O‘zbekiston | 10:11 / 10.04.2021
26240
10 daqiqa o‘qiladi

«Italyanlar va o‘zbeklar o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p» - Rimdagi Sapiyenza universiteti o‘zbek magistranti bilan suhbat

Kun.uz chet el universitetlarida o‘qiyotgan, shuningdek, ilmiy faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlar qilib kelmoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz – Rim shahrida joylashgan nufuzli Sapiyenza universiteti yuridik fakulteti magistranti Gulrux Sa’dullayeva bo‘ldi.

— O‘zingiz haqingizda, Rimdagi universitetga o‘qishga kirishingiz qanday ro‘y bergani haqida gapirib o‘tsangiz.

— Oilamizda qizlarning ta’limiga alohida e’tibor qaratishgan. Ota-onam – oddiy o‘qituvchilar, shuning uchunmi hech qachon ta’limda cheklov bo‘lmagan. Lekin odatiy o‘zbek oilalarida bo‘lgani kabi chet elda o‘qishimga ota-onam qarshi bo‘lishgan. Sababi bizda shunday umumiy bir tushuncha bor, yoshsan, qiz bolasan, undan ko‘ra shu yerda o‘qi yoki turmushga chiq kabi qarash kuchli o‘rnashgan. 2009 yilda ko‘plab obro‘li universitetlarga: Emory University, Warwick, UCL kabi top universitetlardan qabul va scholarship xatlari kelgan edi. Lekin taqdir ekan, Jizzax davlat pedagogika institutida grant asosida o‘qidim.

Universitetni tugatganimdan so‘ng ingliz tilidan o‘qituvchilik qildim. Ko‘plab o‘quvchilarim yuqori IELTS ball olishdi, olimpiadalarda qatnashdi. O‘qituvchi o‘zining o‘quvchilariga yaxshigina motivatsiya bo‘la oladi. Faoliyatim davomida ko‘plab xalqaro konferensiya, BMT modellarida qatnashdim, o‘zim ham tashkillashtirdim. Umuman, xoh qiz yoki o‘g‘il bo‘lsin, hayotda liderlik va netvorkingning o‘rni katta.

2019 yilda Edu-Action kompaniyasida ishladim. Orada karantin boshlanib, sal bo‘sh vaqt bo‘lganiga uzoq yillik armonim xorijda o‘qishga ketishga harakat qildim. Ota-onam bu safar ishonch bildirishdi va men to‘liq grant asosida Italiyada magistraturada tahsil olyapman.

Boshida 20dan ortiq universitetlardan qabul xatlari keldi. Lekin ko‘pchilik elchixonalar yopiq bo‘lgani hamda grant bahonasida Italiyani tanladim. Rimdagi Sapiyenza universiteti – judayam nufuzli oliygoh. Universitetning yuridik fakultetida «Iqtisod va huquq» bo‘yicha ta’lim olmoqdaman. Shu bilan parallel ayni paytda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti «Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati» magistraturasini tamomlash arafasidaman.

Oilada katta farzand yaxshi o‘qisa, ukalariga ham o‘rnak bo‘la olishiga o‘zim misolimda amin bo‘lganman. Oilada uch farzandning to‘ng‘ichi bo‘lganim uchun ukam va singlim ham izimdan ergashgan, ular ham oliy ma’lumotli, singlim Toshkentdagi Vebster universiteti magistranti, ukam esa korxona bosh boshqaruvchisi bo‘lib ishlaydi.

— Siz o‘rganayotgan sohaning O‘zbekiston uchun muhimligi qay darajada deb o‘ylaysiz?

— Yuqorida aytganimdek, ayni paytda «Iqtisod va huquq» sohasida ta’lim olyapman. Lekin bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Maqsadim – inson huquqlari himoyachisi bo‘lish. Bu sohada O‘zbekistonda qilinadigan ishlar ko‘p. Bizda yaxshi qonunlar bor, lekin ijro anchagina sust. Bunaqa sharoitda inson o‘zini xavfsiz his qila olmaydi.

