Jamiyat | 07:04 / 06.04.2021
3811
2 daqiqa o‘qiladi

Amudaryoda aholiga tagidan zax chiqayotgan uy atrofidagi yerlarini o‘z hisobidan ko‘mib, tomorqa sifatida foydalanish tavsiya qilindi

Kun.uz'ga Amudaryo tumani, «Oq-oltin» OFY Dehqonobod aholi punktidan murojaat kelib tushgandi. Unda 2-3 yildan beri uylarning oldi suvga to‘lishi, uylar yorilib, tagidan zax chiqayotgani haqida yozilgandi.

Amudaryo tumani hokimligi murojaat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, Dehqonobod aholi punktidagi yer uchastkalari tuman hokimligi zaxira yerlari toifasida bo‘lganligi sababli, 2014 yilda turar joy qurish uchun auksion savdolariga chiqarilgan. Auksion g‘oliblari tomonidan 2018 yilda turar joylar qurilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, turar joy qurish uchun qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonlarini berish taqiqlangan. Auksionni o‘tkazish davrida talabgorlar ushbu yer maydonlari qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlari toifasiga kirishi, mazkur hudud ekin maydonlari sathidan pastda joylashganligi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Shu bois, auksion ishtirokchilari yer uchastkalarini olganidan keyin uni tuproq bilan ko‘tarish lozimligini bilgan holda, o‘z xohishlari bilan auksion savdosida ishtirok etishgan.

Mazkur aholi punkti atrofida joylashgan fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlarida sho‘r yuvish ishlari olib borilgani sababli yer osti zax suvlarining ko‘tarilishi kuzatilgan. Yaqin joyda kollektor joylashgan bo‘lib, ishchi guruh tomonidan kollektor ayni kunda ishlab turgani aniqlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib mazkur murojaatni yo‘llagan fuqarolarga uy atrofidagi yerlarini o‘z hisobidan ko‘mib, tomorqa sifatida foydalanish tavsiya qilindi, deyiladi Amudaryo tumani hokimligi axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid