Qarshida hujjatsiz, ruxsatsiz o‘rnatilgan kran: ko‘p qavatli uy aholisi o‘z turar joyidan xavotirda
Qarshi shahridagi Oqtepa mahallasi aholisi ko‘p qavatli turar joyning himoya hududi e'tiborga olinmasdan o‘rnatilgan qurilish krani ustidan shikoyat qilib tahririyatga murojaat qilishdi.
«Tadbirkor ko‘p qavatli uyimizning himoya zonasida kran o‘rnatdi. Hokimlikka qilgan murojaatlarimizdan foyda bo‘lmayapti. Bolalarimiz o‘ynaydigan joy edi. Shamol vaqtida kran yiqilsa, turar joyimizga va shu atrofda o‘ynab yurgan bolalarimizga zarar yetkazadi», deyilgan murojaatda.
Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun Qarshi shahriga bordi. «Ozod va obod vatan» boshqaruv shaklidagi MChJga tegishli ko‘p qavatli uyning old qismida «kran» o‘rnatilgan. Xavfsizlik texnikasiga mutlaqo javob bermaydi. Achinarlisi, kranning g‘ildiragini to‘xtatib turish uchun tosh va yog‘och bo‘lagi tirab qo‘yilgan.
Keyinchalik o‘zini tadbirkor deb tanishtirgan yigitning aytishicha, kranni muvozanatda tutib turuvchi ortidagi betonlarning og‘irligi 30 tonna ekan.
«Tadbirkor yashil maydon deb belgilangan joyga kranni o‘rnatdi. Rels turgan joyning tagidan kanalizatsiya o‘tgan. Bolalarimiz o‘ynashiga joy yo‘q. Kamiga uyni qurgan quruvchiga yalina-yalina arang qurdirgan «besedka»larimizni buzamiz deyishmoqda.
Kranning o‘rnatilishi xavfsizlik texnikasiga zid. Simlari ochiq. Hozir tokka ulanmagan bo‘lsa ham xavfli. Bolalar zinasidan tepaga chiqishi mumkin. Ota-onalar ularning ortidan doim kuzatib o‘tirolmaydi-ku?
Shahar hokimligiga murojaat qildik. Ular «kran ishga tushirilmaydi, to‘xtatiladi hamma ishlar, qachonki hujjatlarini taqdim etsa, biz ruxsat bersak ishlarini boshlaydi», deyishdi. Lekin tadbirkor o‘sha kuniyoq kranni tikka qildi», — deydi «Ozod va obod vatan» boshqaruv shaklidagi MChJning hududiy rahbari Umida Mamatova.
«Bizga mana bu kran xalaqit beryapti. Shiyponchalarimizning naryog‘ida ishlataversin. Xohlasin gipermarket qursin, xohlasin uy qursin. Hozir buning turishi xavfli. Bu yerda bolalarimiz o‘ynaydi. Mashinalar tirband bo‘lib yotibdi. Shundoq ham bolalar maydonchamiz yo‘q. Quruvchimiz hamma joyni chala qilib ketgan.
Kran masalasi bo‘yicha bormagan joyimiz qolmadi. Hokimlikka ham bordik, qurilish boshqarmasiga ham. Hammasi kelib ko‘radi, bizga boshqa narsa deydi, quruvchiga boshqa narsa. Kimga murojaat qilishimiz kerak?
Mana, bolalar o‘ynayapti. Biror narsa tushib ketsa kim javob beradi – quruvchi javob beradimi? Toki biror nima bo‘lmaguncha hech narsa bo‘lmaydi, deyish kerakmi? Bo‘lmasidan oldini olish kerak emasmi?» - deydi shu uyda yashovchi fuqaro Zilola Suropova.
Aholi ushbu kran ko‘p qavatli uyning himoya hududida tiklanganini ta'kidlamoqda. Qolaversa, bir tomon relsi uyning kanalizatsiyasi ustiga o‘rnatilgan.
«Mana shu kranning relsi o‘rnatilgan joy uyimizning kanalizatsiyasi usti. Kanalizatsiya quvuri plastmassa, hozirgacha qayrilib ichi to‘lib qolmoqda. Tadbirkorni ogohlantirdik. To‘xtatish o‘rniga kranni badtar yig‘yapti», — deydi MChJ santexnigi Ulug‘bek Rasulov.
Ushbu holatga aniqlik kiritish uchun Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari G‘ayrat Sultonov bilan bog‘landik. Hozirda boshqa hududda ekanligini aytgan mas'ul savollarimizga telefon orqali javob berishini aytdi.
«Tadbirkorga ruxsat bermaganmiz. Ruxsat bo‘lishi uchun «Katnadzor» va «GASN»ga xat bilan chiqishim kerak. Ikkita uyning orasida 25 metrdan kam joy qolmasligi kerak. Qo‘limizda aniq hujjat yo‘q», — deydi G‘ayrat Sultonov.
Ko‘p qavatli uy va oldidagi hovli devori orasini o‘lchab ko‘rdik. Kran 10 metrda joylashgani, devorgacha 20 metr ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Tadbirkorning akasi deb o‘zini tanishtirgan Otabek ismli shaxs esa, hokimlik ruxsat berganligini, qurilish uchun barcha hujjatlari yetarli ekanini ta'kidladi.
«Qarshi shahar hokimining o‘rinbosarlari bergan ruxsatnomaga asosan qurilishni boshladik. Ruxsatnoma bo‘lmasa xarajat qilib kran olib kelarmidik?» — deydi u.
Hokim o‘rinbosari hujjati yo‘qligini, tadbirkor esa aksini ta'kidlaydi. Aholi esa farzandlari xavfsizligidan xavotirda. Vaziyatga oydinlik kiritishi lozim bo‘lgan mas'ullar esa hududga kelolmadi. Tadbirkor esa ko‘plab hujjatlar nusxasini ko‘rsatdi, lekin kranni o‘rnatishga bo‘lgan ruxsatnomasini ko‘rsatolmadi. Intervyu berishni ham istamadi.
Mas'ullar ushbu holatni bee'tibor qoldirmaydi, degan umiddamiz. Kun.uz vaziyatni kuzatishda davom etadi.
O‘roljon Kamolov, Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:11 / 20.07.2024
Qarshi aeroporti yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi
09:39 / 05.05.2024
Kran - ikkinchi uyim: 44 yildan beri balandlikda ishlaydigan ayol
07:43 / 27.04.2024
O‘zganing sir saqlanishi lozim bo‘lgan videolarini tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan ayol ushlandi
22:32 / 20.04.2024