Qolaversa, bugungi kunda mamlakatga investorlar, ishbilarmonlarni ko‘plab jalb etish ishlari ketayotgan vaqtda qonunlar maksimal ishlashi kerak. Xorijiy investor chiroyli «siti»larni ko‘rish uchun emas, yuridik va siyosiy jihatdan o‘zini xavfsiz sezsagina qiziqish bildirishi mumkin.

Asosiy maqsadimga keladigan bo‘lsam, O‘zbekiston sharoitida ayollar va bolalar huquqi, ijtimoiy himoya yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Xudo ko‘rsatmasin, rak yoki boshqa og‘irroq kasallikka chalinadigan bo‘lsa va katta miqdorda pul kerak bo‘lsa, qanaqadir sug‘urta yoki fond, yoki boshqa pul oladigan joy yo‘q. Ijtimoiy himoya, ayol va bola huquqlari ustida ancha ishlashimiz kerak. Kelajakda ilmiy ishimni davom ettirish bilan birgalikda, inson huquqlari bo‘yicha yurist bo‘lish niyatim bor.

— Qizlar uchun xorijda tahsil olishning eng katta xavfi va eng katta yutug‘i nimada?

— Buni faqat qizlarga xoslamagan bo‘lardim. Aslida qizlarga mana shunday qarash ham stereotiplardan. Bu qo‘rquv asosida shakllanib qolgan, chunki xorijda sotilib ketgan ba’zi ayollar sabab ko‘pchilik qizlarini uzoqqa yuborishmaydi.

Nafaqat qizlar, umuman barcha uchun xorijda o‘qishning o‘ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari bor. Ijobiy jihati – xalqaro ta’lim, ayniqsa top universitet bo‘lsa, farqi ancha seziladi. Bu yerda forma, davomat emas, bilim so‘raladi. Imtihonda ham 5 marotaba imkon beradi. Olgan bahodan qoniqmasam, qayta topshirish mumkin. O‘zim O‘zbekistonda o‘qiganim uchun taqqoslay olaman, bizda davlat universitetlarida bir marta imtihon topshirasiz, shunda ham ko‘pincha qanday baho qo‘yarkin deb o‘qituvchining «muruvvati»ga ilhaq bo‘lib turasiz.

Endi minuslarini aytsam, kvartira, kundalik oziq-ovqat, agar kontraktda o‘qisa, uni to‘lash va boshqa xarajatlari uchun ishlashga to‘g‘ri kelsa, yigitlar kabi har ishga o‘zini urib ketolmaydi. Masalan, qariyalarga, bolalarga qarashib turuvchi sifati ishlashlari ham mumkin.

Yevropa davlatlari xavfsizligi masalasiga to‘xtalsam, kelganimdan beri hali birorta muammoga uchramadim. Bizdagi muammo – qizlarni ishonmay, chetda o‘qimasin, bo‘lmasa aynib ketadi degan qarash, lekin aslida unday emas. Hammasi yoshlikda ota-ona bergan tarbiyaga bog‘liq.

— Xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan qizlar va ularning ota-onalariga nima degan bo‘lardingiz?

— Agar farzandida xohish va iqtidor bo‘lsa, imkoniyatga qarab, albatta, qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan bo‘lardim. Chunki bitta o‘g‘ilni o‘qitsangiz, farzandingizni o‘qitgan hisoblanasiz, bir qizni o‘qitgan, butun oilaga, jamiyatga foydasi tegadi. Qizlarimizdan ham kuchli matematik, fizik, yuristlar chiqishini xohlayman. Bunda ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi va tushunishi juda muhim!

— Hozirgacha nechta til o‘rgandingiz, til bilgan el bilar degan naqlga hayotingizda isbot topyapsizmi?

