Jamiyat | 18:54 / 08.04.2021
29291
10 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ylar nega tuman hokimligi oldiga haydab kelindi? - Nurobod tuman hokimi izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga qo‘y suruvi haydab kelgani tasvirlangan video 6 aprel kuni tarqaldi. Hokimlik binosi oldiga haydab kelingan 1,5 mingga yaqin qo‘ydan iborat poda odamlar orasida keng muhokama qilinmoqda.

Ayni masala yuzasidan bugun, 8 aprel kuni Samarqand viloyat hokimligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirov, tuman IIB, soliq boshqarmasi rahbari va tuman prokurori qatnashdi.

Birinchi bo‘lib so‘z olgan Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirovning aytishicha, odamlar orasida klaster tizimiga o‘tish targ‘iboti amalga oshirilgan bo‘lsa-da, tushunmovchiliklar saqlanib qolgani uchun yuqoridagi holat yuzaga kelgan.

«Nurobod tumanining 356 ming gektar yerlari yaylov sifatida ro‘yxatga olingan. Tumanimiz chorvachilikka moslashgan. 2020 yilda prezident qarori bilan yaylovlar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu qarordan keyin qo‘mita barcha yerlarni ro‘yxatga oldi. Shu asosida tumanda ikkita klaster tashkil etildi va bu ikki klasterga yaylovlar ijaraga berildi («Samarqand qorako‘l klaster» MChJ korxonasiga 151 ming gektar, «SP LUXE» MChJ qo‘shma korxonasiga 197,2 gektar).

Klasterlar oldiga mahsulot ishlab chiqarishdan uni qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.

Tuman markaziga yaqin qishloqlarda «SP LUXE» klasteri tomonidan fermer xo‘jaligi tashkil etilib, ularga 49 yilga yer ijaraga berilgan. Fermer xo‘jaligida 1 450 ta chorva boqilmoqda.

Videosi tarqalgan holatda boshqa hududdan qo‘ylar haydab borilgan. Shundan so‘ng «SP LUXE» MChJ vakillari bilan birga vaziyat o‘rganildi. Bu qo‘ylar orasida aholining chorvasi bo‘lmagan. Aholiga chorvalarini ro‘yxatga olgan holda MChJ tashkil etib, qonuniy harakat qilish tushuntirildi. Uchrashuvda odamlarga yuridik shaxs ochilgan holatda yer ularga klasterdan ijaraga berilishi aytildi», — dedi Nurobod tuman hokimi F.Zoirov.

Hokimlik binosi oldiga suruvlarini haydab borgan Qilichli mahallasi Nurobod tuman IIBga qarashli sektor hisoblanadi. Sektor rahbari, tuman IIO FMB boshlig‘i Aslam Ochilov ham matbuot anjumanida ishtirok etdi va uning aytishicha, fuqarolardan oldin bu yaylov bilan bog‘liq muammo borasida murojaat bo‘lmagan.

«Bir oyda to‘rt marta fuqarolar bilan uchrashaman. Murojaatlar asosan yo‘llar, kommunal va ishsizlik masalasida bo‘ladi. Yaylov borasida shu vaqtgacha murojaat bo‘lmagan», — dedi A.Ochilov.

IIO FMB boshlig‘ining aytishicha, hokimlik binosi oldiga suruvini haydab kelgan hech kim jazolanmadi.

«Odamlar shunchaki vaziyatdan norozi ekanini bildirdi, hech qanday zarar yetkazilgani yo‘q. Shu sabab hozircha hech kim jazolangani yo‘q», — dedi Aslam Ochilov.

Ma'lum qilinishicha, holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Nurobod tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari Bobur Ismoilov muammoni qisqa qilib tushuntirdi.

«Tumanda 98 ta fermer xo‘jaligi bor, ulardan 6 tasi MJCh ko‘rinishida naslchilik bilan shug‘ullanadi. Hududda fuqarolarning chorva boqishiga hech qanday qarshilik yo‘q. Ular bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravariga teng miqdorda to‘lov amalga oshirgan holda chorvasini boqishi mumkin. Ya'ni bitta qo‘y uchun bir yilda klasterga shuncha pul to‘lash kerak. Odamlar esa «klasterga a'zo bo‘lsam, qo‘ylarim ham klasterga o‘tib ketadi», deb xato o‘ylaydi. Aslida bunday emas, fuqaro klasterga pulini to‘lab, chorvasini boqishi mumkin. Soliqlarni klaster to‘laydi», dedi tuman bosh soliqchisi.

Tuman hokimligi oldiga qo‘ylar haydab kelinishi ortidan Nurobodda yaylovdan g‘alla uchun 40 gektar yer ajratish to‘g‘risidagi hokim qarori bekor bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Yaqindagina yangi lavozimda kirishgan Nurobod tumani prokurori Norsuluv Soyipovaning aniqlik kiritishicha, bu hokim qarorining bekor bo‘lishiga hokimlik binosi oldiga qo‘ylar haydab kelinishining aloqasi yo‘q.

