O‘zbekiston | 08:03 / 06.04.2021
17180
5 daqiqa o‘qiladi

Qonliko‘ldagi bog‘cha mudirasi lavozimidan ozod etildi. Bundan oldin tarbiyachilar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygandi

Joriy yilning 31 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti xodimlari tomonidan tashkilot rahbarini lavozimdan olish uchun ko‘chada namoyish uyushtirilgani aks etgan videolavhalar tarqaldi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan vazirlikning Ichki audit xizmati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida 2021 yil yanvar oyida o‘rganish o‘tkazildi. 1-sonli DMTT direktori E.Bekbergenova o‘z lavozimida 31.01.2018 yildan 21.12.2020 yilga qadar ishlab kelgan. Direktor ustidan xodimlar tomonidan kelib tushgan shikoyatlarni o‘rganish maqsadida Ishchi guruh shakllantirilgan.

O‘rganish davomida MTT rahbari tomonidan 399,2 mln so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi. Jumladan:

  • DMTTga har xil lavozimlarga ishga rasmiylashtirilgan 5 nafar fuqaro DMTTda ishlamagan va vazifa bajarmagan bo‘lsa-da, ularning nomiga 24,0 mln so‘m ish haqi yozilib to‘langan;
  • 2018-2021 yillarda 33 nafar xodimning mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa-da, qo‘shimcha ish vazifalari noto‘g‘ri yuklanib hamda ushbu vazifalar bajarilmagan bo‘lsa-da, ularga 28,9 mln so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan;
  • 16 nafar xodimga 1,0 birlikdan ortiq ish-vazifalar yuklanib, to‘langan 46,9 mln so‘m ish haqi xodimlar tushuntirish xatlariga ko‘ra “CLICK” xizmati orqali DMTT musiqachisi va DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga o‘tkazib berilgan hamda shundan 8,5 mln so‘m ish haqi haqiqatda bajarilmagan ish hajmi uchun to‘langan.

DMTTda 1,0 birlikda metodist lavozimida ishlagan G.Otepovaga 2020 yil yanvar va fevral oylarida mehnat qonunchiligiga zid ravishda tuman MTB tomonidan qo‘shimcha 0,5 birlik ish yurituvchi va 0,5 birlik sektor boshlig‘i vazifalari yuklatilgan va 838,5 ming so‘m o‘rindoshlik uchun ortiqcha to‘langan, G.Otepovaga 2019 yil noyabrdan 2020 yil fevral oyigacha DMTTdagi metodist vazifasi uchun to‘langani rasmiylashtirilgan ish haqining 60 foizi, 7,1 mln so‘m DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga “CLICK” xizmati orqali o‘tkazib kelingan.

DMTT direktori tomonidan 3,63 birlik shtat birliklariga xodim olmasdan va bo‘sh ish o‘rni bo‘yicha tegishli mehnat organlariga hisobotlar topshirmasdan mehnat qonunchiligi buzilgan.

DMTT direktori E.Bekbergenova 1 nafar tarbiyachi yordamchisiga 2018 yil oktyabr oyidan 2019 yil dekabr oyigacha o‘z uyida har xil turdagi maishiy ishlarni, 2 nafar qorovulga 2020 yil 5 oy davomida o‘zining eski uyini buzdirib yangi uy qurdirgan bo‘lsa-da, ushbu davr mobaynida ish vazifasini bajarmagan 2 nafar qorovul va 1 nafar tarbiyachi yordamchisiga budjet hisobidan jami 16,1 mln so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan va DMTT uchun ajratilgan shtat birliklaridan o‘z manfaati yo‘llarida foydalangan.

Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan mehnatga haq to‘lash me'yorlariga amal qilinmasdan 1,9 mln so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan.

Oziq-ovqat mahsulotlarini kunlik taomnomalarga qo‘shib yozish natijasida 7,3 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan.

2018-2020 yillarda 5,7 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari me'yordan ko‘p taomnomaga kiritilib, ortiqcha hisobdan chiqarilgan.

DMTT moddiy javobgar shaxsi tomonidan hamda markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari nazorat tashkil etmagani natijasida 5,2 mln so‘mlik oziq-ovqat va 50,9 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadi hamda 0,7 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ortiqchaligiga yo‘l qo‘yilgan.

DMTT ombor mudiri va oshpazlari tushuntirish xatlariga ko‘ra, DMTTda 2018-2020 yillarda taomnomada yozilgan go‘sht va sut mahsulotlarining yarmi, ya'ni 4 932 kg 159,6 mln so‘mlik go‘sht hamda 15 504,5 litr 53,1 mln so‘mlik sut mahsulotlari qozonga solinmagan. 

O‘rganish hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tuman bo‘limiga topshirilgan. Shuningdek, vazirlik buyrug‘iga asosan DMTT direktori 21.12.2020 yil lavozimidan ozod etildi.

24-25 mart kunlari sud qaroriga asosida E.Bekbergenova lavozimiga qayta tiklangan. Shundan so‘ng, MTT xodimlari o‘z norozilik namoyishlarini uyushtirgan.

5 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi MTVning ma'lum qilishicha, 1-son MTT direktori E.Bekbergenova qayta lavozimidan chetlashtirildi.

Bundan oldin, Qonliko‘l tumanidagi bog‘cha tarbiyachilari sobiq direktor lavozimiga qaytganidan norozi bo‘lib, 31 mart kuni avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani xabar berilgandi. 

Voqea videolari ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgach, Kun.uz hodisa tumandagi 1-sonli davlat bog‘chasiga oidligi, bog‘chaning muqaddam ishdan bo‘shatilgan rahbari sud qarori asosida lavozimiga tiklangani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid