobod” jome masjidi uchun uyushtirilgan xayriyadan plastik kartaga aldab ulanish yo‘li bilan 33 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni yechib olib, o‘zlashtirib yuborgan shaxs jazoga tortilgani xabar berilgandi.
Mavzuga oid
23:34 / 22.05.2025
Angrenda 4 nafar maktab o‘quvchisi bitiruv kechasiga pul topish maqsadida o‘g‘rilik sodir etdi
14:13 / 16.02.2025
Farg‘onada o‘g‘irlikka tushgan yigit onani bolalari ko‘z o‘ngida o‘ldirdi
19:12 / 30.01.2025
Niderlandiyada 2,5 ming yillik oltin buyumlarni o‘g‘irlashda gumonlangan shaxslar ushlandi
18:19 / 13.01.2025