«Ishga yaqinda kelgan bo‘lsam-da, bu boradagi hujjatlarni ko‘rib chiqdim va gap nimada ekanini tushunishga harakat qildim. 2020 yil 9 dekabr kuni fuqarolardan biri tuman hokimiga lalmi yerdan g‘alla ekish uchun yer ajratishni so‘ragan. Unga tuman hokimligi zaxirasida turgan 40 gektar lalmi yer 30 yilga ijara asosida ajratib berilgan.

Bu yerning yaylovga aloqasi yo‘q. Ijara shartnomasi asosida tadbirkorga 30 million so‘m investitsiya kiritish sharti qo‘yilgan. Bu talab tadbirkorga og‘irlik qilgan ko‘rinadi, u 15 mart kuni ariza bilan murojaat qilib, yerni qaytib bergan. Yer qaytib berilishining tuman hokimligi oldida sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q», — dedi tuman prokurori.

Tuman hokimi F.Zoirovning tushuntirishicha, hududda klaster tizimining joriy etilishi odamlar uchun ham foydali.

«Bir narsani tushunish kerak, Nuroboddagi yaylovlar ko‘pchilik o‘ylayotgani kabi boylarga bo‘lib berilmagan. Yerlar Pillachilik va qorako‘lchilik davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilgan. Qo‘mita esa yerni o‘z navbatida klasterga ijaraga bergan. Bu esa yaylovda faqat klasterdagilar chorva boqadi degani emas, odamlar ham solig‘ini to‘lab, qo‘y boqaversin.

Yuqorida soliqchimiz aytganidek, bitta qo‘yga bir yilda 315 ming to‘lash kerak bo‘ladi, chunki klaster ham yerni ijaraga olgan. Bundan tashqari, odamlar yaxshigina imtiyozga ham ega bo‘lmoqda. Masalan, yangi nasllar olib kelingach, aholi ham chorvalarini yangi nasllilariga yangilab olishi mumkin. Klaster hududda mavjud bo‘lgan muammolarni hal qilishga harakat qilmoqda, muammo tug‘dirishga emas.

Klaster ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi ko‘zlangan va bu hududga sanoat kirib keladi. Sanoat esa rivojlanishni tezlashtiradi. Bizda uzoq yillar naslchilik va bo‘rdoqichilik muammo bo‘lib kelgan. Biz mana shu ustida ishlab, aholining chorvasini ham go‘shtga moslashgan nasllarga almashtirishga harakat qilyapmiz. Chunki go‘sht doim sotish mumkin bo‘lgan mahsulot, ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham.

Bizda yer ko‘p. Endi-endi fermer xo‘jaliklari tashkil etilib, yer bo‘lish boshlandi. Yig‘ilgan qo‘ylar aholiniki emas, boshqa yerdan haydab kelingan. Shu holatdan keyin qishloq aholisiga ikkita MChJ tashkil etilgan holda ularga yer ajratiladigan bo‘ldi. Ya'ni odamlar chorvalari soniga qarab, qonuniy yerga ega bo‘ladi.

Klasterning paydo bo‘lgani oziq-ovqat masalasida ham juda muhim. Chunki ular qurg‘oqchilik bo‘lgan vaqtda ozuqa masalasini hal qilish bo‘yicha ishlaydi.

Masalan, 2018 yil qurg‘oqchilik bo‘lganida suruvlarimizni Baxmal, Zomin, Toshkent viloyati va hatto Namangangacha olib ketgan vaqtimiz bo‘ldi. Ilohim, bunday qurg‘oqchilik boshqa takrorlanmasin, lekin bu holat yana takrorlansa, qiynalib qolamiz», — dedi tuman hokimi.

Faxriddin Zoirovning aytishicha, qorako‘lchilik foydasiz yo‘nalish emas va u mamlakatning brendi.

«Qorako‘lchilik foydasiz sohaga aylanib qolgan deb o‘ylamayman, shunchaki uni rivojlantirish kerak. Bizda uzoq vaqt naslchilik rivojlanmay qoldi. Zamon bilan hamnafas bo‘lib yangi turlar yaratilsa, qorako‘l terilari hamon bozorbop», — dedi F.Zoirov.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 2 sentyabr kuni «Pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni e'lon qilingandi. Unda 2021 yil 1 iyulga qadar respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shoxli nasldor mollarni ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, teri va junni qayta ishlash, go‘sht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish bo‘yicha qorako‘lchilik klasterlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

2020 yil 10 noyabrda esa «Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingandi. Qarorda sohani rivojlantirish uchun tuzilgan qo‘mita oldiga qo‘yilgan vazifalar sanalgan.

2021 yil 9 fevralda bu borada yana bir hujjat qabul qilindi. «Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida 2021 yil 1 martga qadar qorako‘lchilik klasterlari tomonidan qo‘y va echkilarni bo‘rdoqiga boqish komplekslarini tashkil etish maqsadida ularga qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar yetishtirish uchun yer maydonlari ajratilishi ta'kidlangandi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Mavzuga oid