O‘zbekiston | 08:24 / 10.04.2021
2923
2 daqiqa o‘qiladi

Amudaryoda shifokorlar suvga cho‘kkan, 2 yoshga to‘lmagan go‘dak hayotini saqlab qoldi

Amudaryo tumanidagi Kuyuk ko‘pir ovulida Jahongir Xo‘janov va Gulasal Ko‘klanovalarning 2 yoshga yetmagan farzandi Dostonbek suvga cho‘kib ketgan. Bu haqda tuman hokimligi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 5 aprel kuni ertalabki soat 10:00 larda Dostonbekning atrofda ko‘rinmay qolganini darhol payqagan oiladagilar izlay-izlay uni ariqdagi suvdan topishgan. Tanasida hayot asoratlari deyarli qolmagan go‘dakni ota-ona darhol Kuyuk ko‘pir ovulidagi 5-oilaviy poliklinikaga olib kelishgan.

Tibbiyot muassasasidagi oila shifokori Jamshid Abdurahmonov ota-onasining qo‘lida jonsiz kelgan Dostonbekka birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan. Suvga cho‘kish, nafas yo‘llari aspiratsiyasi, og‘ir darajali asfiksiya, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, klinik o‘limdan keyingi holatda kelgan bolani tuman Tibbiyot birlashmasi bolalar reanimatsiya bo‘limiga olib kelgan.

5 nafar shifokorning say'-harakatlari natijasida bemor hayoti saqlanib qolindi. 6 aprel kuni jajji Dostonbek ota-onasining bag‘riga qaytarilgan.

Mavzuga oid