O‘zbekiston | 19:49 / 08.04.2021
8417
4 daqiqa o‘qiladi

«Xususiy tibbiyot rivojlanmagani uchun davlat tibbiyoti ham orqaga qarab ketdi». Shavkat Abdurazzoqov tibbiyotdagi ahvol, budjet pullari va negativ izohlar haqida

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kun.uz bilan suhbatda internetdagi izohlar, tibbiyotdagi holat, budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish va farzandlari nima ish bilan shug‘ullanishi haqida gapirdi.

O‘zimizning tibbiyotga ishonaman, lekin kamchilik ko‘p

O‘zimizning tibbiyot tizimimizga ishonaman. Davlat hamma yo‘nalishda ishlayapti. Lekin, tibbiyot bo‘yicha noto‘g‘ri bir fikr bor, u ham bo‘lsa mutaxassislarning malakasi bo‘yicha. Toshkentda 7-8 yil ishlagan bo‘lsam, ko‘p qarindoshlarimiz kelgan. To‘g‘ri, poytaxtda texnologiya ko‘pligi, sharoit borligi uchun ko‘pchilik keladi.

Biroq, viloyatlarda ham rivojlanmoqda, ko‘p dasturlar bo‘yicha mablag‘ ajratildi. Sharoit bo‘yicha Toshkentga borishi mumkin, bizda chekka qishloqlarda ta'mirlanmagan bo‘lishi mumkin. Ammo yildan yilga investitsiya dasturiga kiritilib, yaxshilanib bormoqda.

Raqobat degan narsa ham bor. Xususiy tibbiyot rivojlanmagani uchun davlat tibbiyoti ham orqaga qarab ketdi. Endi davlat-xususiy sheriklik, xususiy tibbiyotga berilayotgan e'tibor mutaxassislarni ham raqobat qilishga undayapti.

Budjet pullari to‘g‘risida

Budjet mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha nazorat ishida o‘rinbosarlar masalasi katta o‘rin tutadi. To‘g‘ri odamlarni to‘g‘ri, o‘zining joyiga qo‘yish juda ham katta ahamiyat kasb etadi. Yuz foiz nazorat qilaman, desam noto‘g‘ri gapirgan bo‘laman.

Mening nazorat qilishim - o‘rinbosarim orqali har kuni hisobot. Sababi, u ham davlat odami, men ham davlatning odami, men nazorat qilishga majburman. O‘rinbosarimning faoliyatini nazorat qilish, yo‘nalish berish orqali... Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib yuraman, izohlarni o‘qiyman, ichidan chiqadi. Takliflarni ijtimoiy tarmoqlardan ham olib, ishda qo‘llashimiz kerak.

Internetdagi izohlar

Ijtimoiy tarmoqdagi izohlarni kuzatib boraman. Turli fikrlar bor, ichidan olish kerak bo‘lgan fikrlar ham mavjud. Negativ fikrlarga keladigan bo‘lsak, men bu borada bir xulosaga keldim. Aksariyat mahallalarni aylanib chiqdim, ko‘pchilikdan ijtimoiy tarmoqlarni, internetni bilasizmi deb so‘radim, nima u, degan javoblar bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi “piar, koshona qurib olibdi”, degan izohlarga e'tibor bermaslikka qaror qildim. Sababi, bu yerda, haqiqiy muammoning ichida o‘tirgan odamlar buni yozmayapti. Uni tashqaridan kimlardir yozyapti. Bekorchilikdan hammasi. Ishi bor odam bir kunda o‘n marta izoh yozmaydi.

Xorijda aktivlarim yo‘q

Xorijda aktivlarim yo‘q. Bu aniq. Farzandlarim O‘zbekistonda ta'lim olgani yaxshi, mening o‘zim shunga qat'iy turganman. Katta farzandim Yaponiyada o‘qimoqchi bo‘lgan, men bakalavrni O‘zbekistonda tamomlashi, keyin magistraturani chet elda o‘qishi mumkinligi borasida shart qo‘yganman. Yaponiyada magistratura emas, bir yillik o‘qishda ta'lim olib keldi. Kelganidan keyin ham o‘z yo‘nalishiga ishga kirishiga motivatsiya berdim, majburladim desam xato bo‘ladi.

Otaning haqqi bor, yoshlar bilib-bilmay qaror qabul qilib qo‘yadi, shuni yo‘naltirib turishimiz kerak. Shuning uchun ikki farzandimning kelajagi ham O‘zbekiston bilan bog‘liq. Biri bankda oddiy mutaxassis, biri gaz tizimida mutaxassis. 

Bundan oldin, Shavkat Abdurazzoqov viloyatda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, energotaqchillik va ekologiya masalasi haqida gapirib bergandi.

Shuningdek, Namangan viloyati hokimi qimmatbaho mashinalar, yo‘llar ahvoli va rahbarlik yuki haqida fikr bildirdi.

To‘liq video:

Mavzuga oid