Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Magnit» O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi
«Magnit» (Rossiya) chakana savdo do‘konlari tarmog‘i O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «Innoprom» sanoat ko‘rgazmasida «Magnit» shirkatining tijorat xaridlari va ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Yekaterina Lobanova ma'lum qildi.
«Biz xaridorlarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga bo‘lgan talabi tobora ortib borayotganini ko‘ryapmiz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shubhasiz, bizning qiziqishimiz markazida bo‘lib turibdi. Hozirning o‘zidayoq o‘zbek meva-sabzavotlarining bizning tarmog‘imizga importi hajmi 40 million dollardan oshadi. Shunga qaramay, biz ushbu turdagi hamkorlik salohiyati juda yuqori deb hisoblaymiz», dedi Lobanova.
Xususan, kompaniya 3-4 yil ichida import hajmi to‘rt baravarga oshirilishini kutmoqda. Yekaterina Lobanovaning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun O‘zbekistonda vakolatxona tashkil etishga qaror qilindi.
«Avvalo, vakolatxonaning vazifasi sheriklar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzish, o‘zaro aloqalarni yaxshilash va ochiq muloqot qilishdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari, biz uchun nafaqat uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelayotgan sheriklar bilan munosabatlarni saqlab qolish, balki ishonchli sheriklar bazasini rivojlantirib, yangi imkoniyatlar va yetkazib beruvchilarni izlash ham juda muhimdir. Sabzavotlar va mevalar bizni qiziqtirayotgan yagona yo‘nalish emas. Rossiya bozoriga olib kirilishi mumkin bo‘lgan yangi tovar va mahsulotlarni topishga tayyormiz», dedi kompaniya vakili.
Chakana savdo operatori bo‘lgan «Magnit» kompaniyasi yirik sanoat ishlab chiqaruvchisi ham hisoblanadi. Lobanovaning ma'lumotiga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yilni rekord ko‘rsatkich - 300 ming tonna ishlab chiqarilgan mahsulot bilan yakunladi. Tovarlar orasida asosan qandolat mahsulotlari, makaron mahsulotlari, choy, qahva va sneklar bor.
«Bu biz o‘zbekistonlik iste'molchiga taqdim etishga tayyor bo‘lgan tovarlar toifasi. Rossiyalik iste'molchi «Magnit» do‘konlarida ko‘rishi mumkin bo‘lgan narxlarni O‘zbekistondagi narxlar bilan taqqosladik va narx bo‘yicha biz O‘zbekistondagi ehtimoliy mijozlarimizga juda raqobatbardosh pozitsiyalarni taklif qilishimiz mumkinligini tushundik. Bu biznes bilan ko‘p yillar davomida shug‘ullanib kelyapmiz hamda iste'molchiga ko‘proq nima kerak ekanini bilamiz. O‘ylaymanki, biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz uchun juda qulay sherikka aylanishimiz mumkin», deya so‘zini yakunladi Lobanova.
Mavzuga oid
16:15 / 29.04.2025
Rossiya O‘zbekistonda fuqarolik dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi
17:34 / 28.04.2025
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda «INNOPROM» xalqaro ko‘rgazmasini borib ko‘rdi
18:10 / 07.04.2021
Rossiya O‘zbekistonda vodorod energiyasini rivojlantirishni taklif qildi
17:00 / 06.04.2021