— O‘zim ingliz tili o‘qituvchisiman, C1 darajam bor, yaqindan boshlab italyan va ispan tillarini o‘rganishni boshladim. Hamma joyda ham o‘z tilida gapirsangiz, ishingiz tezroq va osonroq bitadi, o‘zaro muloqotlarga ham foydali.

Tarjimadan bo‘lsa-da, kitoblar o‘qigan yaxshi, lekin o‘sha millat tilida o‘qigan boshqacha zavq beradi, chunki tarjima yo‘nalishida ham ishlayapman va bilyapmanki, qaysidir tildagi o‘ziga xos so‘zlar, iboralar, boringki, gaplarni ham o‘shanday ifodalash qiyin. Unda o‘sha millat ruhi yashaydi.

— Italyanlar qanaqa xalq, sizda ular haqida qanday taassurot paydo bo‘ldi?

— Italiyani bu yerdagi o‘zbeklar ikkinchi O‘zbekiston deyishadi, chunki o‘xshash jihatlari ko‘p. Italyanlar bolajon, oilaparvar va ular ham ovqatlanib suhbatlashishni sevishadi, xuddi bizdagi choyxonalar kabi. Punktual emas, doim kechikib yurishlari, hujjatbozlik, byurokratiyalari ham qisman o‘xshash.

Italyanlar boshqa Yevropa xalqlaridan anchagina farqli millat. An’analarini juda hurmat qiladi, oilasidan, ota-ona, buvilaridan doim xabar olib, birga ovqatlanishadi, parklar va dam olish joylariga ham bolalari bilan borishadi.

Shuningdek, italyanlar o‘zaro birlasha oladigan xalq. Deylik, qaysidir jurnalist, o‘qituvchi, shifokor bo‘ladimi – huquqi toptalsa, birlashib qarshi chiqa oladi. Berluskoni bosh vazir bo‘lgan vaqtda bir jurnalist uni sudga berib yutib chiqqan.

Italyanlar katolik cherkovi markazi bo‘lgani uchun ayniqsa Rimda dinga munosabat yaxshi. Nafaqat katolik, balki boshqa dinlarni ham hurmat qilishadi, tolerantlik kuchli; bir gal aylanishga chiqqanimda, ro‘molimni ko‘rib musulmon ekanimni bilib, «Assalamu alaykum» deya salomlashishgan. Bu ularning boshqa din vakiliga hurmatidan deb bilaman.

— Italiyaliklar qaysi kasb egalarini eng faxrli hisoblashadi?

— Bu yerda qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, ishiga astoydil yondashgan odamni birday hurmat qilishadi. Oddiy oshpaz yoki farrosh bo‘ladimi – o‘z kasbida usta bo‘lsa, qadrlanadi. Shu bilan birga, shifokor va o‘qituvchilarga alohida hurmat bilan qarashadi.

— Italiya qishloqlarida bo‘ldingizmi? O‘zbekiston bilan taqqoslay olasizmi?

— Italyan qishloqlari o‘zimizning Baxmal, Zomin manzaralariga juda o‘xshash. Umuman italyanlar tabiatni juda sevadi, bo‘sh vaqt topdi deguncha tabiat qo‘yniga sayrga chiqishadi. Rim yaqinidagi joylarga bordim, lekin u joylarni qishloq ham deb bo‘lmaydi. Sababi tabiat bag‘ridagi bu joylarda turmush kechirish uchun barcha infratuzilma bor va shaharliklar shu yerlarda ko‘proq dam olishga kelishadi.

Karantin sababli hali Rimdan boshqa shaharlarga chiqa olmadim. Lekin yozda boshqa shaharlar va Yevropa davlatlarini aylanishni reja qilyapman.

— Sizningcha, maqsadga erishish uchun eng muhim jihatlar qaysi?

Umuman, maqsadga erishishda hech narsa: yosh ham, moddiy imkoniyat cheklangani ham to‘siq bo‘la olmaydi. Muhimi, siz olg‘a harakat qiling, til o‘rganing va ortga chekinmang.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid